
Tabiiy ofatlar – insoniyat hayotiga doimiy rahna solib turadigan voqelik, shuning uchun davlatlar bu kabi favqulodda holatlarga tayyor turishga harakat qiladi. Yuqumli kasalliklar bilan bog‘liq holatlar ham shular jumlasidan.
Karantin – infeksiya tarqalishini cheklashda eng samarali choralardan biri deb topilgan, ammo uning samaradorligi davlat va jamiyatning samarali hamkorligiga bog‘liq.
Davlat favqulodda holatlarda umumjamiyat irodasini bajargani va manfaatini ko‘zlagani holda zaruriy me’yorlarni o‘rnatishi, hatto odamlardan uylaridan chiqmaslikni talab qilishi, qonunni buzganlarni jinoiy javobgarlikka tortishi mumkin. Buni oddiygina davlat hokimiyatining shaxsga nisbatan qonuniyligini sharhlab beradigan «ijtimoiy shartnoma» nazariyasi bilan tushuntirish mumkin.
Xalq va hokimiyat o‘rtasidagi siyosiy falsafa Tomas Hobb, Jon Lokk, Jan-Jak Russo, Devid Got kabi siyosiy faylasuflar davridan boshlab bizning davrgacha yuksalib keldi. Bu faylasuflarning asarlari negizida turgan siyosiy falsafa shuki – odamlar o‘z xavfsizligi, jamiyatda tartib o‘rnatish va bir qator xizmatlar joriy qilish evaziga o‘zlarining ba’zi erkinliklarini davlat hokimiyatiga taslim qiladilar.
Demak, davlat hokimiyati jamoat manfaatini ko‘zlagani holda karantin kabi cheklovlarni joriy qilishi mumkin va shu davlat hududida bo‘lgan har qanday inson unga amal qilishi shart.
Xuddi shu falsafa hukumatga karantin kabi holatlar yuzaga kelganda fuqarolarning xavfsizligi bilan bir qatorda ularni moddiy ta’min etish majburiyatini ham yuklaydi. Zotan karantin joriy qilayotgan davlat aholini nafaqat tibbiy, balki iqtisodiy qo‘llab quvvatlash choralarini ham ko‘rib chiqishi lozim.
«Davlat odamlarga iqtisodiy yordam berishi kerakmi?» degan savol bugun tez-tez yangramoqda. Davlatlar qonunlarida «karantin davrida aholining asosiy ehtiyojlari qondirilishi kerak», degan jumlani topish qiyin. Ammo koronavirus pandemiyasi qonunlarda kerakli o‘zgartishlar kiritish lozimligini muhim qilib quyishi mumkin, degan fikr qonunshunoslar xayolida aylanib yurgan bo‘lsa ajabmas.
Ba’zi davlatlar tutayotgan yo‘lga e’tibor bersak, xalqning iqtisodiy ehtiyojini ta’minlash karantin holatida davlat siyosatining muhim qismi deb qabul qilinayotganini kuzatish mumkin.
Masalan, Singapurda 21 yoshdan katta har bir fuqaroga 600 singapur dollari ($417) miqdorida mablag‘ berilmoqda. Yaponiyada daromadi keskin kamaygan fuqarolarga 300 ming iyen (2750 dollar)dan beriladigan bo‘ldi. AQSHda esa katta yoshli fuqarolariga 1200 dollardan, bolalarga 500 dollardan ajratiladi.
«Karantin davrida xalqqa moddiy yordam berish qonunchilikka kiritilmagan, demak, davlat odamlarga yordam berishi shart emas», deyish – xato. Qator mantiqiy asoslar buni tasdiqlaydi. Eng asosiysi, davlatni xalq ta’sis etgan.
Misol uchun, davlat salomatligi tufayli ishlay olmaydigan shaxslarga nogironlik pensiyalari to‘lashi hammaga ma’lum. Bu – shu shaxslarning mehnatga layoqatli emasligi davlat tomonidan e’tirof etilgani va davlat taminoti zarur deb topilgani belgisidir. Homiladorlik va bola parvarishi ta’tili bilan bog‘liq holatlarda ham kishining ishlay olmasligi sababi asosli ekani tan olinadi va iqtisodiy ko‘mak ko‘rsatiladi.
Mehnatga doir qonunlarga qarasak ham shu hol – majburan ishdan bo‘shatilgan ishchilarga belgilangan muddatda oylik ish haqining ma’lum bir qismi beriladi. Biroq O‘zbekistonda mehnat qonunlariga asoslanib yordam joriy etish oson emas, chunki norasmiy sektorda ish bilan band aholi ulushi katta.
Bu va boshqa me’yorlarni hisobga olgan holda, aholining mehnatga layoqatli, ammo karantin sabab daromadidan ayrilgan qismiga ham mehnatga layoqatsiz qatlamlarga to‘lanadigan miqdorda moddiy yordam berish mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi.
Bu ta’minot oziq-ovqat ko‘rinishida emas, aynan pul shaklida bo‘lishi muhim. Chunki har bir oilada o‘ziga xos ehtiyojlar bo‘ladi va bu ehtiyojlar faqat oziq-ovqatdangina iborat bo‘lmaydi.
Moddiy ko‘mak ko‘rsatish orqali karantin jarayonini boshqarish yengillashadi. Bundan tashqari, sarosima va u bilan bog‘liq salbiy oqibatlarning oldi olinadi.
Yana bir muhim jihat – aholiga tarqatiladigan mablag‘ tezda muomalaga kirib, iqtisodiyotning tezroq oyoqqa turishida muhim faktor bo‘ladi. Bu ko‘plab davlatlar amaliyotida kuzatilgan.
Dilsora Komil,
PhD nomzod, Britaniya Kolumbiyasi universiteti (Kanada). “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar