08:50 / 14.09.2019
4 283

Onasiga kredit oldirgan farzandlar

Onasiga kredit oldirgan farzandlar
Hanifa xola degan qo‘shnimiz bor edi. “Qotgan noningiz bormi? Bo‘lsa bering, qushlar deraza oldiga keladi, suvga bo‘ktirib qo‘ysam yeyishadi”, deb qo‘ni-qo‘shnilardan qolgan-qutgan nonlarni terib yuradigan odat chiqardi. Xola negadir keyingi paytlarda ozib-to‘zib ketayotgandi. Ijara uyda yashardi. “Juda arzon uyda yashayman, deb zax bo‘lsa ham indamayman” – derdi. Choli vafot etgan, pensiya pullariga qo‘shib bevalik nafaqasi ham olardi. Ochiq yuzli, hazilkash Hanifa xola ketib, o‘rniga kamgap va o‘ychan Hanifa xola kelib qolgandi.

Bir kuni onam do‘lma pishirdilar. Bir tovoq do‘lmani tutqazib:
— Bor, qizim, Hanifa xolangga bergin, issiqqina yeb olsinlar, – dedilar.

Hanifa xolaning eshigini taqillatdim. Yetmish besh yoshda edi, sekin-asta eshikka yaqinlashib “Kim?” deya so‘radi.
— Men, Zaynabman, Hanifa xola.
— Kela qol, qizim, – dedi eshikni ochib.
— Oyim sizga do‘lma berib yubordilar, – degandim, qo‘limdan olib, yuzimga bir qur nazar tashlab yutindi-da: “Alloh rozi bo‘lsin, qizim! Men ham endi ovqat qilmoqchi edim, shuni yeb qo‘ya qolaman”, – dedi.
— Xola, oyim idishni olib kelishimni tayinladilar, – dedim.

Hanifa xola eshikni yopmasdan oshxonaga o‘tdi. Ichkariga qaradim. Xona qorong‘i edi. Chiroqni yoqdim. Stol ustida bir kosa suv va likopchada suvga bo‘ktirilgan non bo‘laklari turardi. Darhol eshikka chiqdim. Hanifa xola idishimizni tutqazdi:
— Ikki dunyoda aziz va mukarram bo‘linglar, bolam!

Xola bilan omonlashib, uyga qaytganimda onam yuzimga hayron tikildilar:
— Ha, nima bo‘ldi? Rangu ro‘ying bir ahvolda.
— Oyi, Hanifa xola taqsimchaga qotgan nonlarni to‘g‘rab yeyotgan ekan.
— Yo‘g‘-yey, qizim, yanglish ko‘rgandirsan. Otang ham pensiyada, biz shuncha odam otangning pensiyasiga yashaymiz. Hanifa xolang ham otang bilan bir xil pensiya oladi. Qushlar uchun to‘g‘rayotganini ko‘rgansan. Biz uch kishi o‘ynab-kulib yetkazayotgan pensiya pulini Hanifa xolang yolg‘iz o‘zi sochib-sochib sarflaydi, bolam.

Ertasi kuni oqshomda onamdan nima ovqat pishirganlarni so‘radim. Go‘shtli loviya pishiribdilar. Ichimni it tirnardir. Kechki ovqatga o‘tirishdan oldin: “Oyi, Hanifa xolamga bir kosa olib boray”, – dedim.
— Olib borsang-ku mayli, lekin loviya kabob-da. Yaxshi ovqat emas...
— Mayli, bering obora qolay, – deya bir zumda qaynoq idishni ko‘tarib Hanifa xolanikiga bordim. Menligimni eshitib, eshikni kulimsirab ochdilar.
— Oyim loviya kabob yubordilar, bilmadim, siz yoqtirasizmi...
— Ne’matni ajratmayman, go‘zal qizim, albatta, yaxshi ko‘raman. Alloh rozi bo‘lsin! Yana idshimizni qaytarib berishini so‘radim. Hanifa xola oshxonaga kirganda, men ichkariga razm soldim. Stol ustida bir kosa suv, suvga bo‘ktirilgan quruq non va kecha olib kelganim do‘lmadan to‘rt dona turardi... So‘ramoqchiydim, so‘ragim kelardi. Yuragim ezilayotgandi.

Hanifa xola meni eshik oldida ko‘rmay ichkariga yonimga keldilar. Xuddi “so‘ra” deyotganday yuzimga qarayotgandilar va so‘radim:
— Bu qotgan nonlarni o‘zingiz yeyapsizmi? Qushlarga bermoqchi edingiz-ku?
Moviy ko‘zlaridan yoshlar suzilib oqaverdi. Xafa qilib qo‘yganimni yaxshi tushunmadim, lekin yig‘latib qo‘ydim.

— Ha, o‘zim yeyman, jonim qizim. Bir qizim va bir o‘g‘lim bor. Bu yerda yashashmaydi. Boshqa shahardalar. Ikkovi ham ishlaydi. Mashina olisharmish. Menga kredit oldirishdi. Qo‘limda qoladigan pul faqat ijaraga, chiroq va suvga ketadi. Uch-besh chaqa yo qoladi, yo qolmaydi qo‘limda. Non so‘ray olmadim. Mayli, qo‘l sinsa, yeng ichida... Uch yil bir amallab chidayman. Hech kimga aytmagin, xo‘pmi?

Ko‘zlarimdan yosh quyildi. Idishni olib eshikdan chiqarkanman, “Hech kimga aytma, go‘zal qizim!” deya ovoz berib qoldi. Uyga kelib bor ovozim bilan yig‘ladim. Ahvolimni ko‘rib hayratdan qo‘rqib ketgan onamga ham aslida nima gapligini bildirdim. Ular ham juda xafa bo‘ldilar.

— Men bunday vijdonsiz farzand bo‘lmayman, onajon, – deya yig‘ladim. Uch yil butun mahalla Hanifa xolaga yordam berdik.
Ikki oy avval undan ajrab qoldik. Betob ekan, o‘qishdan qaytishda yo‘qlab o‘tdim.
— Bag‘rikeng qizim, sen keldingmi? Shukr, qarzimdan qutuldim, – dedi.
— Endi xotirjam yashaysiz, xolajon.
— Ha, sening sharofating bilan uch yil g‘am-qayg‘usiz o‘tdi. Rabbim seni siylasin!

Ikki kundan keyin vafot etdi. Yuragim ezildi. Onasini shu ahvolga solganlarni nima deyishni bilmayman. Hanifa xolaning joyi jannatda bo‘lsin. Alloh hammaga xayrli, imon-insofli farzandlar bersin.

Turkchadan Umida Adizova tarjimasi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Onasiga kredit oldirgan farzandlar