00:41 / 29.07.2020
2 048

«Toshkent shifokorlari»: O‘zingizni ko‘r-ko‘rona davolashga kirishib, ahvolingizni og‘irlashtirib qo‘ymang!

«Toshkent shifokorlari»: O‘zingizni ko‘r-ko‘rona davolashga kirishib, ahvolingizni og‘irlashtirib qo‘ymang!
Facebook’dagi «Toshkent shifokorlari» («Vrachi Tashkenta») guruhi faollari jamoatchilikka murojaat qildi. Murojaatni @koronatavsiya o‘zbek tiliga o‘girdi.

Bilimsizlik va bexabarlik qo‘rqitadi, stress holatini keltirib chiqaradi, vahimaga sabab bo‘ladi. Lekin bu gaplar biz haqimizda emas, shunday emasmi? Ushbu holatlar shu vaqtgacha dunyoda biror bir odam hayotini saqlab qolishga yordam bermagan, lekin immunitetga, kasallikning kechishiga va hatto tuzalish jarayoniga zo‘r zarar yetkazadi. Bu o‘z isbotini topgan ilmiy fakt.

Boxabar bo‘lsang, ancha xotirjam tortasan. Shu sababli ham biz hamkasblarimiz bilan birga muntazam ravishda yangi axborotlarni siz bilan bo‘lishyapmiz, savollaringizga yangi postlar va kommentlar orqali javob berib kelyapmiz. Shu vaqtgacha guruhda xabardor bo‘lish va qurollanish uchun yetarli darajada ko‘p savollarga javoblar berilgan. Osongina qidiruvga berib, turli savollar bo‘yicha shifokorlar qoldirgan postlarni oson topish mumkin. Biroq juda ko‘pchilik, guruhni o‘qimay, savollar yo‘llashda davom etmoqda, biz esa ularga javob berishga jismonan ulgurmayapmiz.

Ko‘pchilik, vahimaga tushib, sarosimada hech bir asossiz o‘zlariga kompyuter tomografiyasi, osma ukol, antibiotiklar va shunga o‘xshagan zarur bo‘lmagan davo choralari va tekshiruvlarni qo‘llamokda. Bu choralar nafaqat keraksiz, balki sizga juda jiddiy zarar yetkazishi ham mumkin.

Har kim o‘zini tinchlantirish uchun eslab qolish zarur bo‘lgan eng asosiy jihatlarni sanab o‘tamiz. Tasdiqlangan faktlardan biri — kamida 80 foiz odam kasallikni hech qanday simptomlarsiz, yengil yoki o‘rta og‘ir shaklda o‘tkazadi. Guruh statistikasi ham buni tasdiqladi — qoldirilgan so‘rovlarning 85 foizida koronavirusning xuddi shunday shakllari tavsiflangan.

Agar sizda yurak-qon tomir, autoimmun va surunkali kasalliklar, qandli diabet yoki onkologik kasalliklar bo‘lmasa, siz qolgan 20 foiz (xavf guruhi)ga kirmaysiz. Biz siz bilan birgalikda kasallikni og‘ir o‘tkazishga moyil bo‘lgan mana shu 20 foiz odamga yordam berib, ularning hayotini saqlab qolishimiz mumkin.

Ishoning, agar siz xavf guruhiga kirmasangiz, sizda koronavirusning hatto o‘rta og‘ir darajada kechishi ehtimoli ham juda past, agar siz keraksiz dorilar va tekshiruv usullari bilan o‘zingizga o‘zingiz zarar yetkazmasangiz.

Shunday qilib, agar siz koronavirusga chalingan bemor bilan muloqotda bo‘lgan bo‘lsangiz va sizda kasallikning simptomsiz yoki yengil shakli kechayotgan bo‘lsa (tana harorati 38—38,5 darajagacha ko‘tarilishi, yo‘tal, tomoq og‘rig‘i, ba’zi hollarda burun bitishi, hid va ta’m sezish qobiliyatining yo‘qolishi, shuningdek, bosh og‘rig‘i ham kuzatilishi mumkin), sizda hech qanday og‘ir oqibatlarsiz tezda tuzalib ketish uchun barcha imkoniyatlar bor va sizga:

- hech kanday rentgen va kompyuter tomografiyasi kerak emas!
- tez yordam chaqirishning keragi yo‘q!
- koll-markazga qo‘ng‘iroq qilish shart emas!

Shunday ekan, to‘xtab, chuqur nafas olib, irodamizni jamlab, sarosimaga tushishni, kasalxonlarga yugurib tiqilinch navbatlar hosil qilishni bas qilaylik. Ishoning, bularning sizga umuman keragi yo‘q. Aksincha, siz bu xatti-harakatingiz bilan haqiqatan ham yordamga muhtoj (kasallikni og‘ir shaklda o‘tkazayotgan) bemorlar hayotini xavf ostida qoldirasiz. Ortiqcha kompyuter tomografiyasi esa organizmingizga mutlaqo keraksiz nurlanishni beradi xolos. Shu sizga kerakmi? O‘ylaymanki, yo‘q.

Xo‘sh, u holda nima qilish kerak?
1. Shunchaki profilaktika choralarini ko‘ring va o‘z holatingizni doimiy ravishda nazorat qiling. Ahvolingiz to‘g‘risidagi kunlik ma’lumotlarni quyida ko‘rsatilgan jadvaldagi kabi yozib boring, har kuni kerakli qaydlarni kiriting.

Agar nafas olish qiyinlashsa, harsillash paydo bo‘lsa, yo‘tal kuchaysa, tana harorati 39 daraja va undan yuqori bo‘lsa, shifokorga murojaat qilib, nafas olish sonining tomir urish soniga nisbatini o‘lchatish kerak — norma 1:4, ya’ni bir marta nafas olishda to‘rt marta yurak urishi kerak (koronavirusga chalinganlarda nafas olish tezlashishi mumkin, masalan, nisbat 2:4, 3:4 ga chiqadi, ya’ni yurak to‘rt marta urganida bir emas, 2—3 marta nafas olinadi). Agar nisbat pasaysa, nafas olish soni bir daqiqada 22 tadan oshsa, tez yordam chaqiring va statsionarga yoting.

2. Kasallikning simptomlarsiz kechishi davo choralarini talab qilmaydi. Bunda profilaktika choralarini ko‘rish, ko‘p-ko‘p suv ichish, tavsiya qilingan vitaminlarni qabul qilish va o‘z holatini nazorat qilish yetarli.

3. Kasallikning yengil shakli simptomatik davolanadi (agar isitma yuqori darajada saqlanib tursa, tana haroratini tushiradigan dorilar, burunni tuzli eritma bilan chayish, tomoqda og‘riq bo‘lsa, uni antiseptiklar bilan chayish va hokazo tavsiya etiladi).

Koronavirusning oldini olish va uning yengil shakllaridan davolanish vaqtida quyidagilarni qilish mutlaqo mumkin emas: har qanday osma ukollar, antibiotiklar, gormonal preparatlar (deksametazon), antikoagulyantlar va antiagregantlar (kurantil, ksarelta va hokazo), immunomodulyatorlar (anaferon, kagotsel, sikloferon, polioksidoniy, immun-5 va boshqa immunlar va feronlar).

E’tibor bering: agar o‘zingizni ko‘r-ko‘rona davolashga kirishib, tavsiya etilmagan dorilar, tekshirish usullarini qo‘llashni boshlasangiz, ahvolingizni «yengil»dan «o‘rta og‘ir» va hatto «og‘ir» shaklga o‘tkazib qo‘yishingiz, shu tariqa salomatligingiz va hayotingizni xavf ostida qoldirishingiz mumkin.

Sizning xotirjamligingiz va shifokorlarga hamda aqlli organizmingiz kuchiga bo‘lgan ishonchingiz bu, avvalo, kasallik bilan kurashishda o‘zingizga o‘zingiz qilgan eng katta yordamdir. Shuningdek, siz bu bilan chindan ham tibbiy yordamga va kasalxonada yotishga muhtoj bo‘lganlarga yordam ko‘rsatasiz.

Iltimos, xotirjamlikni saqlaylik va uy sharoitida davolanaylik. Biz shifokorlar esa bunda sizga yordam beramiz. Yodingizda bo‘lsin — biz siz bilan birgamiz va doimo siz haqingizda qayg‘uramiz!

Facebook’dagi «Toshkent shifokorlari» guruhi faollari: Dildora Sekler, Azizaxon Xo‘jayeva, Lidiya Gutnikova, Nikolay Davis, Abdurahim To‘ychiyev, Elbek Nazarov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Toshkent shifokorlari»: O‘zingizni ko‘r-ko‘rona davolashga kirishib, ahvolingizni og‘irlashtirib qo‘ymang!