14:00 / 11.05.2020
3 147

«Amerikalik shifokor koronavirusni samarali va arzon davolash bo‘yicha O‘zbekistonga yordam bermoqchi»

«Amerikalik shifokor koronavirusni samarali va arzon davolash bo‘yicha O‘zbekistonga yordam bermoqchi»
Turizm sohasi mutaxassisi Behruz Hamzayev Kun.uz`ga bergan intervyusida 13-15 aprel kunlari o‘tkazgan koronavirus mavzusidagi xalqaro onlayn konferensiya va unda erishilgan natijalar haqida so‘zlab berdi.

Xalqaro tajribani bitta platformaga yig‘ish g‘oyasi
– Butun dunyoda pandemiyaga qarshi qattiq kurash ketmoqda. Barcha tarmoqlar juda katta inqirozga yuz tutmoqda. Har bir mamlakat, jumladan, O‘zbekiston iqtisodiyoti ham og‘ir davrni boshdan kechiryapti. Hukumat vaziyatdan iloji boricha kamroq talafot bilan chiqib olishga harakat qilyapti. Ko‘rilayotgan oqilona chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlayman. Mana shunday vaziyatda biz, fuqarolar, nima qilishimiz mumkin, deb o‘yladim.

Internetda koronavirusga oid ma’lumotlarni qidirganimda, butun sohalarga qanaqa ta’siri bo‘lishi haqida aniq ma’lumotlar ololmadim. Demak, bizga inqirozdan chiqib olish uchun tavsiyalar kerak ekan. Shu sababli xalqaro tajribani bitta platformaga yig‘ib, har bir tarmoqqa foydasi tegadigan yo‘l xaritalarini tuzish g‘oyasi keldi.

20 soatlik ekspertlar fikri jamlandi
– Shunga asosan, ilk marotaba World Coronavirus Virtual Conference nomi ostida butun dunyodan siyosatchi, shifokor, yirik farmatsevtik kompaniyalar egalari, biznes sohasi vakillarini virtual konferensiya atrofiga yig‘ishga harakat qildik. Har bir mutaxassis o‘z sohasidan kelib chiqib, koronavirus ta’sirini yumshatish bo‘yicha qimmatli tavsiyalar berdi va ularni yig‘gan holda, YouTube kanalimizda umumiy 20 soatlik ekspertlar fikri jamlandi. 200 nafar ekspert ichidan 30 nafar eng tajribalilarini tanlab, suhbatlar uyushtirdik. Ular o‘z sohasi kelajagi haqida prognozlarini taqdim etishdi.

Masalan, Pegasus aviakompaniyasi rahbari Mehmet Nane bilan aviaqatnovlar haqida gaplashdik. Chilidagi Diego Portales University professori Jamil Salmi oliy ta’lim istiqbollari haqida qimmatli fikrlarini bayon etdi.

Avvaliga onlayn tarzda to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazmoqchi edik, lekin aloqa sifati pand berishining oldini olish va keyinchalik ham videolardan foydalanish imkoniyatini yaratish maqsadida intervyularni yozib olishga qaror qildik. Hozirda biz videolarni o‘zbek va rus tillariga tarjima qilyapmiz.

Shuningdek, ekspertlar tavsiyalarini jamlab, yozma hisobot tayyorlayapmiz, uni yaqin kunlarda chop ettiramiz. Ikkinchi konferensiyaga ham tayyorlanyapmiz, birinchisi bo‘yicha ijobiy fikrlarni oldik.

Bill Geyts ham taklif etilgandi
– Ekspertlarni jalb qilishda ko‘plab xalqaro tashkilotlarga murojaat qildik. Jumladan, Jahon turizm tashkiloti, Bill va Melinda Geyts fondi va boshqalar. Bill Geyts bilan shaxsan intervyu qilish niyatida edik, chunki u koronavirusga qarshi kurashda 225 mln dollar ajratgan. Albatta, Bill Geytsning bu borada tajribasi katta, u viruslar global muammo tug‘dirishi mumkinligini bir necha yil oldin aytgan edi. Konferensiyani qisqa muddatda tashkil qilganimiz uchun suhbatni qilish imkoniyati bo‘lmadi. Lekin Bill Geytsning xodimlari uzr so‘rab, keyingi konferensiyada ishtirok etishga rozilik bildirishini ma’lum qilishdi.

Suhbatlar ichida Chilidagi Diego Portales University professori Jamil Salmining oliy ta’lim haqidagi fikr, tavsiyalari juda yoqdi. U 90ta davlatda oliy ta’lim islohotlarida ishtirok etgan. Intervyu orqali oddiy insonlar ham, mas’ul tashkilotlar ham kerakli axborot olishlari mumkin. Har bir ekspertga aytdik: agar O‘zbekistondagi soha vakillari, mas’ullar sizlarga aloqaga chiqishsa, kerakli tavsiya va fikrlaringizni ayamang. Tabiiyki, ular ham rad qilishmadi va yordamga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

«Amerikalik professor O‘zbekistonga kelib, koronavirus bemorlarini ozonoterapiya bilan davolashga rozi»
– Amerikalik professor Robert Roven bilan bo‘lgan suhbatimizni alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman. U Kaliforniyadagi Berkli universitetida tahsil olgan. Robert Roven koronavirusni ozonoterapiya yordamida arzon va samarali davolash usulini gapirib berdi.

Ozon kuchli oksidlovchi modda ekan. Uning yordamida davolash usuli koronavirus ta’sirini to‘xtatishi mumkin. Mana shu tajribani Roven olib borgan va bu AQSHdagi ilmiy jurnalda chop etilgan. 2014 yilda Serra-Leoneda ebola virusi tarqalganda, mamlakat prezidenti shaxsan o‘zi Robert Rovenga yordam so‘rab xat yo‘llagan va u ebola virusini davolashda ham jonbozlik ko‘rsatgan.

Roven O‘zbekistonga kelib, koronavirusni ozonoterapiya bilan davolashga roziligini bildirdi va evaziga hech qanday moliyaviy yordam kerakmasligini aytdi. Ayni vaqtda u AQSHdagi shaxsiy klinikasida ozonoterapiya orqali koronavirusga chalinganlarni davolab kelyapti. Bunday davolash usuli bo‘yicha 35 yillik tajribaga ega.

Suhbatdan so‘ng ozonoterapiya qanchalik samarali davo usuli ekanini aniqlash uchun Rovenni tanigan barcha mutaxassislar bilan gaplashdim. Ular Rovenning fikrlarini asosli, deb baholashdi. To‘liq ishonch hosil qilganimdan so‘ng bu haqida Prezident Administratsiyasiga yozma murojaat qildim. Ular kerakli qo‘shimcha ma’lumotlarni olib turishibdi, doimiy aloqadamiz. Hozir javobini kutyapmiz.

Ozonoterapiya arzon davo usuli hisoblanadi. Bemorlar ozonator va kislorod balloni yordamida davolanadi. Qimmat emas: 300 dollardan 20 ming dollargacha. 300 dollarlik ozonator bilan ham kasallikni davolasa bo‘ladi.

Taqqoslash uchun aytaman: hozir koronavirusni davolashda sun’iy nafas berish (IVL) apparatlari ishlatilmoqda. Uning narxi 40 ming dollar va u faqat bir nafar bemorga xizmat ko‘rsatadi. Bitta ozonator esa bir necha yuzlab bemorni bir vaqtning o‘zida davolashi mumkin.

«Vaksina yaratilsa, birinchilardan bo‘lib O‘zbekistonga olib kelmoqchimiz»
– Bundan tashqari, yana bir yutuqlarimizdan biri – vaksina ishlab chiqarilsa, birinchilardan bo‘lib O‘zbekistonga olib kelish bo‘yicha harakat qilyapmiz.

Oksford universitetining Jenner instituti koronavirus vaksinasi ustida ish olib bormoqda. Institut tadqiqotchisi Adrian Hill guruhi Buyuk Britaniyada vaksinani insonlarda test qilishyapti. Sentabrgacha tadqiqotlar yakuniga yetadi. Agar barchasi ko‘ngildagidek ketsa, sentabrda vaksina ommaviy tarzda ishlab chiqariladi.

Ular bilan yaqindan aloqa o‘rnatdik va birinchilardan bo‘lib O‘zbekistonga vaksinani keltirish bo‘yicha kelishib oldik.

Muhabbat Ma’mirova suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Amerikalik shifokor koronavirusni samarali va arzon davolash bo‘yicha O‘zbekistonga yordam bermoqchi»