
Qimorning tavsifi
Gardkamchilikka asoslangan o‘yinlarni anglatuvchi arabcha “qimor” so‘ziga (“maysir” atamasi ham shu ma’noda ishlatiladi) bir nechta ta’riflar berilgan. Abu Ubayd: “Xatarli ushbu o‘yinda qaysi guruh boshqalarning mulki(mablag‘i)ni olib ketishi ma’lum bo‘lmaydi” degan. Al-Baliy esa: “G‘olib mag‘lubning mulkini oladigan har qanday o‘yin shunday deb ataladi” deydi. Abu Bakr ibn al-Arabiy: “Bir kishi boshqasiga o‘yin natijasida yutgan mulkni olishi taklif etilgan biron-bir ish yoki so‘z bellashuvi” deb aytadi.
Shunday qilib, “qimor” – ishtirokchilar o‘rtasida bellashuv va raqobat, xatarga asoslangan munosabat bo‘lib, unda g‘olibning mukofoti mag‘lubning mulki evaziga paydo bo‘ladi.
Qimor o‘yinlarining foydasi to‘g‘risida
Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
“Sendan xamr va qimor haqida so‘rarlar. Sen: «Ikkisida katta gunoh va kishilar uchun manfaat bor va gunohlari naflaridan kattadir», deb ayt”… (Baqara surasi, 219-oyat).
Qimor o‘yinlaridan qanday manfaat topish mumkin?
– inson shaxsiyatini namoyon qilish, bahsda yutib chiqish orqali o‘z kibru-havosini qanoatlantirish, o‘yin-kulgu, xursandchilik, sayru-tamosha, bellashuvga bo‘lgan ishtiyoqlarini qondirish;
– mag‘lubning mulkini yutib olish imkoniyati;
– shuhrat qozonish imkoniyati;
– tashkilotchilar uchun daromad (tashkilotchi jamoat tashkiloti yoki xususiy shaxs bo‘lishi mumkin);
– kambag‘allar uchun daromad (xayriya lotereyalari o‘tkazilgan taqdirda);
– davlat xazinasiga tushumlar (qimorxona egalari, tashkilotchilar va g‘oliblar olgan foydadan yig‘ilgan soliqlar hisobiga).
Qimor o‘yinlarining zarari
– halol mehnat qilmasdan tasodifiy omad hisobiga pul topish odatining shakllanishi;
– dangasalikka ko‘nikish;
– o‘rganib qolish, ya’ni xuddi xamr yoki giyohvand moddalar singari qimor o‘yinlari insonni qamrab oladi va asta sekin o‘z domiga torta boshlaydi. Ba’zan mana shunday mayl haddan ziyod o‘rganishga, ya’ni berilib ketishga olib boradi – o‘z butlariga sodiqlardagina shunday bo‘ladi.
Aynan shu sabablarga ko‘ra, qimor o‘yinlari Alloh taolo tomonidan Qur’oni karimda xamr, butlar va fol cho‘plari bilan bir qatorda yodga olinadi.
“Ey iymon keltirganlar! Albatta, xamr, qimor, butlar va (fol ochadigan) cho‘plar iflosdir. Shaytonning ishidir. Bas, undan chetda bo‘ling. Shoyadki, najot topsangiz.
Albatta, shayton xamr va qimor tufayli oralaringizga adovat va yomon ko‘rishlikni solishni hamda sizlarni Allohning zikridan va namozdan to‘sishni xohlaydi. Endi to‘xtarsizlar?!” (Moida surasi, 90-91 oyatlar)
Inson yutqazishi bilan unda qayta o‘ynash, o‘zi uchun “qasos” olish, obro‘sini saqlab qolish va yutqazgan pullarni qaytarib olish fikri paydo bo‘ladi. Agar yutib olsa, o‘yinni yana davom ettirish, g‘alabadan shavqlanish, o‘zidan g‘ururlanish, unda yanada ko‘proq shuhrat va pul topishni istagi paydo bo‘ladi, agar yutqazgan kishining chaqirig‘ini qabul qilmasa, qo‘rqoq deb nom chiqarishdan cho‘chiydi;
– o‘yin so‘kinish, uyat so‘zlar aytish, nomaqbul gaplar bilan bo‘ladi. Yurak iltifotsiz bo‘lib qoladi, kishi namozdan, diniy va maishiy majburiyatlardan chalg‘iydi (xususan, oila va bolalar oldidagi majburiyatlarga bee’tiborlik qilishni boshlaydi);
– qimor o‘yinlari – iqtisodiy faoliyat emas, bunda jamiyat boyimaydi, pullar bir qo‘ldan ikkinchisiga o‘tadi, xolos;
– qimor o‘yinlari oilalarning buzilishiga, insonlarni jinoyatga yetaklaydi(o‘g‘rilik, o‘z-o‘zini o‘ldirish, amaldorlarga pora berishga, ularni esa pora hisobidan yashashga o‘rgatadi;
– lotereya o‘ynaydiganlarning aksariyati aholining kambag‘al qatlamiga taalluqli bo‘ladi;
– yutganlar juda kam, yutqazganlar esa juda ko‘p bo‘ladi.
Nashrlardan birining xabariga ko‘ra, bir arab tadbirkori Fransiyadagi kazinoda bir kechada 14 mln. dollarni sovurishga ulgurgan ekan!
Vashingtondagi Uitmen kolleji matematika professori Larri Anderson aytadi, “Har biriga 100 ming kishi sig‘adigan 35 ta futbol maydonini ko‘z oldingizga keltiring. Har bir muxlis o‘rindig‘ida raqam bor. Shunday qilib, tanlov g‘olibi 3 500 000 raqam ichidan tasodifiy tarzda tanlab olinadi. Sizni buning uchun o‘zining pulini to‘lab, g‘oliblik o‘rni uchun kurashishga majbur qila olgan reklama kompaniyasi qanday bo‘lishini endi ko‘z oldingizga keltira olyapsizmi? Mana siz televizorda oxirgi lotereya g‘olibi o‘zining ta’tilini maftunkor dam olish joyida qanday o‘tkazayotganini ko‘rib turibsiz. Ammo o‘yin tugashi bilan siz hamma yutqazganini, faqat bir kishi yutganini bilasiz. Barcha tomoshabinlar, barcha muxlislar, barcha qatordagilar…
Shovqin tindi, umidlar sarob bo‘ldi, 3 499 999 kishi bu o‘yinda yutqazdi. Lotereya tashkilotchilari biz to‘lagan pullarni yig‘ib oldilar, biz esa hech narsa ololmadik. Ular bizning his-tuyg‘u va orzu-istaklarimiz bilan o‘ynashdilar. Biz mana shu bahsga rozi edik, lekin hech kim bizga yutish va mag‘lub bo‘lish nisbati 1 ga 3 500 000 ekanini aytmadi, biz hatto unga e’tibor ham bermadik… Shubhasiz, ko‘plab bechoralar tez va oson boyib ketish umidida lotereyalarda qatnashadi.
Tijorat reklamasi faqat ularning qiziqishlarini kuchaytiradi va ushbu bechoralarga har qanday qiyinchilikdan holi, farovon hayotni va’da qiladi. Buning uchun qilinishi lozim bo‘lgan yagona ish – imkon qadar tezroq (ertaga emas, hoziroq!) lotereya chiptasini sotib olishdir! Pulini to‘lamagan g‘alabani ko‘rmaydi. Lotereya tarqatuvchilari sizni hech kim chipta sotib olishga majburlamaganini aytib, o‘zlarini oqlaydilar. Agar kimdir chiptani sotib olgan bo‘lsa ham, u barcha bilan tengma-teng, barcha ishtirokchilar – kattalar, erkin, aqlli, o‘ziga javob beradigan, qatnashish yoki qatnashmaslikni hal etadigan odamlar bilan ishtirok etadi. Lekin bunday uzrlarning muammosi shundaki, aksariyat odamlar bu o‘yinlardagi haqiqiy imkoniyatlarini bilmaydilar, ehtimol bilganlarida o‘zlarining g‘alaba qilish imkoniyatlarini to‘g‘ri baholay olgan bo‘larmidilar…
Lotereyalar haqidagi hech bir reklama e’lonida siz, 1 dona chipta sotib olsangiz, imkoniyatlaringiz 1 ga 3 500 000 teng bo‘lishini eshitmaysiz (ya’ni siz birinchi marta yutishingiz uchun 9500 yil kutishingiz kerak bo‘lishini bilmaysiz). Bundan tashqari, ular lotereyadan olingan daromaddan qanchasini cho‘ntaklariga urishga ulgurganliklarini albatta berkitadilar. Siz agar bularni bilganingizda edi, hech qachon ularning navbatdagi qurboni bo‘lishga rozi bo‘lmagan bo‘larmidingiz…
Qimor o‘yinlarining tarqalishi
Qimor o‘yinlari ko‘proq ayrim ulamolar “kazino kapitalizmi” deb atagan kapitalistik mamlakatlarda tarqalgan. To‘g‘ri, sotsialistik davlatlarda ham qimor o‘yinlari o‘tkazib turilgan, chunki davlat agar monopol huquqidan foydalanib, hech qanday xususiy ishtirokchilarni o‘yinga qo‘ymasa, u holda bunday faoliyatdan yaxshigina daromad oladi.
Bugungi kunda qimor o‘yinlarini yetarli darajada uchratish mumkin – bu interfaol televizion o‘yinlar, turli ommaviy axborot vositalari orqali biron-bir mahsulot yoki xizmatni tomoshabinlarga “o‘tkazish” ilinjida o‘tkaziladigan o‘yinlardir.
Masalan, Buyuk Britaniyada aholining 2/3 qismi har hafta lotereya chiptalarini sotib oladi. Lotereya tashkilotchilarining daromadlari 5 mlrd. funtdan oshadi va bu britaniyaliklarning non yoki kitobga sarflaygan mablag‘idan ko‘proqdir. Bularning hammasi iqtisodiy rivojlanishning sustlashishiga olib keladi, chunki yuqorida aytib o‘tkanimizdek, qimor o‘yinlari biror bir qo‘shimcha qiymat hosil qilmaydigan faoliyat hisoblanadi.
AQSH aholisi turli qimor o‘yinlariga 500 mlrd. dollar xarajat qilishar ekan. Aksariyat mamlakatlar o‘z hududlarida yirik qimorxonalar (kazino) ochishga, ularning yordamida sayyohlarni jalb qilish, hamda lotereya chiptalarini sotish ortidan daromad topishga harakat qilishadi.
Rafiq Yunus al-Misriyning «Zamonaviy moliya muomalalari fiqhi» kitobidan
Botirxo‘ja Jo‘rayev tarjimasi
Botirxo‘ja Jo‘rayev tarjimasi
Manba: islommoliyasi.uz
Qimor O‘yiniQimorning FoydalariQimorning ZararlariQimor TarqalishiQimorga Yo‘lQimor Va Din O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar