23:30 / 07.09.2020
2 554

Korrupsiyaga qarshi sinalgan xalqaro standart bor, uni qo‘llashga xohish-chi?

Korrupsiyaga qarshi sinalgan xalqaro standart bor, uni qo‘llashga xohish-chi?
Korrupsiyaga qarshi kurash sohasida ham yangidan “velosiped kashf etish” shartmas.

So‘nggi paytlarlarda korrupsiyaga qarshi kurash masalalariga bag‘ishlangan turli tadbirlarda, ommaviy axborot vositalarida ISO 37001:2016 “Korrupsiyaga qarshi kurash boshqaruv tizimlari” xalqaro standarti haqida ko‘p fikr-mulohazalar bildirilmoqda. Ko‘plab mamlakatlar va dunyo miqyosida tanilgan yirik kompaniyalar tomonidan tan olingan mazkur standartga O‘zbekistonda ham qiziqish bilan qaralayotgani ijobiy holdir. Chunki bu standartining bir qator ijobiy natijalarga olib kelishi xalqaro tajribada isbotlangan.

Mutaxassislarning ta’kidlashlaricha, ushbu standartni mulkchilikni turli shakllarida faoliyat yurituvchi barcha tashkilotlarda, jumladan, davlat organlari va xususiy tarmoqda, katta-kichik mehnat jamoalarida qo‘llash mumkin. Tizimni samarali joriy etgan idora va korxonalar o‘zlarining korrupsiyaga qarshi kurash sohasida mazkur standartga muvofiqligi haqida sertifakat olishlari mumkin. Oddiy qilib aytganda, bu xalqaro sertifikat o‘ziga xos “tashrif qog‘ozcha”si bo‘lib, xalqaro standartni joriy etgan korxona va tashkilotlarda korrupsiya holatlariga murosasiz munosabat o‘rnatilganidan guvohlik beradi. Muvofiqlik sertifikatiga ega tashkilotlarga nisbatan biznes hamkorlar va mijozlarning ishonchi oshadi, ular taklif etayotgan tovar va xizmatlarning raqobatbardoshligi kuchayadi.

Vaqt o‘tgani sayin korrupsiyaga qarshi samarali vosita sifatida tan olingan bu standartga amal qiladigan davlatlar, korxona va kompaniyalar safi kengayib borishi aniq. “Teng tengi bilan” deganlaridek, xalqaro bozorda bunday tashkilotlar bilan munosabat o‘rnatmoqchi hamkorlar ham o‘zlarining shunday mezonlarga mos ekanliklarini isbotlashlari talab qilinadi. Chunki, o‘z ishchanlik obro‘si va manfaatlarini o‘ylagan biror tashkilot ishonchsiz hamkorlar bilan aloqa tufayli noqonuniy ishlar va nizolarga aralashib qolishni hamda buning oqibatida moddiy va ma’naviy zarar ko‘rishni istamaydi.

Mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish, milliy sanoatda eksportga yo‘naltirilgan tovar va xizmatlar ulushini oshirish, xorijiy hamkorlar bilan aloqalarni kuchaytirish vazifalari dolzarb bo‘lib turgan bir paytda, ayniqsa shu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlar o‘z faoliyatlarini bu xalqaro standart talablariga moslashga harakat qilishlari kerak. Davlat hokimiyati organlari va muassasalari, ustav jamg‘armasida davlat ulushi bo‘lgan korxonalar, milliy bank tizimi vakillari “Korrupsiyaga qarshi kurash boshqaruv tizimlari” xalqaro standartini joriy etishda boshqa tashkilotlarga ibrat bo‘lishlari kerak.

Hammamiz guvoh bo‘lib turibmiz - keyingi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurash sohasida jiddiy harakatlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Prezidentining Farmoni bilan tasdiqlangan “2019-2020 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish Davlat dasturi”da bu yo‘nalishda bajarilishi kerak bo‘lgan qator dolzarb vazifalar belgilab berilgan. Misol uchun, alohida sohalar va tarmoqlarda Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish, ustav jamg‘armasida davlat ulushi bo‘lgan tashkilotlarda ISO 37001:2016 xaqaro standartini joriy etishga qaratilgan chora-tadbirlar shular jumlasidandir.

2020 yil poyoniga yetmoqda, lekin davlat organlari va turli shaklda faoliyat yurituvchi korxonalarimizda mazkur xalqaro standartni joriy etishga qaratilgan aniq amaliy harakatlar haqidagi ma’lumotlar hozircha juda kam. Misol uchun, matbuotda mustaqil ekspertiza va sertifikatlash sohasida dunyodagi yetakchi tashkilotlardan hisoblangan SGS (Shveysariya) xalqaro kompaniyasi 2019 yil 3-5 iyul kunlari Toshkentda “Korrupsiyaga qarshi kurashni boshqaruv tizimlari” xalqaro standartini joriy etish masalalariga bag‘ishlangan seminar-trening o‘tkazgani xabar qilingan.

Lekin, bu hatti-harakatlarning amaliy natijalari haqida ma’lumotlar mavjud emas. Tadbirda O‘zbekistonnning bir qator yirik kompaniyalari vakillari ishtirok etgan. Lekin, bu hatti harakatlarning amaliy natijalari haqida ma’lumotlar mavjud emas. Aslida, faoliyati xalqaro aloqalarga bevosita bog‘liq va jiddiy eksport salohiyatiga ega bo‘lgan yirik korxonalar xalqaro standartni joriy etishda oldingi saflarda bo‘lishi kerak.

Korrupsiyaga qarshi kurash - yangi O‘zbekiston siyosatinig ustivor yo‘nalishlaridan biri deb qaralmoqda. Jumladan:
- samarali davlat boshqaruvi va iqtisodiy taraqqiyotga tahdid soluvchi, jamiyatni huquqiy nigilizm va ma’naviy tanazzulga keltiruvchi korrupsiya holatlariga qarshi kurash sohasida qat’iy siyosiy iroda bor;
- bu sohadagi milliy qonunchilik xalqaro mezonlarga mos ravishda rivojlantirilmoqda;
- korrupsiyaga qarshi kurashning tashkiliy mexanizmlari mustahkamlanmoqda.

Qolaversa, korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro tajribada sinalgan, ko‘p davlatlar tomonidan e’tirof etilgan standartlar tizimi mavjud. Tegishli Davlat dasturlari va qonun hujjatlarida bu standartni joriy etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan. Endi hamma gap mamlakatimizning katta-kichik idoralari, tijorat va notijorat tashkilotlari, turli shakldagi ishlab chiqarish va biznes kompaniyalarining bu masalaga qanday munosabatda ekaniga bog‘liq.

Ya’ni, korrupsiyaga qarshi kurash sohasida ham hamma o‘zi uchun yangidan “velosiped yaratishi” shart emas, balki bu boradagi xalqaro tajribada sinalagan vositalardan foydalanish o‘rinlidir.

Shu bilan birga, davlat va nodavlat tashkilotlarida, ishlab chiqarish korxonalarida, huquqni himoya qilish, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa tizimlarida bu xalqaro standartni samarali qo‘llash bilan bog‘liq ma’lumotlarni keng jamoatchilikni xabardor qilib borishni yo‘lga qo‘yish ham maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Muxtasar aytganda, korrupsiyaga qarshi kurashga bel bog‘laganini e’lon qilgan davlat va nodavlat tashkilotlari ko‘p. Biroq korrupsiyaga qarshi kurash tizimi xalqaro standartlarga javob beradigan, ya’ni ISO 37001:2016 sertifikatiga ega milliy tashkilotlarimiz bormi, ularning soni qancha degan savolga aniq javob yo‘q. Biz biror bir vazirlik va davlat qo‘mitasini shunday sertifikatga ega bo‘libdi deb eshitmaganmiz. Bunda tabiiyki navbatdagi savol tug‘iladi, shunday “mard”lar bormi. Boshqacharoq aytganda biz balandparvoz gaplarga emas, hujjatga ishonamiz.

Anvar G‘ofirjon, jurnalist

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Korrupsiyaga qarshi sinalgan xalqaro standart bor, uni qo‘llashga xohish-chi?