
Oʻzbekistonda axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilayotgan jinoyatlar soni xavotirli darajaga yetib, 2024-yilda qayd etilgan barcha huquqbuzarliklarning 44,4 foizini tashkil qildi. Endilikda mamlakatdagi har ikkinchi jinoyat raqamli makonda sodir etilmoqda.
Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi vakili Maksudjon Mirabdullayev maʼlumot berdi. 2021-yildan 2024-yilgacha kiberfiribgarliklar tufayli yetkazilgan umumiy zarar 1,9 trillion so‘mdan oshdi.
Faqatgina 2024-yilda fuqarolar 603 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘ni internetdagi noqonuniy harakatlar tufayli yo‘qotgan. O‘tgan yili huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan kiberjinoyatlarga oid 58,8 mingdan ortiq jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Bu jinoyatlarning 98 foizi bank kartalari bilan bog‘liq firibgarliklarni o‘z ichiga oladi. Jinoiy usullar tahliliga ko‘ra, asosiy xavf himoyalangan tizimlarni bevosita buzish emas, balki ijtimoiy muhandislik bo‘lib qolmoqda.
Jinoyatlarning 60 foizi zararli havolalar va dasturlar yuborish orqali amalga oshiriladi. Ushbu usul yordamida firibgarlar qurbonlarning mobil qurilmalari va bank kartalariga ruxsatsiz kirish imkoniyatini qo‘lga kiritadilar.
Ikkinchi keng tarqalgan usul — yolg‘on qo‘ng‘iroqlar va boshqa hiylalar orqali SMS-kodlarni qo‘lga kiritish bo‘lib, bunday holatlar 16 foizni tashkil etadi. Yana 11 foiz jinoyatlar Olx.uz va Olcha kabi mashhur onlayn savdo platformalarida sodir etiladi, bu yerda firibgarlar xaridorlar va sotuvchilarni aldashadi.
Soxta elektron birjalar va onlayn treyding loyihalariga fuqarolarni jalb qilish esa kiberjinoyatlarning 9 foizini tashkil qiladi. Qolgan 4 foiz holatlarda jinoyatchilar fuqaroning xabarisiz uning nomiga noqonuniy onlayn kreditlar rasmiylashtiradilar.
Alohida xavotirga sabab bo‘layotgan texnologiya esa — "deepfake" videolaridir. Firibgarlar mashhur shaxslarning, jumladan, sanʼatkorlar, blogerlar va sportchilarning qalbaki videolarini yaratib, o‘z firibgarlik sxemalariga ishonch uyg‘otishga harakat qilmoqdalar.
Ayniqsa, bu holatlar onlayn kreditlar rasmiylashtirishda ko‘p uchraydi. Mirabdullayevning taʼkidlashicha, ushbu toifadagi jinoyatlarning 31 foizi "deepfake" texnologiyasidan foydalanish bilan bog‘liq.
Ichki ishlar vazirligi vakili kiberjinoyatchilarning muvaffaqiyati ko‘pincha fuqarolarning haddan tashqari ishonuvchanligi bilan bog‘liq ekanini taʼkidladi. Ko‘plab holatlarda odamlar o‘zlari SMS-kodlar kabi maxfiy maʼlumotlarini oshkor qilishadi yoki ko‘rinib turgan firibgarlik platformalariga mablag‘ kiritishadi.
Shuningdek, qurbonlarni "yutuq"ni yetkazib berish uchun to‘lovni amalga oshirishga ishontirish kabi sxemalar ham keng tarqalgan. Kuchayib borayotgan tahdidga qarshi kurashish uchun Markaziy bank va to‘lov tashkilotlari ishtirokida tezkor shtablar tashkil etildi.
Fuqarolarga kiberjinoyatga duch kelgan taqdirda darhol 102 yoki 1102 qisqa raqamlariga murojaat qilish tavsiya etiladi. Tezkor xabar berish huquqni muhofaza qilish organlariga tranzaksiyani bloklashga va mablag‘ yo‘qotilishini oldini olishga yordam beradi.
Shuningdek, fuqarolar o‘g‘irlangan mablag‘larni qaytarish masalasida tez-tez savol berishadi. "Bizning vazifamiz jinoyatchilarni qo‘lga olib, tergov organlariga topshirishdir.
Mablag‘larni qaytarish esa sudning qaroriga bog‘liq", — deya tushuntirdi Ichki ishlar vazirligi markazi vakili. Unga ko‘ra, huquqni muhofaza qilish organlariga o‘z vaqtida murojaat qilish o‘g‘irlangan mablag‘larni muzlatib qo‘yish imkoniyatini oshiradi va ularni qaytarish jarayonini tezlashtirishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar