Surxondaryoda yo‘lda ketayotgan DAF yuk mashinasi yonib ketdi

28-oktabr kuni Surxondaryo viloyati hududidan o‘tuvchi M-39 “Almata–Bishkek–Toshkent–Termiz” avtomobil yo‘lida DAF rusumli yuk mashinasida yong‘in chiqdi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, voqea haqida soat 08:54 da xabar kelib tushgan. Qutqaruv va yong‘in o‘chirish ekipaji zudlik bilan hodisa joyiga yetib borgan. Yong‘in soat 09:43 da o‘rab olingan, 09:55 da esa to‘liq bartaraf etilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yuk mashinasining dvigatel qismi, kabinasi va yuk bo‘limidagi ko‘pikli mahsulotlar to‘liq yonib ketgan. Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan.
Rasmiylar bildirishicha, yong‘in vaqtida transport vositalarining harakati qisqa muddatga to‘xtatilgan, ammo hozirda yo‘l harakati to‘liq tiklangan.
Hozirda yong‘inning kelib chiqish sabablari hamda yetkazilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda. Mutaxassislar taxminicha, hodisaga elektr qismlaridagi nosozlik yoki texnik qizib ketish sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
FVV voqea joyida olingan tezkor chora-tadbirlar tufayli yong‘in kengroq maydonga tarqalishining oldi olinganini ma’lum qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!