14:38 / 02.11.2019
3 546

"Ko‘zim ko‘r, qulog‘im kar, soqovman..."

"Ko‘zim ko‘r, qulog‘im kar, soqovman..."
“Keling, keling, nima xizmat”, - qarab turdim bir soniya unga. Ko‘zoynagini yana yaxshilab qadab, shu so‘zni qaytardi. Ammo yuzi qizarib, ko‘zini olib qocha boshladi.
- Assalomu alaykum, Laylo Shukurova.
- Vaalaykum assalom. Eshitaman.
- Men sizning sinfdoshingiz Shahlo bo‘laman. Tanimadingizmi?
- Yo‘q. Sinfdoshlarimni yaxshi taniyman, ammo sizni tanimadim.

Bu yolg‘on gap edi. Chunki biz 10 yil bir sinfda yonma-yon o‘tirib ulg‘ayganmiz. Yana, yaqin dugona edik. “Mayli, -dedim o‘zimga-o‘zim. Hayot-da bu, balki xotirasi parishon bo‘lgandir.”
- Uzr, Laylo Shukurova.
- Hechqisi yo‘q. O‘rganib ketganman. Xullas sizni eshitaman.
- Ha, men sizni izlab keldim.
- Hmm, agar ishga joylashmoqchi bo‘lsangiz, ish joylari bor. Korxonamizga ishchilar, malakali ishchilar kerak. Faqat...
- Xo‘sh, faqat nima?
- Endi agar yaxshi joyni egallashni istasangiz. “Bor tovog‘im, kel tovog‘im”, – degandek.
- Ha.. shunday deng. Xo‘p, bu boradigan tovoqda nima bo‘lsin, oshmi, mantimi nima?
- Karam do‘lmani xush ko‘ramiz.
- Qaysi ish joyiga, nechta karam do‘lma bo‘lishi kerak.
- Pog‘onasiga qarab. Eng baland pog‘onasi 10 ming karam do‘lma.
- Ko‘p emasmi?
- Nima uchun ko‘p ekan?
- Axir bor yo‘g‘i tikuvchilik sexi bo‘lsa. Unda eng baland pog‘ona ish yurituvchimi?
- Shunday desa bo‘ladi..
- Ha bu qo‘limizdan tikish kelmasa-chi.
- Karam do‘lmalar tikishni o‘rgatadi.

O‘rtamizda o‘tgan qisqa suhbat shunday bo‘ldi. Agar u meni tanimasa, bilmasa, darrov shu gapdan boshlar edimi? Yo‘q albatta. 10 yil bir sinfda o‘qib, o‘rtadagi diydor, mehr 10 ming karam do‘lma bo‘ldimi?! Kulishni ham, yig‘lashni ham bilmadim. Yana so‘zimda davom etdim.
- Men sizga ish izlab kelmadim, boshqa yumush bilan kelgan edim. Shu desangiz qishloqda...
- Qanaqa qishloq, qaysi qishloq.
- O‘zingiz ulg‘aygan qishloqdan onangizning salomini olib keldim. Mana bularni sizga berib yubordilar.
- Onam, mening onam uyimda. Siz kimsiz o‘zi?
- Onangiz karam do‘lma o‘rashni bilmaydilar. Ancha keksayganlar, bog‘dan orttirgan ozgina turshak, yong‘oq, olma, xurmo va tandir non.
- Men sizga hozir nima dedim. Mening onam uyimda.
- Ehe, a bu tovoqlarda nozlanib tortilgan karam do‘lmalar, sizni ko‘zingizni ko‘r, qulog‘ingizni kar, tilingizni duduqlantirib qo‘yibdiku. Soqov bo‘lib qolmang.
- Men sizga nima dedim, chiqing xonadan, yo‘qsa soqchilarni chaqiraman.
- Laylo, hayotni sahnaga aylantirma, seni onang kutib o‘tiribdi. Ancha keksayib qolgan, ko‘zlari xira, xoldan toygan, sog‘ingan. Qishloqqa bir borib xabar olsang.

U bir muddat sukut saqladi. Va vazminlik bilan dedi:
- Men bu yerda nufuzli odamman. Qo‘lim uzun. Laylo Shukurova bo‘ldim.
- Harom luqma evazigami?
- O‘chir ovozingni, men bilan bu ohangda gaplashako‘rma, sen kimsan o‘zi?
- Men-ku inson bolasiman, sen kimsan?
- Chiq dedim.
- Xo‘p, lekin yemoqning qusmog‘i bor. Keyin lagan-lagan karam do‘lmalarga ona mehrini sotib ololmaysan.

Jahl bilan chiqib ketdim. Essiz inson bolasi. Bu pul uni qanday qiyofalarga solmaydi. Qalbini to‘sibdi, o‘zligidan tondiribdi. Har holda bobosining ismi qolibdiku. Laylo Shukurovaning. Men qishloqqa ana shu zayl ko‘zim ko‘r, qulog‘im kar, soqovga aylanib qaytdim. Chunki Mohira buvini ranjitgim yo‘q edi.
Nargiza Kamalova

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » "Ko‘zim ko‘r, qulog‘im kar, soqovman..."