date
views 3 627

Koronavirus: Keksa qarindoshlarni qanday ehtiyotlash kerak?

Koronavirus: Keksa qarindoshlarni qanday ehtiyotlash kerak?
Yosh — koronavirus kasalligi keltirib chiqaradigan o‘limga ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy omillardan biri. Covid-19 virusi ilk bora aniqlangan Xitoyda o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatadiki: odam qanchalik keksa yoshda bo‘lsa, uning uchun koronavirus shunchalik xavfli bo‘ladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, koronavirusdan o‘lim darajasi o‘rtacha 4 foiz atrofida. Ammo bu raqamni Covid-19'dan o‘lim topish ehtimoli sifatida tushunmaslik kerak. Xitoylik ekspertlar xulosasiga ko‘ra, 80 yoshdan oshgan odamlar orasida o‘lim darajasi 14,8 foiz, 10dan 39 yoshgacha bo‘lganlar orasida esa 0,4 foizni tashkil etgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi jahonning 150dan ortiq mamlakatini qamrab oldi. 17 mart holatiga ko‘ra, butun dunyoda 183 mingdan ortiq bemor qayd etilgan, ularning 79 mingdan ortig‘i tuzalib ketgan, 7175 kishi vafot etgan. O‘limlarning asosiy qismi Xitoy (3226), Italiya (2158) va Eron (853) hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Bundan tashqari, mutaxassislarning ta’kidlashicha, virusni yuqtirib olganlarning aksariyati kasallikni yengil shaklda o‘tkazib, shifoxonaga murojaat qilmaydi va qayd etilmaydi.

Shu sababli yuqtirganlar va o‘lim nisbati bir necha baravar kam bo‘lishi mumkin. Masalan, Britaniya hukumati mutaxassislari yangi koronavirusdan o‘lim darajasi o‘rtacha 1 foizni tashkil qilishini taxmin qilishgan.

Ammo keksa odamlar uchun xavf baribir yuqori. Xo‘sh, keksa odamlar va ularning qarindoshlari qanday choralarni ko‘rishlari kerak?

Niqoblar va o‘z-o‘zini davolashmi? Yo‘q!
«Avvalo, vahimaga tushmang, vaziyatga nisbatan xotirjam munosabatda bo‘ling. Nimalar tavsiya qilinadi? Masalan, biz virusga qarshi dori qabul qilish kabi choralarni ko‘ramiz. Biz bunday choralarni har yili qabul qilamiz. Keyin, agar biror narsa ro‘y bersa, niqoblardan foydalanamiz. Ammo hayot hozircha hech qanday o‘zgarishsiz», deydi moskvalik keksa yoshli Yekaterina Bi-bi-sining rus xizmatiga.

U bolalar maydonchasi yaqinida turib, boshqa bolalar bilan o‘ynayotgan va tepaga ko‘tarilishga harakat qilayotgan, keyin esa yugurib kelib uning qo‘lini ushlab turgan kichkina bolaga qaraydi.
U ta’kidlagan har ikkala chora-tadbirning samaradorligiga mutaxassislar juda jiddiy shubha bilan qarashmoqda.

Rossiyada odatda umifenovir faol moddasini o‘z ichiga olgan dorilar virusga qarshi preparatlar deb ataladi. Ularga «Arbidol» va uning muqobillari kirishi mumkin — bu dori koronavirusni davolash bo‘yicha Xitoy hukumatining rasmiy tavsiyalarida paydo bo‘lgan.
Biroq, ushbu preparatning samaradorligi va xavfsizligi xalqaro standartlarga muvofiq o‘tkazilgan tadqiqotlar bilan tasdiqlanmagan.

Mutaxassislar, shuningdek, niqoblarning havo tomchilari orqali yuquvchi viruslardan himoya qilish qobiliyatiga shubha bilan qarashadi. Bundan tashqari, hozirda dorixonalardan ularni topish oson ish emas.

Izolyatsiyami? Ha! Ammo...
Bi-bi-si Londonning Sent-Jorj universiteti virusologi va professori doktor Elizabet Groppellidan keksa yoshdagi nisbatan zaifroq insonlarni qanday himoya qilish kerakligi haqida so‘radi.

«Oddiy bir qoida mavjud: agar siz 65 yoshdan oshgan bo‘lsangiz, uyda qoling, — deydi Groppelli. — O‘zingizni himoya qilishning asosiy usullari — boshqa odamlar bilan yaqin aloqalarni cheklash va muloqot paytida masofani saqlash».

Koronavirus ikki usulda yuqadi: odamdan odamga yoki yuzalar bilan aloqa qilish orqali. Groppellining aytishicha, odatda odamlar jamoat joylaridagi turli sirtlarga qanchalik tez-tez teginishlari haqida fikr yuritishmaydi

Virusologning fikriga ko‘ra, hozirda eng muhimi buni payqashni boshlash va o‘zingizni tez-tez so‘roqqa tutishdir: supermarketga yoki bankka borishim haqiqatan ham zarurmi?

«Menga Italiyadan muntazam ravishda suratlar yuborishmoqda. U yerdagi supermarketlarda shu kabi e’lonlar ilingan: agar siz 65 yoshdan oshgan bo‘lsangiz, uyda qoling, bizga qo‘ng‘iroq qiling — sizga kerakli oziq-ovqat bizning ko‘ngillilar tomonidan yetkazib beriladi». Bu istalgan joyda paydo bo‘lishi mumkin. Ko‘ngillilar aynan Italiyadagi vaziyat tufayli shu ishga qo‘l urishmoqda», deydi Groppelli.

Sharqiy Yevropaning boshqa mamlakatlarida ham yolg‘iz keksalarga g‘amxo‘rlik qiladigan xayriya tashkilotlari va ko‘ngilli guruhlar paydo bo‘lgan. Ushbu yangi vaziyatda ular o‘zlari infeksiyaning tashuvchisi bo‘lib qolmasliklari uchun qo‘shimcha ehtiyot choralarini ko‘rishlari yetarli

Qanday qilib yuqtirmaslik mumkin?
«Bizda koronavirusdan vaksina yoki dori yo‘q. Hozir qariyalarga g‘amxo‘rlik qilish juda muhimdir. Biz ularga yuqtirmasligimiz kerak. Ehtiyot choralarini ko‘rish kerak, ammo vahima yoki paranoyyaga tushishga arzimaydi», deya eslatadi doktor Groppelli.

Keksa yoshdagi qarindoshlarni ziyorat qilishdan oldin, o‘zingizga ikkita savol bering:
- Menda harorat (37,5 yoki undan yuqori) bormi?
- Menda quruq yo‘tal bormi?

«Ammo yodda saqlang: izolyatsiya uyda qulflanib olib, ko‘chaga chiqmaslik degani emas. Bu deganiki, nima qilayotganimiz haqida doimo o‘ylashimiz kerak», deya xulosa qiladi ekspert.

AQSH kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazlari qariyalarning qarindoshlari uchun qo‘shimcha maslahatlar beradi:
- yaqinlaringiz qanday dori-darmonlarni qabul qilayotganini bilib oling va agar kerak bo‘lsa, ularga ushbu dori-darmonlarni olishga yordam berish imkoniyatingizni aniqlashtiring;
- yaqinlaringizning oziq-ovqatlari yetarlicha bo‘lishiga ishonch hosil qiling;
- keksa odamlarning xarid maqsadida tashqariga chiqishlarini minimallashtirish uchun tez buzilmaydigan mahsulotlarni sotib olish kerak;
- o‘zida shamollash alomatlarini sezgan kishilar keksa yaqinlari ziyoratidan tiyilishlari kerak.

Keksalar bilan bir oilada yashovchilar nima qilishi kerak?
An’anaviy jamiyatimizda keksa odamlar odatda bolalari va nevaralari bilan birga yashashadi. Bu kabi holatda albatta, aloqaga kirishishning oldini olish mumkin emas, lekin ba’zi bir yo‘llar bilan xavfni kamaytirishga harakat qilish mumkin.

Italiyaning La Repubblica gazetasi shu hafta mutaxassislar tomonidan uyda Covid-19 virusini yuqtirgan odam bo‘lganda o‘zini qanday tutish bo‘yicha tavsiyalar ro‘yxatini tuzdi. Ushbu tavsiyalarning ba’zilari qarindoshlaridan biri ayniqsa himoyaga muhtoj bo‘lgan vaziyatlarda juda qo‘l keladi.

Ular orasida, masalan, zaif yaqiningizga alohida va yaxshi shamollatiladigan xonani taqdim etish, u bilan suhbatlashish chog‘ida tibbiy niqob kiyish, shuningdek, oila a’zolari teginadigan barcha sirtlarni kuniga kamida bir marta dezinfeksiyalash bo‘yicha tavsiyalarni uchratamiz.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Koronavirus: Keksa qarindoshlarni qanday ehtiyotlash kerak?
-->