O‘zbekistonda avgust oyi davomida elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun ehtiyojmand oilalarga jami 4,1 milliard so‘m kompensatsiya mablag‘lari ajratildi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lumot berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, ushbu mablag‘ belgilangan me’yordan ortiq sarflangan elektr energiyasi va gaz to‘lovini qoplashga yo‘naltirilgan. Prezident qaroriga muvofiq, aholiga elektr energiyasi bo‘yicha 150 kVt va tabiiy gaz bo‘yicha 150 kub metrdan ortiq sarf etilgan qismi uchun bazaviy me’yor va oshirilgan narxlar orasidagi farq davlat hisobidan qoplab beriladi.
Avgust oyida kelib tushgan arizalar asosida 222 ming 887 oilaga kompensatsiya tayinlandi. Shu bilan birga, 1 million 711 mingdan ziyod ehtiyojmand oila umumiy tartibda kompensatsiya olish uchun murojaat etgan.
Hisobot oyida ajratilgan mablag‘larning 3,6 milliard so‘mi elektr energiyasiga, 552,7 million so‘mi esa tabiiy gaz to‘loviga yo‘naltirilgan. Bu ko‘rsatkich may—avgust oylari mobaynida 350,6 ming oilaga to‘langan 17,3 milliard so‘m kompensatsiya tarkibidagi navbatdagi ulush hisoblanadi.
Energetika vazirligi qayd etishicha, iyul oyida 278,1 ming oilaga 5,8 milliard so‘m to‘langan bo‘lib, bu iyun oyiga nisbatan 71,3 ming oilaga ko‘proqni tashkil etgan.
Eslatib o‘tamiz, 1 iyundan boshlab ehtiyojmand oilalar uchun gaz va elektr energiyasi bo‘yicha kompensatsiya arizalari qabul qilinmoqda. Yangi tartibga ko‘ra, bu to‘lovlar faqat qish oylarida emas, balki yilning har oyida amalga oshiriladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!