date
views 2 357

O‘zbekistonda 2023 yilga kelib elektr energiyasining ulgurji bozoriga o‘tiladi

O‘zbekistonda 2023 yilga kelib elektr energiyasining ulgurji bozoriga o‘tiladi
Foto: Sergey Malgavko
«2020-2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasini elektr energiyasi bilan ta’minlash konsepsiyasi» qabul qilindi.
Konsepsiyaning asosiy ustuvor yo‘nalishlari quyidagilarni ko‘zda tutuvchi tizimli chora-tadbirlarni joriy qilish orqali amalga oshiriladi:

Issiqlik energetikasini rivojlantirish
2020-2030 yillarda 13 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 6 tasi yangi IES loyihalari, 6 tasi bug‘-gaz qurilmali, gaz turbinasi va ko‘mir energiya bloklari qurilishi hisobiga mavjud IESni kengaytirish bo‘yicha loyihalar, shuningdek, Yangi Angren IESda bloklarini modernizatsiya qilish bo‘yicha 1 loyihadan iborat.

Yangi ishlab chiqarish quvvatlari foydalanishga topshirilishi bilan ma’nan va jismonan eskirgan IES bloklari bosqichma-bosqich foydalanishdan chiqariladi.

Qayta tiklanadigan energiya manbalari asosida energiya ishlab chiqarishni rivojlantirish
2020-2030 yillarda qayta tiklanadigan energiya manbalari orqali elektr energiya ishlab chiqarishga, ayniqsa quyosh energiyasini rivojlantirishga alohida e’tibor beriladi. Ushbu loyihalar faqat sarmoyadorlar - mustaqil elektr energiyasini ishlab chiqaruvchilar hisobidan amalga oshiriladi.

2020-2030 yillarda 3 GVt shamol va 5 GVt quyosh elektr stansiyalarini qurish ko‘zda tutilgan qayta tiklanadigan energiya manbalarining har yili foydalanishga topshiriladigan quvvatlarining maqsadli parametrlari belgilangan.

Yirik shamol elektr stansiyalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Navoiy viloyatida joylashtiriladi.

Quvvati 100-500 MVt bo‘lgan quyosh elektr stansiyalarini asosan Jizzax, Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida joylashtirish ko‘zda tutilgan. Respublikaning boshqa mintaqalarida 50-200 MVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyalari quriladi.

2020 yilda xalqaro moliya institutlarining texnik ko‘magi bilan Jizzax, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida quyosh elektr stansiyalari qurilishi uchun tenderlar o‘tkaziladi va respublikaning boshqa mintaqalarida fotoelektr stansiyalarini, shuningdek, qayta tiklanadigan energiya manbalari qurish uchun tenderlar e’lon qilinadi.

Shuningdek, respublikaning olis aholi punktlarida, ekoturizmni rivojlantirish rejalashtirilayotgan mintaqalarda hamda yagona elektr energiyasi tizimiga ulanmagan kichik quyosh elektr stansiyalarini yaratishga ham e’tibor qaratiladi.

2021-2025 yillarda 150 mingga yaqin quyosh fotoelektr stansiyalarini va uy xo‘jaliklarining 2-2,5 foizida suv isitgichlari o‘rnatishni ko‘zda tutuvchi maqsadli dastur tasdiqlandi.

Gidroenergetikani rivojlantirish
2020-2030 yillarda 62 ta loyiha bo‘yicha ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan, shu jumladan, 35 ta GES qurilishi va 27 ta GESni modernizatsiya qilish mo‘ljallangan.
2030 yilgacha yangi GESlar qurilishi rejalashtirilgan.

Magistral elektr tarmoqlarini rivojlantirish
Elektr ta’minoti ishonchliligini oshirish uchun 2025 yilga kelib, yagona elektr energetika tiziminining barcha uzellari 500 kV elektr tarmoqlari orqali bog‘lanadi.

Taqsimlash tarmog‘ini rivojlantirish
Elektr energiyasini ulgurji raqobatlashgan bozoriga o‘tish jarayonida, taqsimlash tarmog‘ini ekspluatatsiya qilish va iste’molchilarga elektr energiyasini sotish funsiyalari ajratiladi, taqsimlash tarmoqlari davlat mulki bo‘lib qoladi. Elektr energiyasini sotish funksiyasi shaffof tanlovlar asosida DXSH shartlari bo‘yicha bosqichma-bosqich xususiy kompaniyalar riteylerlariga o‘tkaziladi.

Ulgurji bozorga o‘tish va elektr energetikasida tarif siyosatini takomillashtirish
Elektr energiyasining ulgurji bozoriga o‘tish 2020-2023 yillarda bosqichma-bosqich, zarur shartlar bajarilgan taqdirda har bir keyingi bosqichga o‘tish bilan amalga oshiriladi. 2023 yilda raqobatbardosh ulgurji bozor shakllantiriladi va uning barcha ishtirokchilari magistral elektr tarmoqlariga teng va to‘siqsiz kirish bilan ta’minlanadi.

2023 yildan boshlab barcha elektr energiyasini ishlab chiqaruvchilar ulgurji savdo bozorining ishtirokchilari bo‘lishadi. Bunda davlat elektr energiya sotib olish to‘g‘risidagi tuzilgan bitimlarga asosan majburiyatlarini bajarishda davom etadilar.

Shu bilan birga, 2021 yildan boshlab Yagona xaridorning vazifalari "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJ dan yangi tashkil etiladigan kafolatlangan xaridor – davlat savdo kompaniyasiga o‘tkaziladi va u elektr energiyasini import va eksport qilish vazifalarini ham bajaradi.

2020-2021 yillar davomida quyidagilar tashkil etiladi:
- energetika bozori Regulyatori - elektr energiyasi va tabiiy gaz bozorini tartibga solish, litsenziyalash va nazorat qilish funksiyalarini amalga oshiradigan hukumat tarkibiga kirmaydigan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Oliy Majlisiga hisobdor, moliyaviy jihatdan mustaqil organ;
- energetika bozori operatori - davlat kompaniyasi bo‘lib (dastlab 10dan 15 kishigacha), onlayn platformalar orqali elektr energiyasi va tabiiy gazni ulgurji bozorda sotib olish va sotish bo‘yicha barcha jarayonlarni amalga oshiradi.

2021 yildan boshlab iste’molchilarning ayrim toifalari quyidagilar bilan ta’minlanadi:
- elektr energiyasini bevosita ishlab chiqaruvchilardan sotib olish huquqi;
- elektr energiyasini ushbu iste’molchilarga tegishli ishlab chiqarish manbalaridan iste’mol punktlarigacha yetkazib berish (transportirovka) xizmatlari uchun majburiy to‘lovni to‘lash bilan ta’minlash kafolatlari.
Konsepsiya muntazam ravishda o‘zgartiriladi va kerak bo‘lganda to‘ldiriladi. Konsepsiyaning to‘liq matni bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda 2023 yilga kelib elektr energiyasining ulgurji bozoriga o‘tiladi