
Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatida qoramollar orasida nodulyar dermatit kasalligi tarqalgani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi bu ma’lumotlarga izoh berdi.
Rasmiy bayonotda ta’kidlanishicha, hozircha Andijon viloyatidagi chorva hayvonlar orasida ushbu kasallik aniqlanmagan. Barcha fermer xo‘jaliklari va aholi qaramog‘idagi qoramollar veterinariya guruhlari tomonidan nodulyar dermatit hamda boshqa yuqumli kasalliklarga qarshi to‘liq emlangan.
Boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, emlangan hayvonlardan qon namunalari olib tekshirilgan va hech qanday kasallik alomatlari qayd etilmagan.
“Shuning uchun aholining xavotirga asos yo‘q. Viloyatdagi barcha chorva mollari doimiy veterinariya nazoratida,” — deyiladi rasmiy xabarda.
Mutaxassislar fuqarolarni faqat rasmiy manbalar orqali tarqatilayotgan ma’lumotlarga ishonishga chaqirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!