
AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi 30 dekabrdan boshlab Diversity Visa (DV) dasturi doirasida immigratsiya vizalari berilishi vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qildi. Rasmiy axborotga ko‘ra, ushbu qaror AQSH Davlat departamenti tomonidan qabul qilingan.
Elchixona tarqatgan bildirishda aytilishicha, hozirgi paytdan e’tiboran DV dasturi bo‘yicha barcha turdagi vizalarni rasmiylashtirish jarayoni to‘xtatiladi. Shunga qaramay, dastur ishtirokchilari anketa topshirish va belgilangan suhbatlarda qatnashish huquqini saqlab qoladi. AQSH Davlat departamenti intervyu sanalarini belgilashni davom ettiradi, biroq suhbat yakunlariga ko‘ra vizalar berilmaydi.
Ma’lum qilinishicha, DV dasturi bo‘yicha oldindan belgilangan suhbat kunlari bekor qilinmaydi va boshqa sanaga ko‘chirilmaydi. Elchixona murojaatchilarni mavjud vaziyatdan xabardor qilib borishini, shuningdek, qo‘shimcha qarorlar qabul qilinsa, jamoatchilikka darhol ma’lum qilinishini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH prezidenti Donald Tramp Green Card lotereya dasturini vaqtincha to‘xtatib turish haqida farmon imzolagani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Ma’lumot uchun, Green Card dasturi 1990 yildan beri amal qilib keladi va har yili tasodifiy tarzda 50 ming nafar xorijiy fuqaroga AQSHda doimiy yashash huquqini beradi. 2025 yil may oyida e’lon qilingan natijalarga ko‘ra, O‘zbekiston 5564 nafar g‘olib bilan dunyoda yetakchi o‘rinni egallagan. Keyingi pog‘onalardan Jazoyir va Rossiya joy olgan.
Hozircha DV dasturi bo‘yicha vizalar qachon qayta tiklanishi haqida aniq ma’lumot berilmagan, vaziyat rivoji diqqat bilan kuzatilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.