17:42 / 01.09.2020
1 920

Adliya vazirligi: ijtimoiy tadbirkorlikning qonuniy asosi yaratilmoqda

Adliya vazirligi: ijtimoiy tadbirkorlikning qonuniy asosi yaratilmoqda
Ishsizlikka qarshi kurashish, shuningdek tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatishni rag‘batlantiruvchi omillardan biri bu - ijtimoiy tadbirkorlik hisoblanadi.

Joriy yil 28 avgust kuni AOKA anjumanlar zalida “Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Mazkur Qonun loyihasi Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, joriy yil 24 mart kunidan 8 aprel kuniga qadar regulation.gov.uz portalida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Tadbir avvalida Adliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va Savdo-sanoat palatasining mutasaddi xodimlari tomonidan ijtimoiy tadbirkorlik o‘zi nima, ushbu Qonun qanday munosabatlarni qamrab oladi kabi Qonun loyihasiga oid savollar yuzasidan ma’lumotlar berildi.

Ta’kidlanishicha, ijtimoiy tadbirkorlik – bu yuridik shaxslar yoxud yakka tartibdagi tadbirkorlarning aholini muayyan ijtimoiy muammolari va ularning oqibatlarini yengillashtirish yoki hal qilishga qaratilgan faoliyatdir.

Qonun loyihasining maqsadi aholining ijtimoiy zaif qatlami turmush darajasini yaxshilash, ularni ish bilan ta’minlash, ijtimoiy tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatishdan iborat.
Ijtimoiy korxonaning ishiga asosan ijtimoiy jihatdan barqaror bo‘lmagan yoki nogironligi bo‘lgan shaxslar jalb etiladi. Ushbu korxona yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan tashkil etilishi loyihada ko‘zda tutilgan.

Qonun loyihasida aholining ijtimoiy zaif qatlamlari tushunchasi berilgan bo‘lib, unga ko‘ra tovarlar(xizmatlar)ni xarid qilishda yoki mehnat bozorida ish topishda qiyinchilikka duchor bo‘layotgan yoxud o‘zgalarning ko‘magiga muhtoj shaxslar ijtimoiy zaif qatlam hisoblanadi.

Hujjat loyihasiga ko‘ra, ushbu qatlamga quyidagilar kiradi:
– I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogiron bolalar;
– yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar;
– ijtimoiy ahamiyatga molik bo‘lgan kasalliklar va atrofdagilar uchun xavf tug‘diradigan kasalliklar (sil, onkologik, psixiatrik, narkologik, endokrinologik, infeksion, tanosil kasalligi, OITS, maxov va kasb kasalligi)ga chalingan shaxslar;
– qaramog‘ida 16 yoshga to‘lmagan yoki nogironligi bo‘lgan bolalari bo‘lgan yolg‘iz shaxslar;
– o‘qishni tugatgandan keyin 3 yil oshmagan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi muassasalari bitiruvchilari;
– “Mehribonlik” uylarining 30 yoshga yetmagan bitiruvchilari;
– jazoni o‘tash muassasalaridan ozod qilingan shaxslar;
– o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va yolg‘iz yashovchi keksalar;
– muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan shaxslar.

Tadbirda ijtimoiy korxonalarga davlat tomonidan beriladigan imtiyozlar va preferensiyalar, ijtimoiy loyiha xarajatlariga subsidiyalash olish tartiblari, maslahat va axborot jihatidan qo‘llab-quvvatlashlar haqida ham tushuntirish berildi.

Bundan tashqari, Qonun loyihasida tabiiy ofatlar, falokatlar, epidemiyalar, epizootiyalar va favqulodda xususiyatga ega bo‘lgan boshqa holatlarini bartaraf etish ijtimoiy tadbirkorlik faoliyatining alohida yo‘nalishlaridan biri etib belgilanayotgani aytib o‘tildi.

Qonun loyihasiga ushbu yo‘nalish kiritilishiga koronavirus infeksiyasi tarqalishi bilan bog‘liq bugungi kundagi vaziyat sabab bo‘ldi. Koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq hodisalar ko‘rsatdiki, epidemiya va boshqa favqulodda holatlarda ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan tovar va mahsulotlar, ayniqsa, tibbiy vositalar va dori-darmonlarga talab kutilmaganda oshib ketishi va yetishmovchilik kuzatilishi mumkin. Bunday holatlarda yetishmovchilikni qoplashning eng qulay yo‘llaridan biri bu boshqa turdagi mahsulot ishlab chiqarayotgan korxonani tezkorlik bilan ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulot ishlab chiqarishga ixtisosolashtirishdir. Bu uslub jahonda juda keng qo‘llanilmoqda.

Ko‘rinib turibdiki, epidemiyalar va boshqa favqulodda holatlar oqibatlarini bartaraf etishda ijtimoiy tadbirkorlikning o‘rni juda katta bo‘lishi mumkin.

Umuman olganda, “Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi qabul qilinsa, u jamiyatga alohida foyda keltirishni istaganlar tashkilotlar va yakka tadbirkorlarga bunday maqsadga erishish uchun qulay sharoit yaratadi.

Matbuot anjumanida davlat organlari mutasaddi xodimlari tomonidan fuqarolar va jurnalistlarning savollariga javoblar berildi.

Adliya vazirlig
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Adliya vazirligi: ijtimoiy tadbirkorlikning qonuniy asosi yaratilmoqda