16:06 / 18.10.2020
4 275

Oila, nikoh, ajrim va mulk, kuyovning bekchiligi, kelinning xurmacha qiliqlari va arzon ijara uylari qurish taklifi...

Oila, nikoh, ajrim va mulk, kuyovning bekchiligi, kelinning xurmacha qiliqlari va arzon ijara uylari qurish taklifi...
Avvalo, mavzu oila-nikoh va ajrimlar haqida ekan, maqolaning nomlanishida mulk so‘zini tiqishtirishni qanday zarurati bor degan savol bo‘lishi ham mumkin. Balki, savol o‘rinli hamdir. Lekin, bu haqda biroz keyinroq, xulosa qismida to‘xtalamiz. Hozircha muqaddimani biroz kirish so‘zmi, kirish gapimi yoki so‘z boshimi, nima bo‘lsa ham shunga yaqin keladigan jumlalar bilan boshlasak, menimcha, foydadan xoli bo‘lmaydi...

Yaxshi bilasiz, muqaddas dinimizda oila – nikoh nihoyatda ulug‘lanadi, juda yuksak qadrlanadi. Shundanmi deyman, «Bir oila buzilsa, arshi a’lo titraydi» kabi hadislar ko‘pchiligimizning ongu-shuurimizda yashaydi. Chunki, oila bizning ajralmas va eng oliy qadriyatimizga aylanib ulgurgan. Qadriyatlarimizdan xabardor ko‘pchilik uchun esa, yana bir hadisi sharifda keltirilgan «Inson oila qursa, dinining yarmini mukammal qilgan bo‘ladi...» so‘zlarini bir bor takrorlash kifoyadir. Er-xotinlarning har biriga qarata aytilgan Baqara surasi, 187-oyatidagi “…Ular sizlar uchun libos, sizlar ular uchun libosdirsiz…», kalomini mohiyati ham bugun bizga sir emas. Asoski, albatta, er-xotin bir-birini to‘ldirib turadi, bir-birini tarbiyalaydi. Turli yomon illatlardan asraydi. Ana shuning uchun ham “oila va nikoh” degan qadriyat jamiyatda o‘zining takrorlanmas o‘rniga egadir.

Asosiy qonunimizda ham tarixiy va ham milliy qadriyatimizga aylangan oilaga alohida bir bob (Konstitutsiya 14-bob) ajratilgan va mazkur bob “Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega. Nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanadi.”, degan jumla (huquqiy norma) bilan boshlanib... «ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga, voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar», deya yakunlanadi. To‘g‘rida, oila davlat muhofazasida bo‘lib, nikoh teng huquqliylik asosida qurilar ekan, oila boshlig‘i, ota-onalar ham nafaqat nikoh munosabatlarida, balki farzandlari – oilasi oldida huquqdor bo‘lishi bilan birga, burchdor bo‘lib majburiyat oladi.

Ayni shu munosabatlarga siz bilan biz «oila», unga qo‘yilgan poydevorni esa, «nikoh» deymiz. Mavzuning nomlanishidagi mulk (xususiy, oila mulki) ana shu oilani, uning poydevorni mustahkam saqlab turuvchi asosiy omillardan biri sanaladi. Tez xulosa chiqarishga zinhor shoshilmang, oila poydevoridagi birgina omil – mulk bilan bog‘liq degan fikrdan yiroqman. Lekin, oilaning o‘z boshpanasi, oila yuritish uchun u yoki bu mol-mulk, ashyo va vositalar, pul-mablag‘, ish bilan ta’minlanganlik, qilinayotgan mehnat ortidagi daromad ham muqaddas oilani asrab-avaylash uchun zaruriy «mulk» hisoblanadi. Darvoqe, mulk deganda, ham moddiy va ham nomoddiy, oila va nikohda, er-xotin o‘rtasida esa, yoshlikda berilgan ta’lim-tarbiya asosida orttirilgan ma’naviy mulkning o‘rni ham beqiyosdir.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Iblisga uning lashkarlaridan eng yaqini eng ko‘p fitnachisidir. «Er-xotinning orasini buzgani esa, iblis uchun undan ham yaqinidir» (Imom Muslim)...

Hozircha, kirish qismni shu yerda yakunlab, mavzuni qisqacha tahliliga o‘tamiz. Oilaviy ajrimlar... albatta ularning sabab va omillari turlicha:

- mulksizlik, ishsizlik, qaynonachilik, qaynotachilik, kuyovning bekchiligi, ichkilikbozlik, giyohvandlik, kelinning xurmacha qiliqlari, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnilarning oila hayotiga ortiqcha aralashuvi, oilalardagi ham moddiy ham ma’naviy tafovut, bepushtlik, psixik, narkologik, tanosil, sil, OIV/OITS kasalliklari, ayniqsa yoshlar o‘rtasida ko‘payib borayotgan jinsiy muvozanatning (oriyentatsiya) buzilishi, mas’uliyatni to‘la anglab yetmaslik (nikoh shartnomalaridan foydalanmaslik oqibati) va boshqa biz bilgan va bilmagan ko‘plab asoslar mavjud.

Shu o‘rinda, «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi ma’lumotida, 2018 yil aprel–sentabr oylarida 18.521 nafar ajrashish arafasida turgan oilalarda turmushning buzilishiga sabab sifatida quyidagi omillar ko‘rsatilgan:

- 48,4 foiz — er-xotin o‘rtasidagi maishiy kelishmovchiliklar; 17,4 foiz - qaynona, qaynota yoki uchinchi shaxs, umuman boshqalarning oila ishiga aralashuvi; 5,3 foiz-bepushtlik; 6,3 foiz -moddiy yetishmovchiliklar, turmush o‘rtog‘ining ishsizligi va iqtisodiy muammolar; 5,5 foiz - ichkilikbozlik va boshqa zararli odatlar oqibati; 3,5 foiz - ichki va tashqi migratsiya; 11,3 foiz - boshqa turli sabablar.

Ayni markazning yana bir tadqiqotiga ko‘ra, oilaviy ajrimlarga:

- 43,3 foiz - er-xotinning oilaviy hayotga tayyor emasligi; 24,5 foiz - moddiy yetishmovchilik; 12,6 foiz - xarakterlarning mos kelmasligi; 10,3 foiz - bir-biriga befarqlik; 5,5 foiz ─ javob berishga qiynalaman; 3,8 foiz - giyohvandlik va ichkilikbozlik. Yosh oilalarning buzilishiga esa, 41 foiz holatlarda xarakterlarning to‘g‘ri kelmasligi, 13 foiz holatda befarzandlik, 15 foizida moddiy qiyinchiliklar, 34 foizida uchinchi shaxs aralashuvi, 25 foizida zararli odatlar sabab bo‘layotgani iddao qilinadi.

Menimcha, bu qaydlarni tadqiqot deyish biroz noo‘rin, negaki, bir tomonlama, yuzaki va sayoz tahlil, chuqur ilmiy xulosalarga, atroflicha monitoring tahlillariga asoslanmagan, balki ayrim uzoq va yaqin xorij davlatining yo ayrim xalqaro tashkilotlarning ma’lumotlariga taqliddek tuyuladi. Shuning uchun ham bu xulosalarni ajrimlar borasidagi tadqiqot deb bo‘lmaydi.

So‘zimning isboti sifatida esa qisqagina qilib, quyidagilarni keltirish mumkin. Masalan: 43,3 foiz ajrimlar asosida er-xotin oilaviy hayotga tayyor emasligi omil ekan. Oilaviy hayotga tayyor emas, degan tushuncha nima o‘zi?.., 15-19 yoshda turmushga chiqqan ajdodlarimizdan so‘rash kerakdir balki, bu tushunchani javobini, Sizlar nikohga kirganda, oila qurishga tayyor bo‘lganmisiz?,- deb. Unda bu savolga taxminan shunday javob berilishi ehtimoldan xoli emas... «Bolalarim, bu tushuncha nimaligini bilmadigu, lekin, oila qurgandan so‘ng yashaganmiz uni muqaddas bilib»... 30 yoshda oila qurilsa, u holda oila qurishga tayyor deb kim ayta oladi yo oila qurishga tayyor, degan biror mezon bormi?

10,3 foiz ajrimlarning asosida esa, er va xotinning bir-biriga befarqligi - bunisi endi kulgili holat. 48,4 foiz - er-xotin o‘rtasidagi maishiy kelishmovchiliklar, 24,5 foiz - moddiy yetishmovchilik deb keltiriladi. Bu yuzaki yoki noprofessional yondashuvdir. Menga «Tadqiqot»dagi faqatgina ajrimlarga bepushtlik, ichkilikbozlik va boshqa zararli odatlar asos degan jumlalari biroz haqiqatga yaqindek ko‘rinadi. Albatta, bu shaxsiy fikrim...

Mana bu ma’lumotni o‘qing: “Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan joriy yilning shu vaqtiga qadar 15 ming 413 ta ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarning 9 ming 980 tasi, ya’ni, 60 foizi yarashtirildi. Shuningdek, 11 ming 985 ta nikohi qonuniy rasmiylashtirilmagan oilalar aniqlanib, ularning 5 ming 960 tasi yoki 57,8 foizining nikohi qonuniy rasmiylashtirildi (Vazirlik matbuot xizmati).
Birinchidan, agarda vazirlik o‘tgan besh-olti oyda qariyb 10 000 ga yaqin ajrashayotgan oilani saqlab qolgan bo‘lsa, bu faoliyat faqatgina olqishlarga sazovor bo‘lardi.

Ikkinchidan, vazirlik tomonidan nikohi qonuniy rasmiylashtirilmagan 5 ming 960 tasi yoki 57,8 foizining nikohi qonuniy rasmiylashtirilgani - bu endi ortiqchadek...

Ushbu ma’lumotlarni keltirishimdan maqsad, qaysi bir tizim yoki ularning faoliyatini tanqid qilish emas. Maqsad, oila-nikoh masalasiga jiddiy yondashish vaqti kelgani.

Shunisi aniqki, bugun bu borada chuqur ildizli islohotlarni amalga oshirishimiz hayotiy zaruratdir.

Nega ajrimlar ortib boradi? Bu savol O‘zbekistonnigina emas, barcha davlatlarni birday tashvishga soladi. Eng ilg‘or davlatlar ham bu masalada ko‘p ishlashadi, qancha ilm, qanchadan-qancha mehnat, mablag‘ va vaqt sarflashadi...

Biroq, shu bilan birga, ajrimlarning ortishi hali falokat emas. Falokat shuki, juda katta foiz va ko‘rsatkichlar bilan o‘sha ajrashgan oilalarning qayta oila qurishdagi imkonsizligi, keling erkaklarni qo‘ya turaylik... ammo, opa-singil, qiz-ayollarimizning qayta oila qurishdagi o‘ta cheklangan imkoniyatlari va nochor shart-sharoitlari asl falokatdir. Ilg‘or davlatlar bu borada ancha-muncha amaliy ishlarni qilib ulgurishgan. Biz esa, bozor iqtisodiyoti sharoitida hamon ajrimlar qayd etilishi va ortib boraverishini tabiiy jarayon ekanligini ham tan ola bilganimiz yo‘q.

Birgina misol, sudlar tomonidan er-xotinga 3 va 6 oylik yarashuv muddatini berib, «Yarashtiruv komissiyasiga» yuborilayotgan holatlarning 90 foizidan ortig‘i, balki undan ham ko‘prog‘i yarashishni istashmagan.

Endi asosiy masalaga o‘tsak, nikoh va ajrim... Nega, nima uchun, nima qilish kerak? Yechimi bo‘yicha takliflar bormi? Ana shundan gaplashsak...

1. Eng avvalo ajrimlar ortib borishini falokatli qilib qabul qilmasdan, bu jarayonni tan olishimiz, biz ham shu yer yuzidagi jahon degan jamiyatning bir bo‘lagi ekanligimizni yoddan chiqarmasligimiz muhim. Agar buni teskarisini davom ettirib, oila-nikoh, ajrimlar masalasiga siyosiy populizmni, ortiqcha ma’muriy va boshqa vositalarni keragidan ortiq aralashtirsak, hozirgi ahvol ham yomonlashib boraverishi mumkin.

Qisqagina davrda oilaviy nizolarga o‘z vaqtida barham berilmaganligi oqibatida 5 940 ta oila-turmush munosabatlari doirasidagi huquqbuzarliklar sodir etilgan, oila-turmush doirasida tazyiqqa uchragan xotin-qizlarning 2 776 nafariga IIV tizimlari tomonidan «himoya orderi» berilgan. Achinarlisi, er - xotinlar o‘rtasida bir-birining hayotiga qasd va suiqasd qilishdek, og‘ir jinoyatlar ortgan. Demak, barbod bo‘lgan oilani saqlab qolishga ortiqcha aralashuv maqsadga muvofiq emas.

Buning isbotini aniqlash uchun quyidagi ma’lumotlar ham yo‘nalish beradi deb hisoblayman. Agar, bitta tumanlararo fuqarolik sudi misolida ko‘rilgan ish (nizo)larga e’tibor bersak, Toshkent shahridagi bir tumanlararo FIB sudning o‘zi joriy yil 9 oyida jami 3163 ta ish ko‘rgan bo‘lsa, ularning 752 tasi nikohdan ajratish haqidagi ishlardir. Shu ishlarning 331 tasida nikohdan ajratilgan bo‘lsa, 334 tasida nikohdan ajratilmagan. Ajratish rad etilgan ishlardan tashqari, ajratilmagan va yarashish uchun muddat berilgan holatlarning ham 90 foizdan ortig‘i yarashib ketishmaydi. Ajratish rad etilgan ishlarning ham katta qismida esa, 6 oydan keyin yana ajrashishga da’vo ariza bilan murojaat qilinadi.

2. Agar, nikohdan o‘tuvchilarning taxminan kamida 60 foizi o‘z mol-mulkiga (kuchmas) yoki uy-joyiga, oila uchun kerakli ashyo va vositalariga ega emasligini e’tirof etsak, shunday haqiqat ayon bo‘ladiki, ko‘pgina oilalar tavakkaliga, yaxshi bo‘lib ketar degan o‘yda, yaxshi niyatlar asosida qurilar ekan. Yoki opa-singillarimizni hayot degan kemaga o‘zimiz tavakkaliga chipta olib beramiz desak ham bo‘ladi (buni ajrimlarda afsus va nadomat bilan aytayotgan opa-singillarimizni gap so‘zlaridan angladim).

Xatomiz shundaki, biz ko‘yov emas, kelin tanlashga ko‘proq e’tibor qaratamiz. Nega oila boshlig‘ini tanlashga emas, oila bekasi (aksariyat)ni tanlashga bor e’tiborni qaratamiz. Axir ajrimlarga asos deb keltirilgan va biz qog‘ozga o‘rab aytayotgan moddiy qiyinchiliklar deb aytayotgan omil, aynan kuyovga - o‘sha oila boshlig‘iga bevosita bog‘liq-ku. Agar oila boshlig‘ining hech bo‘lmasa, bir oila yashashi uchun shaxsiy yoki doimiy yashashi uchun turar joyi bo‘lmasa, turar joy ota-onasi va oila boshlig‘ining aka-uka, opa singillariga birday tegishli bo‘lsa hamda o‘zlari uy-joy qilib chiqib ketar degan niyatda oila qurilsa, bunga imkoniyat topilmasa bunday oilalar katta ehtimol bilan barbod bo‘lishga maxkumdirlar. Nima qilish kerak? O‘z uy-joyiga va shaxsiy mol-mulkiga ega kuyovlar soni cheklangan. Qizni uzatish kerak. Bo‘lmasa, qolib ketadi, ijtimoiy muvozanat buziladi.

Mana shu joyda davlat bu masalani hal qilishga amaliy qadam qo‘yishi kerak. Ya’ni, “Oila jamiyatning asosi”, degan ijtimoiy loyihani hayotga tatbiq etishi lozim. Ayni shu ijtimoiy loyiha doirasida kreditga emas, davlat va xususiy sherikchilik asosidagi ijara uylari (ko‘p qavatli)ni keng ko‘lamda qurish, shu uylarni uy-joyga muhtoj, daromadi kam, boshlang‘ich va kredit to‘lovlarini ham o‘z vaqtida to‘lashga qodir bo‘lmagan oilalar bilan umrbod ijara shartnomasi asosida ularga berish mumkin. Shu yo‘l bilan qanchadan-qancha oilalarni saqlab qolish ehtimoli mavjud.

Ha aytgancha, ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish va ularga mablag‘ ajratish jarayonida yoshlar, ayollar, keksalar, bolalar deb ularni alohida ajratish emas, ko‘p urg‘uni ularni birlashtirgan «oila»larning mustahkamlashga qaratish muhim.

3. Garchi mentalitetimizga unchalik ham mos kelmasa-da, kelajakda farzandlarimiz uchun, nikoh shartnomasini ham hayotga kengroq tatbiq etib borishimiz darkor. Illo, uy-joy, boshpanasi qolayotgan, opa singillarimiz va farzandlarimiz taqdiri ana shu chorani ham tizimli qo‘llashni taqozo etmoqda. Bu shartnomalarni tuzishga mavjud qonunlarimizda ham yo‘l qo‘yiladi.

4. Bozor iqtisodiyotiga asoslangan huquqiy demokratik davlat barpo etishni maqsad qildik. Lekin, Fuqarolik kodeksda oila mulkini, xususiy mulkni, oila qonunchiligi ijodkorligini bozor iqtisodiyotiga asoslangan huquqiy demokratik davlat talabi darajasiga olib chiqdik deya olmaymiz. Shuningdek, yillar davomida oila huquqi alohida mukammal huquq darajasiga yeta olmadi. Aytish shartki, Fuqarolik kodeksi eskirdi, uni hadeb yamash emas, ildizli qayta ishlash lozim, oila huquqini esa, mukammal va alohida ixtisoslashuv asosida qayta ishlab chiqishimiz kerak. Fuqarolik kodeksimiz va oila kodeksidan hamon sobiq ittifoqning asorati ufurib turibdi, aksariyat oilaviy mulkiy, xususiy mulkiy nizolarning ham ildizi aslida shundandir.

Bitta tumanlararo FIB sudda 9 oy davomida ko‘rilgan 197 ta oila nizolari, 365 tasi uy-joy nizolari bilan bog‘liq ishlarning o‘ziyoq bu boradagi huquq ijodkorligini takomillashtirish uchun chuqur tizimli ishlarni qilish lozimligini taqozo etadi.

5. O‘ziga ko‘mak kerak bo‘lib turgan «Mahalla instituti»ni faqatgina bizda mavjud, bu noyob institut deb, roli va o‘rnini sun’iy oshirmasdan, ularni oilalar bilan munosabatlari chegarasini aniq belgilab qo‘yish davr talabi. Negaki, biz oxirgi paytlarda ko‘plab mahallalarga oqsoqol saylash o‘rniga rais, ya’ni ijtimoiy himoyaga muhtojlarga pul tarqatadigan, kommunal to‘lovlar uchun qarzdorlikni yig‘ishga mas’ul hamda mahalliy hokimiyatni boshqa topshiriqlarini yelib yugurib bajaradigan ma’muriy natijada mahalla muhitiga kam e’tibor qaratadigan ishchilar toifasini shakllantirib qo‘ydik.

Ayniqsa, ba’zi hollarda, munosib bo‘lmagan kadrlarni ham tanladik. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, tashkil topganidan buyon avgust oyigacha bo‘lgan qisqa davrda faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun 34 nafar tuman (shahar) hokimlarining o‘rinbosarlari – mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari boshliqlari, 283 nafar mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari lavozimidan ozod etilgan. 8 nafar tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari boshliqlari hamda 103 nafar mahalla raislariga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.

Shunday ekan, mahallalarni (hammasi ham emas) oilalarni mustahkamlash, ayniqsa ajrim yoqasidagi oilalarni yarashtirib qo‘yishdagi roli yarashtiruv haqida xulosani rasmiylashtirishdangina iborat bo‘lib qolmoqda. «Davlat + Mahalla+Oila» tizimini bog‘lash yoki oilalarga ko‘mak berish lozim bo‘lsa, buni faqatgina davlat tomonidan ajratilayotgan mablag‘ni taqsimlovchi, soat kabi ishlaydigan mukammal, aqlli, zamonaviy innovatsion vositalar asosidagi jamg‘armaviy tuzilma orqali amalga oshirsa ham bo‘ladi.

6. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, sudlar faoliyatida dastlab nikoh bekor qilinib, ajrim qayd etilishiga, bolalar va ayolning keyingi taqdiri, ular huquqlarining kafolatlash, farzandlar taqdiri, mol-mulk taqsimoti keyinroq ko‘rib chiqilmoqda. Bu tajriba esa, o‘zini oqlamayapti. Bilsangiz, oila-nikoh huquqiy instituti u bilan bog‘liq nizolar va ularni hal etish borasidagi huquq, bu - bir ummon kabi juda keng huquqiy maydondir.

Shuning uchun ham oilaviy nizolarni ko‘rib chiqishga sudlarni moslashtirish, ya’ni, oila nizolarini ko‘rib chiquvchi sudlar ixtisoslashuvini tashkil etish, kerak bo‘lsa, shaharlar va aholi hamda nizolar ko‘p hududlarda bir yoki bir necha mahallalar uchun uchastka sudlarini tashkil etish vaqti kelganligini anglatadi. Bu borada tayyor ilg‘or va ijobiy natija berayotgan xorijiy tajriba mavjud.

7. Ajrashayotgan ayollarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularni ko‘chada qolib ketmasligini kafolatlash uchun ham er-xotinning farzandi va birgalikdagi mol-mulki bo‘lmagan taqdirda ham nikoh faqat sud tomonidan ajratilishi lozim. FXDYOdan bunday vakolatni olib tashlash, qonunchilikka ana shunday tuzatish kiritish kerak.

8. Yosh oilalardagi ajrimlarga sabablardan biri – giyohvandlik, psixik, narkologik, tanosil, sil, OIV/OITS kasalliklari, ayniqsa yoshlar o‘rtasida ko‘payib borayotgan jinsiy muvozanatning (oriyentatsiya) buzilishi va boshqa shunga o‘xshash kasalliklar ekanligini inobatga olib, nikohlanuvchilarning tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish qoidalarini buzish, soxta va qalbaki ma’lumotnomalar berganlik uchun jinoiy javobgarlik sanksiyalarini kuchaytirish va qattiqlashtirish lozim.

9. Nihoyat xususiy mulk, bugungi kunda uyga kiritib qo‘yish, uydan chiqarish, uy-joydan foydalanish huquqini yo‘qotgan deb topish, uy-joyni birgalikdagi mulk deb topish, uy-joydan hissa ajratib berish, uy-joy merosidan ulush belgilash, er yoki xotin mulklaridan ulush belgilash, er-xotin yoki ulardan biri tashkil etgan tadbirkorlik sub’ektlari (korxona, X/F, MCHJ va hak.)da ulush belgilash kabi nizolarning ko‘payib borishi, oila mulkida, xususiy mulk huquqining kafolatlarini takomillashtirish bilan birga, doimiy propiska degan tushuncha, ro‘yxatga qo‘yish va ro‘yxatdan chiqarishni uy-joydan foydalanish degan tushunchadan ajratib qo‘yishimiz, bu boradagi qonun hujjatlarini aniqlashtirishimiz shart.

10. Yoshlarning axborot xavfsizligini yetarlicha ta’minlanmaganligi, ijtimoiy tarmoqlardagi, salbiy va zararli axborotlardan himoyalanmaganligi sabab, turli maqsadli guruhlar (tajovuzkorlik, vahshiylik, ichkilik, giyohvandlik, faxsh, noodatiy jinsiy munosabatlarni, oila bo‘lib yashash muhim emasligini targ‘ib qiluvchi)ning ta’siriga tushib qolayotganligini va bu yosh oilalarning qisqa muddatda ajrimiga omillardan biri bo‘layotganligini tan olib, kechiktirib bo‘lmaydigan strategik choralarni ko‘rishimiz kerak.

11. Ajrimlarga yana bir omil qaynonachilik, qaynotachilik, kuyovdagi bekchilik, qarindoshlar aralashuvi kabilar bular endi ma’naviyat, qadriyat , mentalitet, unib-o‘sgan oilaviy muhit, atrof-muhitga ularning munosabati bilan uzviy bog‘liq masalalardir. Agar ularga qon bilan kirgan, shakllanib qolgan deb qarasak, faqatgina Yaratgandan insof so‘rash bu omilga yechim bo‘ladi.

Xullas, bu mavzuni bir maqola doirasida ko‘rib chiqish imkoni mavjud emasligini inobatga olib, bu mavzu yana davom etadi degan umiddaman.

Shunda ekan, osmonimiz musaffo, yurtimiz, oilalarimiz mustahkam, kelin-kuyov, qaynona-qaynonalar ahil-inoq, qo‘ni-qo‘shnilar tinch-totuv, nikoh tuzgan oilalar rizqu-ro‘zli bo‘lib, «Qo‘shganing bilan qo‘sha qari!», «Borgan joyingda tosh qotgin», degan donishmand xalqimizning, keng ma’no duolari doim ijobat bo‘lsin!

Nuriddin Murodov

Manba: Uza.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Oila, nikoh, ajrim va mulk, kuyovning bekchiligi, kelinning xurmacha qiliqlari va arzon ijara uylari qurish taklifi...