
Yaqin Sharqda keskinlashgan vaziyat fonida Eron xalqaro tashkilotlardan faol pozitsiya kutayotganini ochiq bildirdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining navbatdagi yig‘ilishida Eronning BMTdagi doimiy vakili Amir Said Iravoniy shunday so‘zlar bilan chiqish qildi: “MAGATE Isroilning yadro obyektlarimizga yo‘naltirilgan tajovuziga qarshi jim turmasligi shart”.
Eron vakili o‘z nutqida Isroil tomonidan boshlangan “Isyonkor sher” deb nomlangan operatsiya haqida gapirib, bu faoliyat xalqaro huquqka zid ekanini, har qanday mamlakat o‘zini himoya qilish huquqiga ega ekanini ta’kidladi. “Isroil tajovuzkorligi to‘xtamaguncha, Eron o‘zini himoya qilish huquqidan voz kechmaydi”, — dedi u.
Iravoniy shuningdek, Eronning yadro dasturi faqat tinch maqsadlarda qo‘llanilayotganini qayd etib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, mamlakat MAGATE nazoratidagi eng keng qamrovli tekshiruvlar doirasida faoliyat yuritmoqda. U AQSH tomonidan mojaroga harbiy aralashuv ehtimoli borligi haqidagi xabarlardan tashvish izhor qildi va Vashingtonni beg‘araz vositachi sifatida emas, balki jiddiy oqibatlarga sabab bo‘luvchi omil sifatida ko‘rayotganini yashirmadi.
Bu bayonotga javoban Isroilning BMTdagi vakili Dani Danon keskin munosabat bildirdi. U Eron tomoni xalqaro hamjamiyatdan o‘zini himoya qilishda yordam so‘rashga haqli emasligini aytdi. “Jahon hamjamiyatini shantaj qilish va haqiqatni burishga urinishlar fosh bo‘ladi”, – dedi Danon.
13 iyunga o‘tar kechasi Isroil Eronga qarshi keng qamrovli harbiy amaliyotni boshladi. Eron yadro dasturiga qarshi yo‘naltirilgan ushbu hujumlardan bir kun o‘tib, Islom Respublikasi javob zarbasini yo‘lladi. Keyingi kunlarda ikki davlat o‘rtasida o‘zaro zarbalar kuzatildi. Ikki tomon ham qurbonlar va jarohatlanishlar haqida rasman ma’lumot berdi. Ba’zi harbiy va strategik obyektlar zararlandi, ammo tomonlar jamoatchilik oldida yetkazilgan zarar cheklanganligini ta’kidlashmoqda.
Muzokaralar va diplomatik harakatlar so‘nggi haftalarda juda susaygani bois, vaziyat xalqaro darajada yangi bosqichga ko‘tarilishi mumkin. Eron va Isroil o‘rtasidagi ziddiyat nafaqat mintaqada, balki butun dunyodagi siyosiy muvozanatga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.
Eron yadro dasturi va uning atrofidagi mojaro xalqaro siyosatda eng dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. MAGATE, BMT va AQSH kabi kuchli subyektlar bu jarayonda qanday yo‘l tutishi nafaqat mintaqa, balki butun dunyo tinchligi uchun hal qiluvchi omil bo‘lishi mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar