
Foto: REUTERS / China Daily
O‘zbekistonda deyarli bir oy karantindan so‘ng, 20 aprelda, koronavirusdan davolanayotganlar soni eng katta miqdor – 1361 kishiga yetdi va so‘ng ikki hafta davomida kamayib borib, deyarli yarmiga tushdi. Xitoyda ham epidemiya bir oyda avjiga chiqib, yana bir oydan so‘ng karantindan chiqish boshlangandi.
O‘zbekiston va Xitoyda davolanayotganlar sonining kunlik nisbiy o‘zgarishi juda o‘xshash va demak O‘zbekiston ham may o‘rtasidan karantindan chiqa boshlashini kutsa bo‘ladi.
O‘zbekistonda shu yil mart o‘rtasida boshlangan koronavirus epidemiyasi nisbatan yumshoq o‘tayotgani va davolanayotgan kasallar soni 20 aprelda eng katta miqdori – 1361 kishiga yetib, shundan beri pasayib borayotgani haqida 28 apreldagi maqolamda yozgandim. Shundan beri deyarli ikki hafta ichida davolanayotganlar soni deyarli ikki baravar kamayishga yaqinlashdi - 3 mayda 800 kishi atrofiga tushdi va kuniga 40 kishi atrofida kamayib bormoqda. Bu, demak, mamlakatda epidemiya jilovlanib, so‘nib borayotganidan darak beradi.
Lekin epidemiya so‘nishi uni avj olishidan uzoqroq davom etishi va hatto takroriy boshlanish xavfi ham borligi ma’lum. Shuning uchun O‘zbekistondagi holat epidemiyani boshidan kechirib, undan chiqib olgan qaysi mamlakat bilan bir xilda kechmoqda, degan savol muhimdir. Bu savolga javob topilsa, unda aholi qachon karantindan chiqarila boshlashini ham taxmin qilish mumkin bo‘lardi.
Mutaxassislar bu borada har kungi yangi kasallanganlar sonini tahlil qilib boradilar va shu son o‘zgarishi grafiklarini (epidemik egri chiziqlarni) chizib, shu asosda xulosa qilishadi. Ya’ni, yangi kasallar qo‘shilishi deyarli to‘xtasa, demak epidemiya so‘ndi, degan hulosa qilinadi. Meditsina nuqtayi nazaridan bu albatta to‘g‘ri va bir qaraganda yagona metod bo‘lib ko‘rinadi.
Lekin aholi hayot ehtiyojlari, mamlakat iqtisodiyoti va barqarorligi nuqtayi nazaridan kelib chiqilganda esa boshqa ko‘rsatkich – davolanayotgan kasallar sonining kamayib borib, karantin zonalaridagina qolgani muhimroqligi haqida xulosaga kelgandim. Chunki yangi kasallar karantin zonasida paydo bo‘laveradi va buning keti bo‘lmasligi mumkin, vaholanki mamlakat aholisiga bu jarayon deyarli ta’sir etmaydi. Boshqa mamlakatlar tajribasini o‘rganib chiqib, buni yana bir isbotini topdim va bundan bizdagi holat uchun muhim xulosalar kelib chiqishi ma’lum bo‘ldi.
Kasallanganlar soni mingdan oshgan mamlakatlar 1 mayda 91taga yetdi va O‘zbekiston (2,1 ming kishi) bu ro‘yxatda 69-o‘rinda. Shulardan 32 mamlakatda davolanayotganlar soni eng yuqori miqdoridan o‘tib, epidemiya so‘na boshladi va ular orasida O‘zbekiston ham bor.
Shulardan o‘nga yaqin mamlakat epidemiyani deyarli jilovlab, karantindan chiqa boshladi. Ulardagi davolanayotganlar sonining karantin kunlari bilan o‘zgarishi grafiklari shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekistondagi o‘zgarish dinamikasi Xitoyniki bilan deyarli bir xil ekan. Bunga albatta ikkala mamlakatda ham qattiq karantin choralari ko‘rilgani va aholining nisbatan tartib-intizomliligi sabab bo‘lsa kerak.
Quyidagi grafikda O‘zbekiston va Xitoyda davolanayotganlar sonining karantin boshidan boshlab kun sayin nisbatan o‘zgarib borishi keltirilgan (har kungini eng katta miqdor nisbati). Grafiklar shunchalar o‘xshashki, bu natijadan bizda epidemiya Xitoy modeli bo‘yicha o‘tmoqda, degan xulosa kelib chiqadi.

Xitoyda epidemiya bir oy davomida avjiga chiqib, so‘ng pasaya borgan va karantinning 27-kuni (17 fevralda) davolanayotganlar soni eng katta miqdorga yetgan (58.1 ming kishi). Yana bir oydan so‘ng, martning ikinchi yarmidan karantindan chiqa boshlangandi.
Demak, O‘zbekistonda ham mayning ikkinchi yarmidan davolanayotganlar soni yuzdan kam miqdorga tushib, yangi holatlar faqat karantin zonalarida bo‘lgani uchun qolgan aholini karantindan chiqara boshlanishiga imkon ochilishini kutish mumkin. Bu – birinchi xulosadir.
Ikkinchi xulosa shundan iboratki, karantindan chiqa boshlagan 30dan oshiq mamlakat avj olayotgan iqtisodiy krizis sharoitida aynan bir-birlari bilan hamkorlik qilishlariga taqdir taqozosi bilan imkon ochildi. Axir boshqa mamlakatlar hozirda deyarli yopiq va deyarli ishlamayapti, vaholanki epidemiyadan chiqib borayotgan mamlakatlar ham ochila boshladi, ham ishlay boshladi. Jahonda yangi 31talik paydo bo‘ldi:
Avstraliya, Avstriya, Daniya, Germaniya, Islandiya, Irlandiya, Italiya, Isroil, Ispaniya, Iordaniya, Kuba, Litva, Malayziya, Meksika, Marokash, Shimoliy Makedoniya, Ozarbayjon, Janubiy Koreya, Slovakiya, Tailand, Turkiya, Finlyandiya, Fransiya, Xitoy, Xorvatiya, Chexiya, Shveysariya, Eron, Yangi Zelandiya, Yaponiya, O‘zbekiston.
Ular rahbarlari videokonferensiya orqali tezda hamkorlik boshlashlariga imkon paydo bo‘ldi.
Bu o‘rinda aytish lozimki, tarix bunday noyob sovg‘alarni ko‘p ham qilavermaydi, undan eplab foydalana olmaganlarni esa kechirib ham o‘tirmaydi. Xitoy yeng shimarib bundan foydalanishga kirishdi, biz ham undan qolishmasligimizga umid qilib qolaman.
Zohid Zokir
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar