12:00 / 03.06.2020
2 928

Hangoma

Hangoma
Salom! Nega xomush o‘tiribsiz?! Hayot murakkab, yashash qiyin, muammo ko‘p deysizmi? Hammasini to‘plab, bir konvertga soling-u, chetga surib qo‘ying. Yaxshisi, sizga ajoyib hangoma so‘zlab beraman.

Bu voqea aynan kuz chog‘lari sodir bo‘lgan. O‘shanda dorilfunundagi ma’ruzalar biz talabalar uchun uyqu doridek gap edi. Biroq fransuz tili darsi men va o‘qituvchim uchun jang maydoni bo‘lsa, guruhdoshlarim o‘zlarini zakovat o‘yiniga tushib qolgandek his qilishardi.

Xullas, domlam ham, men ham bir-birimizni rosa “savalardik”. Yangi mavzuni tushuntirib tugatgan domlaginamga eng murakkab, tesha tegmagan savol o‘qlari men tomonimdan yog‘ilardi. Buning uchun men ozmuncha mehnat qilmasdim, tuni bilan kitob titkilab, fransuz tili va Fransiyaga oid savollarni to‘plardim.

Domlam esa ularning ba’zilariga javob berar, javob topolmasa menga javoban g‘azab o‘qlarini yo‘llardi. Mabodo charxi falak teskari aylanib, u dekan bo‘lib qolganidami, men bechora allaqachon “pattamni” olib uyga qaytardim. Har dars u meni qovoq uyib, salomimga aliksiz kutib oladi. Avvaldan kelisha olmaganimiz sabab men ham savollarni atayin beraveraman, bahonada fransuz tilini anchagina o‘rganib ham qo‘yibman.

Lekin o‘sha kuni barchasi boshqacha tus oldi. Qanday deysizmi? Eshiting bo‘lmasa: doimgidek darsga kech kirdim, domlam meni ko‘rib dik etib o‘rnidan turdi-yu, fransuzchalab men bilan quyuq so‘rashdi, qovog‘idagi qor o‘rniga ko‘zlarida quyosh charaqlaydi. Ko‘zlarimni ishqalab ko‘rdim, yo‘q, tush emas. Xullas, o‘qituvchim xursand holda dars o‘tdi, so‘ng menga yuzlanib, savoling bo‘lsa, marhamat, dedi. Tavba, dedim hayron qolib. Dars yakunlangach, “Dilbar, senda gapim bor” deb qoldi.

Nima bo‘ldi ekan, o‘ldim endi deb tursam, u yonimga kelib, “senga rahmat aytmoqchiman, sababi sening savollaring tufayli men har kuni kitob va internet oldidan ketolmaydigan bo‘lib qolgandim. Yaqinda bir savolingga javob izlayotib, grantlar dasturlari bilan tanishib qoldim. So‘ng menga ma’qul kelib, hujjatlarimni jo‘natgandim. Tasavvur qilayapsanmi, men grant yutib oldim, endi o‘zlari chaqirishyapti. Buning uchun senga katta rahmat” desa bo‘ladimi?! Hayratdan nima deyishni bilmasdim., meni ko‘rarga ko‘zi yo‘q ustozimning ko‘zlari bugun mehrga to‘la.

Bu xabarni kursdoshlarimga aytganimda ular endi zerikarkanmizda, deb qo‘yishdi. O‘sha kuni dugonam bilan avtobusga chiqdik. Ikki bo‘sh o‘rindiqqa o‘tirib, fransuz tili domlamizni muhokama qila ketdik. Shunda avtobusga “modniy”gina, kampir desa yoshroq, ayol desa qariroq bir xonim chiqdi. Yonimga kelib tepamda qaqqayib turib oldi. Dugonam va men fransuz tilini ancha yaxshi bilganimiz sabab, ba’zan nozik gaplarni fransuzchada g‘iybatlashardik. O‘sha paytda ham shunday vaziyat bo‘pqoldi.

Men: “Kampirsho boshimga kelib turib oldi, joy bermasak ruschalab diydiyo qiladi,” dedim-da, o‘rnimdan turdim. Dugonam Mahbuba ham turib oldi. Negadir kampircha jilmayib qo‘ydi-da, rahmat aytib o‘tirdi. Ikkimiz uning sochlarini, kiyimlarini “rentgen qila boshladik”, bu esa muhokama uchun ajoyib mavzu edi.

Men yana fransuzchalab “Mahbu, kampirning didi chakkimas, kostyum-yubkasi juda qimmat bo‘lsa kerak” dedim. Dugonam “Ha, sochini qanaqa kraskaga bo‘yagan ekan-a?” dedi.
“Oddiyga o‘xshamaydi, lekin o‘ziga yarashmabdi, tufligiyam chet elniki shekilli,” dedim davom ettirib.

“Biz ham qariganimizda shunaqa yasan-tusan qilib, chiroyli bo‘lib yura olarmikanmiz?” dedi dugonam.
“Bu go‘zal kampir qayerda ishlarkin?” Xullas, “qariroq ayol” yuz foiz tahlil qilindi. U negadir miyig‘ida kulib qo‘yardi.

Oradan bir hafta o‘tdi, biz u ayolni yodimizdan chiqargandik ham. Biroq eng dahshatlisi yana fransuz tili darsida yuz berdi. O‘sha kuni fransuz tili domlamiz yo‘q deb, Mahbuba ikkimiz xonaga bemalol kirib keldik. O‘qituvchi o‘rnida o‘tirgan ayolni ko‘rib, ko‘zlarimni ishqaladim, tush emas, afsuski.

Bu biz avtobusda obdon muhokamadan o‘tkazganimiz-zamonaviy kampirsho edi. Bizni ko‘rdi-da, salomlashib, joyimizga o‘tirishimizni aytib, kulib qo‘ydi. Talabalar bilan birma-bir tanishishni boshladi. Navbat menga keldi. Yuragim qo‘rqqanidan qayoqqadir qochib ketmoqchidek tez-tez urardi.

Shunda u fransuz tilida “men sizni taniyman” desa bo‘ladimi, taxtadek qotdim. U davom etdi “bugungi kiyimim qalay, o‘zimga yarashibdimi, siz aytganchalik qimmat emas, sochimning rangiga nima deysiz, bu safar sizga ma’qulmi, menga yarashibdimi?”

“Ha”, deya oldim xolos!

Muallif Dilorom Begmatova

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Hangoma