09:16 / 14.07.2019
8 169

SSSR odamlarni nima qilgan?

SSSR odamlarni nima qilgan?
SSSRni o‘zining sutemizuvchisi deb hisoblaydiganlar parchalanish haqida gap ketganda bir jumlani ishlatishni juda yaxshi ko‘radi – “Gorbachyov barini izdan chiqardi”.

Aslida anchadan beri SSSRda pishib yetilib kelayotgan muammolar to‘qsoninchi yillarga kelibgina namoyon bo‘ldi.

Aynan sovet tartibi davrida odamlar ishlashni esdan chiqardi, davlat boshqaruvidan chetlashtirildi, boylardan va umuman har qanday xususiy mulkdan nafratlanishni o‘rgandi, shuningdek ommaviy ravishda ichkilikbozlikka ruju qo‘ydi.

Xullas, quyida SSSR aslida odamlarni nima qilganini 7 bandda ko‘rib chiqamiz.

1. Ishlashdan bezdirdi
SSSRning o‘zidan qoldirgan salbiy oqibatlaridan biri shuki, sovet hukumati odamlarni ishlashdan butunlay bezdirib tashladi. SSSR payti odam o‘z mehnati natijasidan manfaatdor bo‘lmagan, ustiga-ustak bu ishlab chiqarishning barcha tarmoqlariga xos edi.

Zavod direktori mahsulot sifatini emas, rejani qanday bajarish haqida o‘ylagan, sex boshlig‘i bironta odam mast holda dastgohga yaqin kelmasligini nazorat qilib turgan, chilangar Vasya esa ko‘proq tushlikda gazakka nima yeyishni o‘ylagan.

Mahsulotning past sifati va ichkilikbozlik uchun hech kim ishdan bo‘shatilmagan, bu “rivojlangan sotsialistik jamiyat” belgisi sifatida ko‘rilgan. Ishlab chiqarishdagi yalqov va ichkilikka mubtalo bo‘lgan odamga, unga “so‘nggi ogohlantirishlar”ni bergan holda, oxirigacha sabr qilishgan.

Sovet jamiyatining mehnatga bo‘lgan munosabati xuddi shu maqoldagidek bo‘lgan: “askar uxlamoqda – xizmat o‘tmoqda”.

Hamma faqat eng oxirgi palladagina ishdan chetlatilishi mumkinligini bilib yashagan va “modomiki hammaga bir xil oylik berilar ekan, ko‘proq ishlashning nima keragi bor” degan qarash bilan ishlashgan.

1991 yilga kelib kapitalistik munosabatlar boshlandi – barcha yalqov va bilmasvoylarni zavod va boshqa idoralardan qisqartira boshlashdi, chunki ular pulni ko‘kka sovurishdan bo‘lak hech bir ish qilmagan.

Hozir mundaylar SSSR payti qanday yaxshi yashaganligi, “davlat ularga oylik berib turgani” va “la’nati” to‘qsoninchi yillar barchasini rasvo qilgani haqida so‘zlashni juda yaxshi ko‘radi.

2. Fuqarolarni davlat boshqaruviga aralashtirmagan
SSSR zulmat bo‘lgan, shuning uchunki, unda bir siyosiy guruh (bolsheviklar) hokimiyatni noqonuniy yo‘l bilan egallab turgan va o‘zini so‘nggi bosqichdagi haqiqat tashuvchi, boshqa partiya va harakatlarni esa dushman deb e’lon qilgan.

70 yildan ko‘p vaqt davomida mamlakat fuqarolari davlat boshqaruvida ishtirok etishdan butunlay mahrum bo‘ldi va KPSS quli sifatida kun kechirdi.

Sovetcha “saylov”larda faqat bir kommunistik nomzod bo‘lgan, ushbu “saylov”lar qatnashchilariga esa saylov uchastkalariga kelish va o‘sha nomzod uchun tantanali ravishda galochka qo‘yish taklif etilgan, xolos.

