date

Eldor Shomurodovning kelajagi qaysi yo‘l bilan davom etadi?

Eldor Shomurodovning kelajagi qaysi yo‘l bilan davom etadi?
O‘zbekiston milliy terma jamoasining sardori va to‘purari Eldor Shomurodov uchun navbatdagi mavsum oddiy musobaqa emas — u uchun jahon chempionatiga olib boruvchi hal qiluvchi davr bo‘lishi mumkin. Kelasi yil AQSH, Kanada va Meksikada o‘tadigan mundialda Eldor termamizni maydonga boshlab tushishi kutilayapti. Shunday ekan, uning sport formasi, o‘yin amaliyoti va psixologik holati — barchasi o‘z vaqtida pik holatda bo‘lishi shart.

Ayni paytda Shomurodov futboldagi faoliyati uchun muhim qaror ostonasida turibdi. Rimning “Roma” jamoasida yangi bosh murabbiy Jan Pero Gasperini ish boshlagan va Eldor u bilan ishlashga tayyorligini bildirgan bo‘lsa-da, “asosiy tarkib kafolati” masalasi hali noma’lumligicha qolmoqda. Muntazam o‘yin amaliyoti esa uning jahon chempionatidagi o‘yini uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Eldorga nisbatan qiziqish juda katta. Turkiya Superligasining so‘nggi mavsumni beshinchi o‘rinda yakunlagan va Yevropaga chiqish maqsadida tarkibini kuchaytirishni reja qilgan “Bashakshehir” klubi rasman “Roma”ga 7 million yevrolik taklif bilan chiqqan. Turklar bir necha mavsumdan buyon Shomurodovni kuzatishmoqda va bu gal jiddiy harakatga o‘tmoqda.

Shu bilan birga, Eldorga Fransiyaning “Renn” klubidan ham qiziqish mavjud. Liga 1 jamoasi o‘z hujum chizig‘ini kuchaytirish niyatida bo‘lib, “Roma” bilan rasmiy muloqotlarni boshlab yuborgan. Mutaxassislarning fikricha, Shomurodovning harakatlari va texnik salohiyati “Renn”ning o‘yin uslubiga mos keladi va u yerdagi raqobatli muhit unga yangi bosqichda o‘zini ko‘rsatish imkonini beradi.

Qiziqarlisi, AQSH chempionatidan ham takliflar bor. Agar moliyaviy jihatlar ustuvor sanalsa, MLS klublari katta maoshlar va sharoitlar bilan qiziqtirishi mumkin. Lekin jahon chempionati ostonasida sport formasini saqlash birinchi o‘rinda turishi kerak.

Eldorning mavsum ikkinchi yarmida “Roma”da ko‘rsatgan o‘yini — hal qiluvchi pallada asosiy tarkibga kirishi va golli harakatlar qilishi — uning bozori qizishida muhim omil bo‘lmoqda. Shubhasiz, Italiya klublari ham uning atrofida davra tuzishi mumkin.

Xulosa qilib aytganda, Shomurodov uchun bu faqat klub tanlovi emas, balki butun faoliyatiga ta’sir qiladigan qaror bo‘ladi. U “top-5” ligasida qoladimi, Turkiyaga o‘tadimi yoki yangi sahifa ochib, AQSHdagi hayotni tanlaydimi — bu masalada vaqt yaqin kunlarda barchaga aniqlik kiritadi.

Shomurodov qaysi yo‘lni tanlaydi? Savol ochiq. Sizningcha, Eldorning eng to‘g‘ri qarori qaysi bo‘ladi?
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eldor Shomurodovning kelajagi qaysi yo‘l bilan davom etadi?