
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripovning keskin bayonoti aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Ushbu videoda hokim bog‘cha hududida joylashgan noqonuniy qurilmalarni zudlik bilan buzishni talab qilgani, bu ishni hatto sud qarorisiz, ichida odam bo‘lish-bo‘lmasligidan qat’i nazar amalga oshirish haqida topshiriq bergani yaqqol eshitiladi.
Hokim, ayniqsa, bugunning o‘zida barcha hujjatlar tekshirilib, noqonuniy binolar, “sud-pud” demasdan, zudlik bilan buzilishi lozimligini ta’kidlagan. “Ichidagi odami bilan ko‘mib tashlaysan”, degan og‘ir so‘zlari esa keng jamoatchilikda qattiq e’tiroz uyg‘otdi.
Bundan tashqari, Botir Zaripov tuman IIB boshlig‘iga murojaat qilib, agar jamoat tartibini ta’minlashda mas’uliyatsizlik qayd etilsa, uni “tinchroq tumanga jo‘natish”i mumkinligini bildirgan. Bu gaplar ortidan, hokim jamoatchilik va amaldorlar oldida qat’iy intizom va tartib talab qilishini yana bir bor namoyon qildi.
Shuningdek, shahar hokimining ijtimoiy soha bo‘yicha o‘rinbosariga nisbatan intizomiy chora qo‘llash haqida gapirib, barcha rahbarlarga “urok” bo‘lishi kerakligini alohida ta’kidladi.
Aytish kerakki, videolavha qayerda va qaysi bog‘cha hududida olingani aniq emas. Hozircha Buxoro shahar hokimligi mazkur voqeaga rasmiy izoh bermadi. Ammo keng jamoatchilik orasida hokimning bunday qat’iy va murosasiz chiqishi, amaldorlar o‘rtasidagi intizom va qonuniylikka oid masalalar yanada dolzarb bo‘lib qolmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar