20:10 / 03.01.2021
2 131

Ekranlardagi hayot: ular daqiqalar o‘rniga nima «hadya» qilyapti?

Ekranlardagi hayot: ular daqiqalar o‘rniga nima «hadya» qilyapti?
Foto: Flickr
Insoniyat ekranlar ichida yashamoqda. Deyarli har bir kishi qo‘lida kichik ekran bor. Smartfon, kompyuter, televizor, kinoteatrlar ekrani, tashqi reklama monitorlari – ular qariyb bir asrdan buyon insonni, uning tasavvurlarini, tuyg‘ularini shakllantirib kelyapti.

Umuman media, multfilm, kino, serial, reklama, kitoblar – bularning barchasi tomoshabin xulq-atvorini, nima o‘ylashi va hatto nima haqida orzu qilishini ham belgilab beradi.

Amerikalik tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, kishi ko‘rgan yoki eshitgan hikoyalari miyada qayta takrorlanadi. Miya doimiy ko‘radigan axborotlarini soddalashtirish va ma’lumotlarni tashkillashtirish uchun ularni bo‘laklarga bo‘lishga muhtoj. Shu bo‘laklar yig‘ilib, kishining dunyoqarashi shakllanadi va qabul qilgan narsalaridan ma’no chiqarishni boshlaydi.

Natijada ekrandagi biror qahramon his qilgan narsani sekinlik bilan tomoshabin ham his qiladi. Yolg‘onmi, chinmi unga ishonadi, real hayotda qo‘llaydi yoki boshqalardan ekran qahramonlaridagi munosabatni kutadi.

Filmlarning ongga ta’siri – irqchilik muammosi misolida
Britaniyalik olimlar 2006–2016 yillarda britan filmlarida o‘ynalgan 45 ming qahramon ustida tadqiqot o‘tkazdi. Ushbu rollarning atigi 0,5 foizigina qora tanli britaniyaliklar tomonidan o‘ynalgan. Lekin jinoiy mavzulardagi filmlarning 64 foizini qora tanlilar o‘ynagan. Ustiga-ustak, filmlarda qora tanlilarni jahldor, jinoyatchi, zo‘ravon qilib tasvirlash urf bo‘lgan.

Qora tanli qahramon ekranda aks etishni boshlasa, oq tanlilar orasida irqchilik g‘oyalari, mustamlakachilik, qora tanlilarga qarshilik va quldorlik yodga tushgan.

Umuman, qora tanlilar qanday bo‘lishi haqidagi g‘oya butun tarix davomida oq tanlilar tomonidan filmlarga mohirlik bilan singdirib kelingan. Bunda, rejissyorlarni ham o‘zlari ko‘rgan filmlarning qurboni deyish mumkin: ular g‘ayriixtiyoriy tarzda salbiy qahramonlar roliga ko‘proq qora tanli aktyorlarni tanlashadi.

Shu boisdan ham aytish mumkinki, media – shaxsni shakllantiruvchi kuch; u biror g‘oyaga nisbatan ishonch uyg‘otadi, tasavvur shakllantiradi yoki mavjud tasavvurlarni o‘zgartiradi.

Seriallar tarixiga qisqa nazar
Bir necha qismli, bir-biriga bog‘langan voqealarni ketma-ket qismlarga bo‘lib, efirga uzatish 1930 yillarda Amerika radiolarida boshlangan. Seriallarning asosiy auditoriyasi uyda o‘tiradigan ayollar hisoblangan. O‘sha paytda Amerikadagi har 4 ayoldan 3 nafari uy bekasi edi.

Radiokompaniyalar reklamadan daromadlarni ko‘paytirish maqsadida seriyali epizodlarga homiylik kompaniyalar izlay boshlaydilar. Bunda asosan o‘zlarining auditoriyasiga mos keladigan, aniqrog‘i ro‘zg‘or buyumlarini sotadigan korxonalarni qidirishadi. Dastavval seriallar orasida sovun va shunga o‘xshash xo‘jalik mahsulotlari reklama qilingan. Shuning uchun ham serial so‘zining tarjimasi inglizchada – «soap opera». Ya’ni «soap» – sovun degan ma’noni anglatadi.

50 yillarning boshlarida seriallar televizorga ko‘chdi va 30 daqiqagacha uzaydi. 50-yillarga qadar klassik amerika seriali odatda kichik shaharchada yashovchi o‘rta sinf oilasi haqida hikoya qiladigan kichik voqea bo‘lgan.

1970 yillarga kelib esa seriallar sanoatida inqilob yuzaga keldi. Bu vaqtga kelib ularda jiddiy mavzularni ko‘rsatish boshlangan: giyohvandlik, xiyonat, irqchilik, zo‘ravonlik va jinoiy harakatlar, romantik va oilaviy munosabatlar asosiy mavzuga aylandi. Ba’zi seriallar 60 daqiqagacha kengaytirildi va kech payti efirga uzatiladigan bo‘ldi.

Bugun esa minglab kishilar internet va Netflix kabi platformalar orqali seriallarni butun boshi fasllarini bir necha kunda ko‘rib tugatishmoqda.

Seriallar tomoshabin muammosi uchun yechim bo‘lib qolyapti
Seriallarning auditoriya idealogiyasini shakllantirishi, tomoshabinning real hayotiga ta’siri haqida psixolog Zebiniso Ahmedova shunday deydi.

«Seriallar insonlarga go‘yoki hayotda shunaqa voqealar bo‘layotganini eslatyapti. Ya’ni biror insonning hayotida serialdagidek vaziyat paydo bo‘lib qolganda, shunaqa yo‘li ham bor, deb yo‘l ko‘rsatyapti. Seriallar insonlar o‘z miyasida yechim topolmagan joyda ko‘rsatkich bo‘lib xizmat qilyapti. Insonlar umuman fikrlay olmay qolganida, menda ham shunaqa yo‘l bor ekan, deb qahramonning ichki dunyosini o‘zida kashf qilib, u yurgan yo‘llardan yurib ko‘rmoqchi bo‘lyapti.

Umuman olganda, yashashga undovchi, motivatsiya beruvchi, yaxshilik g‘alabasi talqin qilingan kinolar kerak. Lekin pala-partishlikni targ‘ib qiluvchi, inson taqdirini o‘yinchoq qiluvchi kinolarni qo‘ymaslik kerak.

O‘zbek auditoriyasiga namoyish qilishdan oldin filmlarni ma’lum bir tekshiruvdan o‘tkazish kerak deb hisoblayman. Filmlar namoyishidan oldin uni baholaydigan psixologlar bo‘lishi kerak», – deydi psixolog Zebiniso Ahmedova.

Shu o‘rinda psixolog asosiy vaqti uyda o‘tadigan ayollarga qo‘shimcha mashg‘ulot topishni, misol uchun bo‘sh vaqtida gul parvarishlashni tavsiya etadi.

Media olam atrofimizni qamrab olgan va tabiiyki, biz ular ta’siri bilan yashaymiz, o‘ylaymiz, orzu qilamiz. Ular oq deb ko‘rsatganini oq, qora deganini qora deb qabul qilamiz. Biroq vaqt kino yoki filmga qo‘shilib oqib boradi. Tanlov yana tomoshabinda qoladi.

Zuhra Abduhalimova

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ekranlardagi hayot: ular daqiqalar o‘rniga nima «hadya» qilyapti?