date

Niko Uilyams “Arsenal”ni rad etdi, “Barsa” bilan kelishdi!

Niko Uilyams “Arsenal”ni rad etdi, “Barsa” bilan kelishdi!
Angliya Premer-ligasida yana chempionlik uchun da’vo qilmoqchi bo‘lgan “Arsenal” jamoasi mavsum oldidan tarkibni kuchaytirish ustida jiddiy ish olib bordi. Londonliklar ayniqsa Ispaniya futbolida porlab kelayotgan “Atletik Bilbao” va milliy terma jamoa yulduzi Niko Uilyamsni o‘z safiga qo‘shib olishni niyat qilgan edi.

Biroq, “kanonirlar”ning bu rejasi amalga oshmadi. Jurnalist Xari Jeykobs xabariga ko‘ra, klub transferdan rasman voz kechgan. Bunga esa ikki asosiy omil sabab bo‘ldi: birinchi – Uilyams tomonidan talab qilingan juda yuqori maosh, ikkinchisi – futbolchining shaxsiy xohishi faqat “Barselona”da to‘p surishdan iboratligi.

Niko Uilyamsning o‘z shaxsiy maqsadi aniq: u agar “Atletik”ni tark etsa, faqat kataloniyaliklarga qo‘shilishni istaydi. Uning “Barsa” bilan olib borgan muzokaralari o‘z samarasini berdi va tomonlar allaqachon shaxsiy shartnoma bo‘yicha kelishib olgan. Yangi kelishuvga ko‘ra, 21 yoshli hujumchi “Kamp Nou”da haftasiga 350 ming yevro maosh oladi.

Bu esa “Arsenal” uchun juda og‘ir moliyaviy yuk edi. Qolaversa, London klubi bu transfer uchun futbolchining shartnomasida belgilangan 58 million yevro badal pulini to‘lashga tayyor emas edi. Barcha ushbu omillar birgalikda “kanonirlar”ning rejasini o‘zgartirishga majbur qildi.

Shu bilan birga, “Barselona” rahbariyati Uilyamsni jamoaning kelajagi sifatida ko‘rmoqda. Uning texnikasi, golli vaziyatlarni his etish qobiliyati va yuqori sur’atdagi o‘yini “ko‘k-anorranglilar”ning yangi hujumkor salohiyatini yanada boyitishiga ishonch bildirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Niko Uilyams joriy mavsumda “Atletik” safida Ispaniya chempionatida 34 ta uchrashuvda maydonga tushib, 9 ta gol va 10 ta assistga mualliflik qildi. Shuningdek, u EURO–2024 turnirida Ispaniya terma jamoasi tarkibida ajoyib o‘yinlari bilan ham muxlislar va mutaxassislar e’tiborini qozongandi.

Endi barcha diqqat “Barsa”ning rasmiy bayonoti va futbolchining taqdiri rasman e’lon qilinishiga qaratilgan. Aniq bir narsa bor: Niko Uilyams yangi mavsumda Yevropaning eng kuchli klublaridan biri safida yangi chorlovlarga yuz tutayapti. Bu esa ispaniyalik yosh yulduzning karyerasida yangi burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Niko Uilyams “Arsenal”ni rad etdi, “Barsa” bilan kelishdi!