date
views 1 790

Jahon chempionatiga chiqqan O‘zbekiston qancha pul ishlab topadi?

Jahon chempionatiga chiqqan O‘zbekiston qancha pul ishlab topadi?
Kelasi yil yozda AQSH, Kanada va Meksika maydonlarida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida milliy jamoalarga beriladigan mukofot pulining umumiy summasi 896 mln dollarni tashkil etadi. Bu – tarixda kuzatilmagan rekord ko‘rsatkich. Xo‘sh, O‘zbekiston milliy jamoasi musobaqada qatnashish orqali qancha pul ishlab topadi?

Kelasi yil mana shu kunlarda o‘zbekistonlik futbol muxlislari o‘z orzularining ro‘yobiga guvoh bo‘ladi: milliy jamoa Jahon chempionatida debyut qiladi. Kun.uz bu debyutning moliyaviy jihatlariga e’tibor qaratdi: xo‘sh, futbol bo‘yicha eng nufuzli musobaqada qatnashish O‘zbekiston futboliga qancha daromad keltiradi?

Oxirgi mundialda milliy jamoalarga qancha to‘langan?

Qatarda o‘tkazilgan 2022 yilgi jahon chempionatida milliy jamoalarga berilgan mukofot pulining umumiy summasi 440 mln dollarni tashkil etgandi. Bu hozirgacha qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich. 3 yil oldin ishtirokchilarning har biri quyidagicha miqdorlarda mukofotlangan:

- Guruh bosqichidan o‘ta olmagan jamoalar – 9 mln dollar;
- Nimchorak finalchilar – 13 mln dollar;
- Chorak finalchilar – 17 mln dollar;
- 4-o‘rin (Marokash) – 25 mln dollar;
- 3-o‘rin (Xorvatiya) – 27 mln dollar;
- 2-o‘rin (Fransiya) – 30 mln dollar;
- Jahon chempioni (Argentina) – 42 mln dollar.
Har bir milliy jamoaga tayyorgarlik jarayoni uchun ham 1,5 mln dollardan ajratilgan.

Bundan tashqari, FIFA Jahon chempionati paytida futbolchilarini milliy jamoalarga yuborgan klublar uchun alohida kompensatsiya to‘laydi. Xususan, Qatardagi mundialda bu miqdor umumiy 209 mln dollarni tashkil etib, pul 400 dan ortiq klubga tarqatilgan. Bunda klublarga har bir futbolchi uchun kuniga 10 ming dollar atrofida pul to‘langan. Bu pullar futbolchining nafaqat hozirgi, balki so‘nggi 2 yilda o‘ynagan barcha klublariga taqsimlangan.

Rekord yangilanadi

AQSH, Kanada va Meksika maydonlarida o‘tkaziladigan 2026 yildagi musobaqa ishtirokchilar soni 32 ta emas, ilk marta 48 ta bo‘ladi. Jamoalar 4 tadan bo‘lib, 12 ta guruhga bo‘linadi, har bir guruhning g‘olibi va ikkinchi o‘rin sohibi, shuningdek, uchinchi o‘rinni egallagan 8 ta eng yaxshi jamoa keyingi bosqichga o‘tadi. Shu jihatdan, umumiy o‘yinlar soni ham 64 tadan 104 taga ko‘payadi.

Navbatdagi mundialning umumiy mukofot jamg‘armasi ma’lum – 896 mln dollar. Bu Qatardagi musobaqaga qaraganda 2 barobar ko‘p. Lekin hozircha bu pullarning ishtirokchilar o‘rtasida qanday taqsimlanishi aniq emas. Ayrim tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yilgi mundialda guruh bosqichidan o‘ta olmagan jamoalarga 13 mln dollardan, 1/16 finalda musobaqadan chiqib ketganlarga esa 17 mln dollardan to‘lanishi mumkin.

O‘zbekistonning imkoniyatlari qanday?

Qur’adan oldin barcha terma jamoalar oxirgi FIFA reytingidagi o‘rnidan kelib chiqib 4 ta savatchaga ajratiladi. Ayni paytda O‘zbekiston bu reytingda 55-o‘rinda boryapti. Biz ko‘p ehtimol bilan 3- yoki 4-savatdan joy olamiz. Reglament ko‘ra, Osiyo jamoalari bir guruhda ishtirok etishi mumkin emas. Shu jihatdan, Timur Kapadze jamoasi o‘rin oladigan guruhda, albatta, bitta Yevropa jamoasi bo‘ladi. Shuningdek, Afrika jamoalaridan birining ham O‘zbekiston guruhiga tushish ehtimoli 75 foizga teng. Uchinchi raqib esa Yangi Zelandiya, Janubiy Amerika yoki Shimoliy Amerika jamoasi bo‘ladi.

Raqiblarning kuchi FIFA reytingiga bog‘liq bo‘lgani sababli, milliy jamoa tayyorgarlik jarayonidagi o‘rtoqlik o‘yinlarida ham g‘alaba qozonishda davom etishi foydadan xoli bo‘lmaydi. Bunda oxirgi turdagi Qatar ustidan qozonilgan g‘alaba ham muhim ahamiyatga ega.

Umuman olganda, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi milliy jamoaning jahon chempionatidagi ishtiroki uchun eng kamida 10 mln dollar atrofida pul ishlab oladi. Agar pley-offga chiqadigan bo‘lsak, bu miqdor sezilarli darajada oshib boraveradi. Shuningdek, musobaqaga tayyorlanish jarayoni uchun ham 1,5 mln dollar atrofida pul beriladi.

Bundan tashqari, yetakchi mahalliy futbol klublari ham yaxshigina kompensatsiya puliga ega chiqadi. Masalan, saralashning oxirgi turlariga “Paxtakor”dan 4 nafar futbolchi jalb qilindi. Agar qaydnomada jiddiy o‘zgarishlar yuz bermasa, FIFA “sherlar” hisobiga bir necha yuz ming dollarni o‘tkazib berishini kutish mumkin.

Ma’lumot uchun, Shimoliy Amerika maydonlarida bo‘lib o‘tadigan mundial 2026 yilning 11 iyunida boshlanib, 19 iyulgacha davom etadi.

Doston Ahrorov
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jahon chempionatiga chiqqan O‘zbekiston qancha pul ishlab topadi?