Eng kulgilisi nimada, bilasizmi? KPSSga nisbatan qo‘llaniladigan “partiya” so‘zining o‘zi bema’nilarcha jaranglaydi, negaki “partiya” so‘zi “qism, bo‘lak” sifatida tarjima qilinadi, ya’ni bu so‘z ostida “parlamentdagi bir bo‘lak” nazarda tutiladi.

Axir KPSS o‘z muxoliflarini jismonan yo‘q qilib, uzoq yillar davomida hokimiyatni butunlay (noqonuniy) egallab o‘tirdi. Odatda tarixda bunday holatlar yaxshilik bilan tugamagan, vaqt o‘tishi bilan odamlar o‘zi va tashqi dunyo haqida ko‘p narsalarni bilib boravergan.

Agar demokratik davlatlarda avlodlar almashinuvi o‘zidan-o‘zi sodir bo‘lsa, SSSRga o‘xshagan yopiq mamlakatlarda barchasi fojia bilan yakun topgan – chunki taxtga yopishib olgan taraqqiyot dushmanlari yaxshilikcha ketishni hech qanaqasiga xohlamaydi. Bunga yo‘l qo‘ymaslikning hech qanday mexanizmi o‘ylab topilmagan – SSSRda, odatdagidek, hokimiyatdan o‘z istagi bilan ketganlar bo‘lmagan.

3. Xususiy mulkdan judo qildi, boylardan nafratlanishni o‘rgatdi
Markschi va bolshevikchilar fikricha, xususiy mulk – juda yomon, u kishini qandaydir zolimga aylantiradi, agar u nimagadir ega bo‘lsa – xuddi Kashsheydek yana-da ko‘prog‘iga ega bo‘lishni xohlab qoladi. Umuman olganda bolsheviklar mol-mulkni aqlga sig‘mas uydirmalar bilan ta’riflab kelgan.

Aslida aynan kambag‘al odam hamma narsadan g‘azabnok bo‘ladi – chunki u och va doim qorin to‘ydirish g‘ami bilan yuradi. O‘zining yashash tarzidan – uy, kiyim-kechak, oziq-ovqatdan – ko‘ngli to‘q boy odam esa qandaydir yangi, qiziqarli va foydali narsa qilish haqida o‘ylaydi, yangi bizneslarni yo‘lga qo‘yadi, dunyo kezadi, odamlarga yordam beradi va hokazo.

Xususiy mulk yo‘q bo‘lgan jamiyatni ijaraga olingan uyga qiyoslash mumkin. Agar inson o‘zini o‘z uyining qaysidir qismini to‘laqonli egasidek his qilmasa, unda bu joy doim tanazzulga qarab ketadi – “modomiki bu baribir mening joyim emas ekan, men bundan vaqtinchalik muddatga foydalanar ekanman, ertaga mening joyimga boshqasi kelishi aniq ekan, nega bu yerni saqlashim, ozoda tutishim kerak” tartibi ishlay boshlaydi.

Aynan sovetcha andozadagi ijara uylari misolida xususiy mulksiz hayot qanday bo‘lishini ko‘rish mumkin – bu irqit, beorom va uvadasi chiqqan joyki, u yerda “atrofdagi hamma narsa kolxozniki, tevarakdagi bari narsa hech kimniki” bo‘ladi.

4. Ichkilikka o‘rgatdi
Aynan sovetcha tartib o‘zining kelajagi yo‘q hayoti bilan ommaviy ichkilikbozlikni dunyoga keltirdi. Eng dahshatlisi – SSSRda tabiiy vino va pivo ichishmagan.

Past sifatli spirtga har xil bo‘yoq beruvchi va boshqa kimyoviy moddalarni aralashtirish natijasida, tamoman sog‘likni o‘ldiruvchi, shaldir-shuldur qorishma iste’molda bo‘lgan.

5. Odamlar orasiga dushmanlik urug‘ini sepgan
SSSR muxlislari go‘yoki sovet davrida hamma do‘stona yashagani, darvozalar berkilmagani, hamma bir-birining uyiga mehmonga xokkey yoki KVN tomosha qilishga borib turganligi va dunyoda eng zo‘ri sovet muzqaymoqlari bo‘lgani haqida gapirishni sevadilar.

Aslida sovetcha muhit o‘zaro xusumat eng cho‘qqisiga chiqqan jamiyat bo‘lganki, aynan SSSRda ʼʼichki dushmanʼʼ degan tushuncha mavjud bo‘lgan. “Sovet kishisi” tushunchasiga mos kelmaydigan har qanday odam “xalq dushmani” sifatida ko‘rilgan – bundaylarni turli yillar davomida “shpion”, “zararkunanda”, “stilyaga”, “chayqovchi”, “g‘arbcha hayot tarafdori”, “plyuralist”, “bevatan kosmopolit” kabi yorliqlar bilan ayblab kelishgan.

Bu shuning uchun bo‘lganki, bolsheviklar 1917 yilgi davlat to‘ntarishidan beri oyoqlari ostida havf-xatarni his qilib yashab kelgan va mag‘lub bo‘lishi aniq bo‘lgan bironta siyosiy munozaralarga yo‘l qo‘yishmagan.

Mubohasa o‘rniga ular bolsheviklar fikriga qo‘shilmaganlarni “xalq dushmani” nomi bilan tamg‘alab, har qanday yo‘l bilan yakson qilib kelgan. Yolg‘iz misol – GULAG.

Bu vasvasaviy davrni biz bugun ham his qilib kelmoqdamiz – agar G‘arbda siyosiy muxoliflar bir-biri bilan (eng avvalo shaxsiyatini) izzat-hurmat qilgan holda muomala qilsa, sobiq SSSRda bolsheviklar avlodlari odatda o‘z muxolifiga nisbatan “Liberast! Vataningni necha pulga sotding” o‘shqirig‘i bilan muomalada bo‘ladi.

6. “Atrof to‘la dushmanlar” degan fikrga o‘rgatdi
Ichki dushmanlardan tashqari sovet fuqarolariga SSSRni yo‘q qilmoqchi bo‘lgan uyqudagi tashqi dushmanlar haqida ham doimo aytib kelingan.

Ma’lum bo‘lishicha, SSSR gir atrofida “dushmanlik halqasi” hukm surgan. SSSRning Afg‘onistonga qo‘shin kiritishiga qarshi BMT noroziliklarini sovet televideniyasi shunday yoritgan – “SSSR tevaragida adovat halqasi yana taranglashib bormoqda”.

Vaqti-vaqti bilan sovet fuqarolariga ushbuni ham ayta olishgan – “aslida G‘arbda shunday mazlum ishchi-dehqonlar yashaydi, xuddi bizda 1917 yilda bo‘lganidek. Lekin mahalliy kapitalistlar sovetcha hokimiyatni qurishga xalal bermoqda”.

Shu tarzda fuqarolarni SSSRning G‘arbga qarshi ehtimoliy urushiga tayyorlab borishgan, urushki, unda sovet askari begona mamlakatning talonchisi emas, aksincha kapitalistik zulmdan jabr chekayotgan mazlum xalqlarning xaloskori sifatida namoyon bo‘lishi kerak bo‘lgan.

7. Kelajakni o‘ldirdi
Ha, aynan SSSR o‘zining ko‘klarga ko‘tarilib maqtalgan “barqarorligi” bilan odamlarni kelajakdan mahrum qildi.
SSSRning aksariyat fanatlari “exx, to‘qsoninchi yillar bizni kelajakdan judo qildi!” deb yig‘laydi.

Birodarlar, bizni kelajakdan mahrum qilgan – bu to‘qsoninchi yillar emas, balki SSSRning o‘zidir.
To‘qsoninchi yillar bizni shunchaki reallikka olib chiqdi.

ʼʼILDIZʼʼ telegram kanalida o‘zbek tiliga ag‘darildi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » SSSR odamlarni nima qilgan?