
O‘zbekiston tijorat banklariga oltinni aholi va biznes subyektlariga mobil ilovalar orqali sotishga ruxsat berildi. Bu tartib 3-noyabr kuni Markaziy bank raisi tomonidan tasdiqlanib, Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazildi.
U qimmatbaho metallar bilan bog‘liq operatsiyalarni, jumladan, ularni elektron shaklda, jismoniy yetkazib berishsiz sotib olish va sotishni tartibga soladi. Raqamli oltin hisoblari maxsus metall hisobvaraqalarida yuritiladi.
Bu hisoblarda faqatgina metallar massasining grammda ko‘rsatilishi nazarda tutiladi, shuningdek, oltin quymalarining seriya raqamlari qayd etilmaydi, bu esa jismoniy saqlash zaruratini yo‘qotadi. Banklar oltinning narxini mustaqil belgilash huquqiga ega bo‘lib, narxlar kun davomida o‘zgarishi mumkin.
Shuningdek, metall hisobvaraqalaridagi oltinning qiymati har kuni Londondagi qimmatbaho metallar bozori assotsiatsiyasining (LBMA) kotirovkalari asosida qayta baholanadi. Amaliyotlar uchun mijozning ilovada identifikatsiyadan o‘tishi talab etiladi.
Ilova orqali o‘lchangan jismoniy oltin quymalarini ham sotib olish mumkin. To‘lov amalga oshirilgach, mijoz bank bo‘limidan quymani olish uchun maxfiy kod oladi.
Shuningdek, mas’ul saqlash xizmati mavjud bo‘lib, bu xizmat orqali quymani masofadan turib bankka qayta sotish imkoniyati yaratilgan. Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, ushbu yangilik fuqarolar va biznes uchun qo‘shimcha investitsiya imkoniyatlarini yaratadi hamda qimmatbaho metallar bozoriga xavfsiz va to‘liq masofaviy kirishni ta’minlaydi.
Ma’lumot uchun: Qizilqum cho‘lida joylashgan Muruntov koni O‘zbekiston hududidagi dunyoning eng yirik ochiq oltin konlaridan biri hisoblanadi.
O‘zbekistonda oltin endi bank ilovalari orqali sotiladi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar