
Yevropa yozgi transfer bozoridagi eng yorqin kelishuvlardan biri amalga oshdi. Angliyaning mashhur "Liverpul" klubi Germaniya Bundesligasining eng yosh va iqtidorli futbolchilaridan biri — Florian Virtsni o‘z tarkibiga qo‘shib oldi.
Jurnalistlar tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, Mersisayd klubi 22 yoshli hujumkor yarim himoyachi uchun "Bayer" klubiga 136,3 million yevro to‘lagan. Bu summa bonuslar bilan birga hisoblangan bo‘lib, klub tarixidagi eng qimmat transferlardan biri sifatida qayd etilmoqda.
Florian Virts 2020 yilda "Kyoln"dan "Bayer"ga kelgan va shundan beri o‘zini yetuk futbolchi sifatida ko‘rsata oldi. U Leverkuzen klubi safida 197 ta rasmiy uchrashuvda ishtirok etib, 57 ta gol va 63 ta assist muallifiga aylandi. Yakuniga yetgan mavsumda esa u barcha musobaqalarda 45 marta maydonga tushib, jamoasiga 13 ta gol va 14 ta golli pas bilan yordam berdi.
Tabiiyki, bunday samarador o‘yinlar Yevropaning boshqa grand klublari e’tiborisiz qolmadi. "Bavariya" va "Manchester Siti" kabi kuchli jamoalar ham Virtsni o‘z saflarida ko‘rishga jiddiy qiziqish bildirgan edi. Ammo futbolchining o‘zi va uning agentlari "Liverpul" loyihasini ma’qul topishdi.
Ushbu transfer orqali "Liverpul" jamoasi o‘z o‘yiniga yanada kreativlik va tezkorlik qo‘shishni maqsad qilgan. Virtsning texnikasini, to‘p bilan ishlash madaniyatini va pas berish qobiliyatini hisobga olgan holda, u jamoaning markaziy figuralaridan biriga aylanishi kutilayotgani ayni haqiqat.
Shu bilan birga, yangi bosh murabbiy Arne Slotning kelishi bilan "Liverpul" yangi bosqichga qadam qo‘yayotganini ta’kidlash joiz. Yangi murabbiy — yangi tizim, yangi yuzlar va, albatta, yangi maqsadlar. Florian Virts esa bu jarayonda asosiy qurollardan biriga aylanishi mumkin.
Agar Virts yangi jamoasida ham o‘zini "Bayer"dagi kabi namoyon eta olsa, "Liverpul" unda nafaqat transfer investitsiyasini, balki yangi trofeylar uchun yo‘lni ham topadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar