date

Jizzaxda sakkiz kelin “er kerak” deb chiqdi — jamoatchilik norozi

Jizzaxda sakkiz kelin “er kerak” deb chiqdi — jamoatchilik norozi
Jizzax shahrida ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan navbatdagi videolavha bir zumda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Video kadrlarda kelinlik libosi kiygan sakkiz nafar yosh qiz “Er kerak” degan yozuvli qog‘ozlarni ko‘tarib, shahar ko‘chalari bo‘ylab erkin harakat qilgani tasvirlangan. Ayniqsa, ushbu holat Jizzax shahrining eng gavjum hududlaridan biri – Eski shahar dehqon bozori ro‘parasida amalga oshirilgani, voqeaning keng jamoatchilik diqqatiga tushishiga olib keldi.

Mazkur voqea ijtimoiy tarmoqlarda turli fikr va munosabatlarga sabab bo‘ldi. Ko‘pchilik bunday “fleshmob”ni ma’qullamadi va milliy qadriyatlarimizga zid harakat, deb baholadi. Ayrimlar esa bu holat zamonaviy marketing va reklama uslubi deb hisoblashdi.

Jizzax viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi rasmiy axborotida qayd etilishicha, mazkur holat tezkorlik bilan o‘rganilgan. Aniqlanishicha, ushbu qizlar “Gulruh” kelinlik liboslari salonini reklama qilish maqsadida shunday piar aksiyani o‘tkazishgan. Ideya tashabbuskori – salon rahbari Sh.A. va bloger Sh.E. ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, mazkur holatdan xabardor bo‘lingani zahoti, mas’ullar voqea joyiga yetib borib, jarayonni darhol to‘xtatishgan. Qizlar va salon rahbariyati bilan tushuntirish ishlari olib borildi, milliy an’analar va qadriyatlarga hurmat ko‘rsatish, jamoatchilik muhitida tartib-intizomga amal qilish kerakligi haqida ta’kidlandi.

Shuningdek, rasmiy bayonotda jamoatchilik nazoratining muhimligi alohida urg‘u bilan qayd etildi: “Bunday holatlar bir qarashda arzimagan tuyulsa-da, millat sha’niga, milliy urf-odatlarimizga qarshi kelishi mumkin. Jamoatchilik ham hushyor va mas’uliyatli bo‘lishi lozim.”

Qayd etish joizki, bu kabi kutilmagan piar aksiyalar ba’zan to‘g‘ri qabul qilinmasligi va salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu bois, tadbirkorlar va reklama tashkilotchilari jamoatchilik kayfiyati, mahalliy mentalitet hamda milliy an’analarga hurmat bilan yondashishi maqsadga muvofiq.

Yakunda aytish mumkinki, Jizzaxdagi mazkur voqea jamiyatda milliy qadriyat va urf-odatlarni asrab-avaylash zarurligini yana bir bor eslatdi. Har qanday zamonaviy reklama yoki piar kampaniyasini amalga oshirishda jamoatchilik fikri va milliy ruhni inobatga olish barchamiz uchun muhim dars bo‘lib xizmat qiladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Jizzaxda sakkiz kelin “er kerak” deb chiqdi — jamoatchilik norozi