13:08 / 11.09.2020
1 670

Mutaxassis: «Ijtimoiy tarmoqlardagi zo‘ravonlikka qarshi huquqiy himoyani kuchaytirish kerak»

Mutaxassis: «Ijtimoiy tarmoqlardagi zo‘ravonlikka qarshi huquqiy himoyani kuchaytirish kerak»
Foto: «Unsplash»
So‘z erkinligi va nafrat aralashgan nutq o‘rtasidagi huquqiy chegara qayerda yotadi? Ijtimoiy tarmoqlardagi zo‘ravonlikka qarshi huquqiy himoyani qanday kuchaytirish mumkin? Bu haqda inson huquqlarii bo‘yicha advokat, Global Shapers Tashkent Hub tashabbuslari asoschisi Dilfuza Kurolova so‘z yuritadi.

Bir kishining erkinligi boshqa bir kishining erkinligi boshlangan joyda tugaydi, degan fikrni hamma biladi. Shuni esda tutish kerakki, O‘zbekiston Konstitutsiyasi so‘z erkinligini kafolatlaydi. Lekin bu huquqning chegaralari bormi va boshqa odamga zarar yetkazadigan harakatlar yoki harakatsizliklar uchun javobgarlik qayerdan boshlanadi?

So‘nggi paytlarda internetda — ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zbek segmenti ham bundan mustasno emas — internet-bulling yoki biror masala bo‘yicha o‘z fikrini bildirganlarni ta’qib qilish hollari tez-tez uchrab turibdi.

Ko‘pincha jamiyatimizda barcha uchun qabul qilingan fikrlardan farq qiluvchi g‘oyalarni ilgari suradiganlar o‘z fikrini aytgani uchun nafratli ta’qiblarga duchor bo‘ladi. Ta’qib insonga ma’naviy va jismoniy zarar yetkazadi. Bunday harakat internetdagi auditoriyasi katta foydalanuvchilar tomonidan amalga oshirilganda zarar ko‘lami yana ham kengayadi.

Ta’qib qurbonining tarafdorlari ham onlayn hujumga uchrasa, vaziyat yanada og‘irlashadi. Bu hol qo‘rquv va o‘z fikrini bildirmaslikka, bora-bora esa ijtimoiy befarqlikka olib keladi.

So‘z erkinligi huquqining xalqaro standartlari qanday? Mamlakatimiz qonunchiligi onlayn-zo‘ravonlikdan qanday himoya qiladi? Bunday nafratli so‘zlar mualliflarining javobgarligini qanday kuchaytirish mumkin?

Keling, ushbu savollarni navbat bilan ko‘rib chiqamiz. Qonunchilik bazasini aniqlashga o‘tishdan avval nafratli nutq yolg‘on ma’lumotlarning tarqalishidan tubdan farq qilishini aniq tushunib olish kerak. Bu ko‘pincha so‘z erkinligiga bosim o‘tkazishga sabab bo‘ladi.

Xalqaro huquq so‘z erkinligi va nafrat targ‘ibotiga qarshi kurash to‘g‘risida nima deydi?
Xalqaro huquqda nafrat nutqining aniq ta’rifi yo‘q, lekin so‘z erkinligi va nafrat uyg‘otish/uyg‘otmaslik chegaralari qayerda ekanini aniqlaydigan xalqaro standartlar va huquqiy asoslar mavjud. Shu bilan birga «[so‘z erkinligini] cheklashlar istisno bo‘lishi kerak va qat’iy shartlar va qattiq nazoratga bo‘ysunishi kerak» (BMTning fikr va ifoda erkinligini ilgari surish va himoya qilish bo‘yicha 2019 yil 9 oktabrdagi maxsus ma’ruzachisining hisobotidagi 6-bandga qarang, A/74/486).

O‘zbekiston tomonidan 1995 yil ratifikatsiya qilingan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning (FSHXP) 19-moddasida quyidagilar belgilangan:

«Har bir inson erkin fikrlash huquqiga ega.

Har bir inson o‘z fikrini erkin ifoda etish huquqiga ega; bu huquq davlat chegaralaridan qat’i nazar og‘zaki, yozma, matbuot vositasida yoki badiiy ifoda shaklida yoki o‘zi tanlagan boshqa usulda har qanday ma’lumot va g‘oyalarni izlash, olish va tarqatish erkinligini o‘z ichiga oladi».

Ushbu huquq mamlakatimiz qonunchiligida ham o‘z ifodasini topgan va kafolatlangan. Ammo ba’zi hollarda haqoratli izohlar nafaqat ifodalangan fikrga tegishli bo‘ladi, balki shaxsiy haqoratga ham aylanib ketadi, zo‘ravonlik, kamsitish va jazo tahdidini targ‘ib qiladi.

Jinoyatni sodir etgan shaxs, shubhasiz, O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq jazoga tortiladi. Biroq nafratli nutq muallifi ijtimoiy tarmoqlarda boshqa foydalanuvchilar tomonidan uning ritorikasi tarqalishi uchun ham javobgar bo‘lishi kerakmi?

Misol: jinsga asoslangan bezorilik va huquqiy himoya
Ba’zan biz ijtimoiy tarmoqlarda gender siyosati bo‘yicha qilinayotgan islohotlarga nisbatan salbiy va xolis bo‘lmagan munosabatni kuzatamiz. Biroq gender tengligi haqida salbiy fikr bildirayotganda so‘z erkinligi huquqi va aslida uning chegaralarini tushunmaslik, hate speech, zo‘ravonlik, zulm qilish va jinsiga qarab kamsitishni erkin targ‘ib qiluvchining mas’uliyatsizligini oshiradi va internet-bullingni hosil qilib, ko‘paytiradi.

Bundan tashqari, bunday hujumlar irqiy, milliy, diniy yoki gender nizolariga olib kelishi mumkin, bu esa O‘zbekiston milliy xavfsizligiga bevosita tahdiddir.

Xalqaro standartlarni va inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni o‘z zimmasiga olgan holda, mamlakatimiz internetda ham, boshqa ommaviy axborot vositalarida ham zo‘ravonlik va nafrat targ‘ibotining oldini olish uchun choralar ko‘rishi shart. FSHXPning 20-moddasida shunday deyiladi:

«1. Urushni targ‘ib qilish qonun bilan taqiqlanishi kerak.

2. Kamsitish, dushmanlik yoki zo‘ravonlikni qo‘zg‘atadigan milliy, irqiy yoki diniy nafratni qo‘llab-quvvatlovchi har qanday chiqish qonun bilan taqiqlanishi kerak.»

Ushbu masala bo‘yicha BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi FSHXPning 20-moddasidagi qonuniy cheklovlar so‘z erkinligiga zid emasligiga aniqlik kiritdi. Demak, BMTning Inson huquqlari qo‘mitasida yozilishicha:

«… 2-band kamsitish, dushmanlik yoki zo‘ravonlikni qo‘zg‘atadigan milliy, irqiy yoki diniy nafratni qo‘llab-quvvatlovchi har qanday nutqqa, tegishli davlatga nisbatan ichki yoki tashqi ahamiyatga ega bo‘lishidan qat’i nazar, qarshi qaratilgan.

FSHXPning 20-moddasi 1-bandiga binoan jinoiy javobgarlik O‘zbekiston Jinoyat kodeksida allaqachon mavjud, xususan, Jinoyat kodeksining 150-moddasida urushni targ‘ib qilish, Jinoyat kodeksining 156-moddasida milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni qo‘zg‘atish taqiqlanadi.

Biroq, FSHXPning 20-moddasi 2-bandi bizning qonunchiligimizda hali ham biron-bir tarzda, ya’ni jinsga asoslangan bezorilik nuqtai nazaridan o‘z aksini topmagan. Afsuski, qonunchiligimiz kibermaydonda bezorilikdan jabrlanganlar va ushbu qurbonlarni himoya qiladiganlarni himoya qilmaydi, bu esa fuqarolarni ham, tashkilotlarni ham, mansabdor shaxslarni ham zaif holatga keltiradi. Bundan tashqari, bunday hujumlar O‘zbekistondagi ayollarning mavqeini yomonlashtiradi va gender siyosatiga to‘sqinlik qiladi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasida haqorat «shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish» deb ta’riflanadi. Biroq minglab kuzatuvchilarga ega blogerning («Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi qonunning 3-moddasi 8-qismi blogerni ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa mavzularda turli xil, shu jumladan, axborot xususiyatiga ega ma’lumotlarini foydalanuvchilari tomonidan muhokama qilish uchun joylashtiradigan shaxs sifatida belgilaydi.) kinoyali postlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri haqorat qilmasdan turib kamsitish va zo‘ravonlikni targ‘ib qilishga qaratilganida qonunchilik onlayn bezorilik qurbonini va uning tarafdorlarini himoya qilmaydi.

«Ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 2-moddasi 9-qismida «tazyiq va zo‘ravonlik qurboni — bu tazyiq va zo‘ravonlik tahdidi ostida bo‘lgan yoki tazyiq va zo‘ravonlik natijasida jabr ko‘rgan ayol» deb ta’riflangan. Ammo na ushbu qonun, na kodekslar shaxslarni internet foydalanuvchisi — post muallifi va izoh qoldiruvchilari tomonidan sodir etilgan zo‘ravonlik va tazyiqlardan himoya qilmaydi.

Zo‘ravonlik va kamsitishni targ‘ib qilish uchun javobgarlikni kuchaytirish FSHXPning 19-moddasiga zid emas, chunki ushbu moddaning uchinchi qismida:

«Ushbu moddaning 2-bandida nazarda tutilgan huquqlardan foydalanish maxsus burch va majburiyatlarni yuklaydi. Shuning uchun u muayyan cheklovlarga duch kelishi mumkin, ammo ular qonun bilan belgilanishi kerak va:

a) boshqalarning huquqlari va obro‘sini hurmat qilish uchun;
b) davlat xavfsizligini, jamoat tartibini, sog‘lig‘ini yoki axloqini himoya qilish uchun zarur hisoblanadi.

Shunday qilib, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi ushbu bandga aniqlik kiritib, quyidagilarni ta’kidlagan: «So‘z erkinligi huquqidan foydalanish maxsus vazifalar va majburiyatlarni yuklaydi, shuning uchun ham ushbu huquqni cheklashlarga yo‘l qo‘yiladi, bu alohida shaxsga ham, umuman jamiyatga ham tegishli bo‘lishi mumkin. Biroq, ishtirok etuvchi davlat o‘z fikrini ifoda etish huquqini amalga oshirishda ma’lum cheklovlarni qo‘yganda cheklovlar ushbu huquqning tamoyiliga ziyon yetkazmasligi kerak.»

So‘z erkinligini cheklash shartlari
Shuni ta’kidlash kerakki, FSHXP bo‘yicha so‘z erkinligini cheklashlar uchta shartga javob berishi kerak: (1) qonuniylik, (2) legitimlik va (3) zaruriyat va mutanosiblik.

Shunga asoslanib, EXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi (DIIHB) «nafratga oid jinoyatlar (hate crime) — bu ma’lum bir shaxslar guruhiga nisbatan xurofot yoki xuruj asosida sodir etilgan jinoiy harakatlardir», — deb ta’riflaydi. «Jinoyat nafratga asoslangan jinoyat deb qaralishi uchun ikki mezonga javob berishi kerak:

— birinchidan, harakat jinoyat qonunchiligi qoidalariga muvofiq jinoyat tarkibiga kirishi kerak;

— ikkinchidan, harakat xurofotdan kelib chiqishi kerak. Nogironligi bo‘lgan shaxslar ham nafratga asoslangan jinoyatlar qurboniga aylanishi mumkin.

Bundan tashqari, «xurofot motivi ma’lum bir guruhga qarshi qaratilgan xurujli salbiy hukm, murosasizlik yoki nafrat deb ta’riflanishi mumkin. Ushbu guruhni umumiy xususiyat, masalan, irq yoki etnik kelib chiqishi, tili, dini, millati, jinsiy oriyentatsiyasi, jinsiy o‘ziga xosligi yoki boshqa har qanday asosiy xususiyatlar birlashtirishi kerak».

So‘z erkinligi va nafrat nutqi o‘rtasidagi farq haqida gapirganda shuni ta’kidlash kerakki, har xil qarama-qarshiliklarni nafrat nutqi deb tasniflash mumkin emas. Masalan, Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi (IHЕS) «Birlashgan Qirollikka qarshi Xandisayd» ishida davlatni yoki jamiyatning ayrim qismlarini hayratga solishi mumkin bo‘lgan tortishuvli firklar jinoiy va boshqa javobgarlikka tortilmasligi kerakligini ta’kidlaydi. Chunki «bu plyuralizm, bag‘rikenglik va ochiq fikrlilik talablari, ularsiz demokratik jamiyat bo‘lmaydi».

Biroq «Turkiyaga qarshi Syurek» ishida IHЕS zo‘ravonlik va kamsitishlarni qo‘llab-quvvatlash ritorikasini qonun bilan himoya qilish mumkin emasligini va bu so‘z erkinligi huquqiga zid ekanligini ta’kidlanadi.

Internetda sodir bo‘layotgan voqealarga va jabrlanganlarni nafratga asoslangan bezorilik va kamsitish, zo‘ravonlik yoki tazyiq qilishni targ‘ibotidan himoya qilish, shuningdek, o‘zgacha fikr bildirish ushbu turdagi tazyiqlarga asos bo‘lishidan himoya qilish uchun huquqiy me’yorlarning yo‘qligidan kelib chiqqan holda javobgarlikni kuchaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish zarur.

Shuningdek, ushbu onlayn harakatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish zarur, chunki jazosiz qolish qurbonlar va uning himoyachilariga nisbatan nafrat, kamsitish va bezorilik bir necha marta ko‘payishiga olib keladi.

Mening fikrimcha, milliy qonunchilikka nafrat nutqi va nafratga asoslangan jinoyatlar kabi tushunchalarning kiritilishi bezorilik qurbonlarini himoya qilish, shuningdek, xalqaro hamjamiyatga O‘zbekistonning mamlakatda qonun ustuvorligi va adolat indeksini yaxshilash borasidagi jiddiy niyatlarini namoyish etish imkoniyatini beradi.

Shunga qaramay, yuqorida keltirilgan tushunchalar va atamalarni hamda ular uchun javobgarlikni O‘zbekiston qonunchiligiga kiritish faqat ilmiy, ekspert va professional doiralarda keng muhokamalardan so‘ng sodir bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, jurnalistlar/blogerlar, yuridik mutaxassislar va amaliyotchilarning professional hamjamiyati nafrat nutqi uchun javobgarlik turini va hajmini aniqlashi, shuningdek, uning jamoat kayfiyati va shaxsning shaxsiy xavfsizligiga ta’sirini aniqlashi kerak.

Menimcha, jamiyat, professional va akademik doiralar bunday muammolarni qancha ko‘p muhokama qilsalar, umumiy holat va o‘z harakati/harakatsizligi uchun javobgarlikni oshirish bo‘yicha choralar shunchalik aniqroq bo‘ladi.

Muallif fikri tahririyatnikidan farq qilishi mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mutaxassis: «Ijtimoiy tarmoqlardagi zo‘ravonlikka qarshi huquqiy himoyani kuchaytirish kerak»