
Foto: BBC
Tadbirkorlikning o‘z mantig‘i, ichki mexanizmi bor. U aslo buyruq, ma’muriy chora bilan ishlab ketadigan jarayon emas. Buning uchun vaqt, muhit, sharoit, kafolat omillariga e’tibor berish kerak.
Pandemiya sababli ijtimoiy va iqtisodiy tanglikni yengib o‘tish uchun bozor iqtisodiyoti va tadbirkorlikka bo‘lgan murojaatning mantig‘i bor. Chunki biznes ishlasa, ish joylari paydo bo‘lsa, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish yo‘lga tushib, pul aylanmasi va pul oqimlari jarayonlari ishga tushib ketsa, albatta ijtimoiy va iqtisodiy tanglikni birmuncha yengishga erishish mumkin.
Lekin tushunish kerakki, tadbirkorlik buyruq, ya’ni ma’muriy chora bilan bitadigan va ishlab ketadigan jarayon emas. Uning o‘z mantig‘i, ichki mexanizmi bor. Buni yaxshi tushunish kerak.
Misol uchun, men bir necha omillarni belgilab o‘tdim. Vaqt, muhit, sharoit, kafolat omillariga e’tibor berish kerak.
Vaqt nima?
Tadbirkorlik ishga tushib ketishi uchun rejalash, tashkil qilish, juda ko‘p tayyorgarlik ishlari amalga oshirilishi kerak. Bu vaqt talab qiladi. Ijtimoiy tanglik esa kundan-kunga oshib bormoqda. Odamlarda mablag‘ kamayyapti. Daromadlardan uzilib qolgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan qatlamning ko‘lami, hajmi kun sayin oshib boryapti.
Tadbirkorlik birdaniga ish paydo bo‘lib, birdaniga ish joyi paydo qilib, birdaniga ularga oylik to‘lashni boshlashni ta’minlab berolmaydi. Bunga imkoniyatning o‘zi yo‘q. Demak, bu vaqt mobaynida ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan va daromadi, maoshidan uzilib qolgan aholiga davlat moliyaviy va moddiy ko‘magini to‘xtatmasligi kerak.
Xayriyalarning mablag‘lari, manbalari cheksiz bir quduq emas. U borgan sari kamayib, aholiga berilayotgan yordam vositalari, resurslari tugab qolishi mumkin. Demak, ma’lum bir vaqt mobaynida davlat ijtimoiy himoya choralarini ko‘zlashi shart.
Muhitga kelsak, tadbirkorlik — tavakkalchilik degani. Tadbirkor o‘z vaqti, puli, diqqat-e’tibori bilan tavakkal qiladi va moddiy-ma’naviy, vaqt resurslarini tadbirkorlik amaliyotiga tikadi. Bundan foyda yoki zarar bo‘lishi mumkin.
Foyda va zarar bo‘lsa, uning asosiy qismi albatta tadbirkorning bo‘ynida qoladi. Bu tushunarli. Lekin tadbirkor o‘zining erkinligi, hayoti, sog‘lig‘i bilan tavakkal qilishi kerak emas. Tadbirkorga nisbatan ma’muriy buyruqbozlik yoki qo‘shtirnoq ichida aytadigan bo‘lsak, «ko‘cha uslublari» qo‘llanilmasligi lozim.
Biror hokim uni kabinetiga chaqirib, baqirsa, so‘ksa, tadbirkor ichki ma’naviy-ruhiy jihatdan sinsa, u haqiqiy tadbirkorlik ijodkorligini amalga oshira olmaydi. Ish joylari paydo bo‘lishi, ishlab chiqarish yo‘lga tushib ketishi to‘g‘risida gap bo‘lishi mumkin emas. Qandaydir xo‘jako‘rsinlik bo‘lishi mumkin, lekin ijtimoiy tanglikni yengib o‘tadigan muhit bo‘lmaydi.
Buning ustidan davlat kuchli nazorat o‘rnatishi kerak. Jumladan, Adliya vazirligi huzurida hushtakchilik («whistle blowing») tashkil qilib, unda mahalliy boshqaruv tizimlaridan, kuch ishlatar tizimlardan bo‘lsin, signallarni qabul qilish va signal beruvchilarni huquqiy himoya qiluvchi tizim shakllanishi kerak. Bo‘lmasa, korrupsioner, o‘z lavozimini suiiste’mol qiluvchi shaxslar, kuch ishlatar tizimlarning nopoklikka qo‘l uradigan mutasaddilardan himoya qilib bo‘lmaydi.
Shu sababli ham tadbirkor o‘z ishini xotirjam boshlay olmaydi. Ya’ni har bir mahalliy mutasaddining yoki kuch ishlatar tizim zobitining tadbirkorga chaqirig‘i, tashrifi, qo‘ng‘irog‘i — barchasi rasmiy resurslarda qayd etib borilib, nazorat qilinishi kerak. Norasmiy tashrif, qo‘ng‘iroq, oldiga chaqirib do‘q urishlar, gaplashishlar bo‘lsa va qayd etilmasa, mana shu hushtakchilik tizimi orqali qayd etilib, noto‘g‘ri ishga nisbatan chora ko‘rilishi kerak. Tadbirkorlik huquqiy nuqtai nazardan himoya qilinishi darkor.
Yana bir omil — sharoit omili. Bu — mulk masalasi. Xususiylashtirish jarayoni to‘xtamasligi kerak. Nima uchun? Chunki tadbirkor uchun keng ko‘lamda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishni ta’minlab berish uchun tadbirkorga fondlar kerak, joy kerak bo‘lishi mumkin, turli xil infratuzilmalarga ulanishga imkoniyat bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, yaxshi ishlamayotgan yoki ishdan to‘xtab qolgan sex, zavod, fabrika, bino, inshootlar tadbirkorning tasarrufiga o‘tganida, biznesda ishlaganida ishlab chiqarish jarayoni yo‘lga tushib ketishi uchun muhim bir omil bo‘lgan bo‘lardi.
Men eng yaxshi tezkor yechim deb Angliyadan xo‘jalik sudyalarini chaqirish yoki ishlarni onlayn ko‘rib chiqish tizimini yo‘lga qo‘yish degan bo‘lardim. Buning uchun BAA, qo‘shni Qozog‘iston tajribasidan foydalanish mumkin.
O‘ylaymanki, xo‘jalik ishlari, aniqsa, mulkiy ishlar xolis ko‘rib chiqilishini mana shu yo‘l bilan ta’minlash mumkin. Bu tadbirkorlik jarayonini tezlashtirib yuboradigan omillardan, deb hisoblayman. Mulk himoyasi juda muhim. Agar mulk himoyasi bo‘lmasa, tadbirkor o‘z mulki, vaqti, sog‘lig‘i, erkinligi, joni bilan tavakkal qilmaydi.
Yana bir omil bu — kafolat omili. Tadbirkor agar o‘z bo‘yniga iqtisodiy tanglikni hal qiluvchi vazifalarni olsa, ish joylarini yaratsa, kerakli mahsulotlar bilan ta’minlab beradigan bo‘lsa, davlat unga nisbatan fiskal, xususiylashtirish va boshqa mexanizmlar orqali rag‘bat beradi, deb ko‘p gapirilyapti.
Menimcha, bu va’da qonun bilan himoyalangan, qonun bilan muhrlangan bo‘lishi kerak. Bu va’dalar amalga oshirilishi qonuniy hujjat bilan muhrlanib, ta’minlangan bo‘lishi kerak.
Chunki agar qo‘yib berilsa, tadbirkor zararga ishlaydigan holatga kelib qolishi mumkin. O‘z zarariga ish joylarini yaratib, xizmat ko‘rsatadigan sharoitda bo‘lishi mumkin. Bunday sharoitda davlat tomonidan uni qo‘llab-quvvatlaydigan, unga yordam beradigan choralar bo‘lsa va ular qonun bilan hujjatlashtirilgan bo‘lsa, yaxshi bo‘lardi.
Yana bir fikr. Ijtimoiy tadbirkorlik degan tushuncha bor. Ijtimoiy tadbirkorlik biznes prinsiplari va foyda topish prinsiplari asosida qurilgan, ijtimoiy og‘riqlarni yenguvchi muammolar, ijtimoiy tanglikka yordam beradigan tadbirkorlik turiga kiradi.
Agar Google orqali «sotsialnoye predprinimatelsto», «social entrepreneurship» deb qidirilsa, juda ko‘p keys, misollar paydo bo‘ladi.
Misollardan biri: belgiyalik bir sportchi-veloturist Afrika qishloqlaridan birida to‘xtaydi, u yerdagi qashshoqlik, qiyinchilikni ko‘rib, ularga «siz sumka, suvenir, ruchka soladigan g‘ilof yasasangiz bo‘ladi-ku», deganida unga bejirim ishlangan sumkalar, buyumlarni ko‘rsatishadi.
Bu yigit ularga «sizlar shuni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yinglar, Yevropaga sotilishini men ta’minlab beraman», deydi. So‘ngra ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni internet orqali do‘kon ochib sotayotganida xaridorlarga «sizlar shu sumka, g‘ilofni sotib olsangiz, Afrikada ochlikdan qiynalayotgan falon qishloqdagi odamlarga yordam berayotgan bo‘lasizlar/yordam berdingiz», degan chaqiriq bilan o‘z biznesini yo‘lga qo‘yadi. Xullas, o‘zi ham daromad topadi va afrikalik nochorlar ham birmuncha daromadga ega bo‘lishadi.
Aytmoqchimanki, ijtimoiy tanglik, qiyinchilikni yengadigan, ham daromad topadigan bir biznesni yo‘lga qo‘yish mumkin. Bu taxlit g‘oyalar, fikrlar, keyslarni sanoqsiz keltirib o‘tish mumkin.
Jamshid Muslimov.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar