date

Bloger Qobil Do‘sov 5 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi

Bloger Qobil Do‘sov 5 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi
Bloger Qobil Do‘sovga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, bugun jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida Qobil Do‘sovga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilingan. Jinoyat ishi JIB Shayxontohur tuman sudi sudyasi A.Mirzaxanov raisligida birinchi instansiyada ko‘rib chiqilgan.

Sud hukmiga muvofiq Qobil Do‘sov 5 nafar jabrlanuvchiga (Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mutasaddi va mas’ullari, Chirchiq shahri IIB Probatsiya bo‘limi katta inspektori) nisbatan Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi “a” bandi, 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandi va 237-moddasi (yolg‘on xabar berish) 2-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.

Qobil Do‘sovga jinoyat ishlari bo‘yicha Arnasoy tuman sudining 2025 yil 24 fevraldagi hukmi bilan tayinlangan jazoni qisman qo‘shish yo‘li bilan o‘tash uchun uzil-kesil 5 yil 2 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayilangan. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.

Shuningdek, Qobil Do‘sovning Facebook'dagi profili hamda Telegram'dagi kanali faoliyati to‘xtatilib, bloklanishi belgilangan.

Qobil Do‘sov JIB Chilonzor tuman sudining 2024 yil 22 noyabrdagi hukmi bilan haqorat qilish jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 1 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangandi. JIB Yashnobod tuman sudining 2025 yil 24 yanvardagi ajrimiga muvofiq Qobil Do‘sovga nisbatan tayinlangan va o‘talmay qolgan 11 oy 2 kun ozodlikni cheklash jazosi shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirilib, jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilangan.

Bundan tashqari, JIB Arnasoy tuman sudining 2025 yil 24 yanvardagi hukmi bilan Do‘sovga 1 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bloger Qobil Do‘sov 5 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi