13:06 / 25.09.2020
3 501

Ustozning umri - mangu

Ustozning umri - mangu
Fan bog‘ining bog‘bonisan, muallim,
Million dillar dostonisan, muallim.
Sen o‘rgatding ma’rifatdan zo‘r kitob,
Bul kitobki, nur sochishda zo‘r oftob.
Xazinasan, qalbing mehr daryosi,
Unda porlar ulug‘larning ziyosi.
Do‘stlik, mardlik, sadoqatdan dars berding,
Aqlu idrok, farosatdan dars berding.
Butun umring, joning fido farzandga,
Yetaklaysan doim oliy maqsadga.
Baxtu, iqbol doim Senga yor bulsin,
Vatanimiz shonu shuhratga to‘lsin!!!


Bizga ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1996 yil 27 dekabr 367-I-son qaroriga muvofiq 1 oktabr «O‘qituvchi va murabbiylar kuni» deb belgilangan hamda u bayram, ya’ni dam olish kuni deb hisoblangan. Shuning natijasi o‘laroq, mana bir necha yildan buyon yuzlab murg‘ak qalblarga ezgulik yog‘dusini sochadigan, o‘z o‘quvchilariga hayot maktabini beradigan mo‘’tabar zot - o‘qituvchi va murabbiylarimiz kasb-bayramlarini nishonlab kelmoqdalar.

Ayni vaqtda hukumatimiz tomonidan ta’lim-tarbiya muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, muallimlar, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, xorijdagi yetakchi ta’lim markazlari bilan ilmiy-pedagogik hamkorlikni kuchaytirish, o‘quv-tarbiya jarayonlariga zamonaviy ta’lim va axborot texnologiyalarini, yangi o‘quv metodikalarini joriy etish bo‘yicha ko‘plab dolzarb vazifalar amalga oshirib kelinmoqda. Ana shunday chora-tadbirlar natijasida yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi anchagina oshdi.

Soha rivojiga bo‘lgan ana shunday e’tibor maktablarda va oliy ta’lim tizimida o‘quv-tarbiya jarayonlarini sifat jihatidan o‘zgartirishga, o‘qituvchilar tarkibini yaxshilashga muntazam xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, so‘nggi yillarda islohotlar o‘qituvchilarning oylik maoshlari bir necha foizga oshirilishiga olib keldi. Bu esa o‘z o‘rnida o‘qituvchi-professorlarni sevimli kasblarini samarali amalga oshirishlarida ijobiy ruh bag‘ishlaydi.

Nima uchun ustozning umri mangu deyiladi, chunki murabbiy o‘z bilimini kelajak avlodga yetkazadi va bor kuchini shunga safarbar etadi. Buning yana bir isboti sifatida ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiyning quyidagi so‘zlarini ta’kidlash o‘rinlidir: “Avlodlaringizga faqat bugunning emas, kelgusi zamonning ilmini o‘rgating”. Chunki o‘qituvchi murabbiylar kelajakni ko‘zlab dars ta’lim-tarbiya berishdan tashqari o‘zlaridagi bor bilim va tajribalarini ta’lim jarayonida baham ko‘radilar.

Ushbu egallangan bilimlar inson hayotida bir umr hamroh bo‘lib qoladi. Shuning uchun ham ustozlar abadiy va mangu yashaydilar, deb e’tirof etiladi. Albatta, biz barchamiz jamiyatdagi mavqeimizdan, yoshimiz, kelib chiqishimizdan qat’iy nazar, ustozlar haqidagi fikrlarni eshitganimizda ko‘nglimizdan faqat yorqin xotiralar o‘tadi. Shu tobda ko‘z o‘ngimizda qo‘limizga qalam tutqazib, endigina ilm olamiga yetaklagan birinchi ustoz-muallim, dastlabki qadamlarimizni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishimizga, birgina shu amali bilan umr bo‘yi yodimizda qolgan kishi gavdalanadi.

Qalbimizda unutilmas iz qoldirgan qadrdon maktabimiz va uning bag‘rida kechgan beg‘ubor yillarimizni, bizga bilim bergan, insoniylik fazilatlarini o‘rgatgan birinchi mehribon o‘qituvchi va murabbiylarimizni katta hurmat va ehtirom bilan eslaymiz.Ustoz deganda, har bir ustoz ko‘rgan inson qalbida chuqur hurmat - ehtirom va cheksiz minnatdorlik tuyg‘ulari paydo bo‘ladi. Inson, avvalo, unga bilim va ma’rifat dunyosi sari yo‘l ochib bergan, uning qalbiga yuksak insoniy fazilatlar hissini singdirish yo‘lida zahmat chekkan ustoz va murabbiylariga nisbatan ko‘nglida hamisha minnatdorlik tuyg‘usi bilan yashaydi.

Zulfiya Po‘latova,
Toshkent davlat yuridik universitetining
Ixtisoslashtirilgan filiali Umumta’lim fanlari
kafedrasi katta o‘qituvchisi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ustozning umri - mangu