15:50 / 04.02.2021
2 190

"Yo‘lsozlarni vijdon bilan qaytarib bo‘lmayapti, jinoiy javobgarlikdan ham qo‘rqmayapti ba’zilari"

"Yo‘lsozlarni vijdon bilan qaytarib bo‘lmayapti, jinoiy javobgarlikdan ham qo‘rqmayapti ba’zilari"
Mirzo Ulug‘bek tuman kengashi deputati, O‘zMTDP a’zosi Jahongir Ziyayev yo‘llardagi abgor holatlar, sohadagi korrupsiya holatlari haqida o‘z fikrlarini bildirib, mas’ullarga taklif bilan chiqdi.

«Ma’lumotlarga qaraganda, 2020 yilda 6 442,6 km.avtomobil yo‘li qayta qurilib, ta’mirlangan, buning uchun 5186,3 mlrd.so‘m sarflanibdi. Bu raqam kichik raqam emas. Agar har bir tiyiniga xiyonat qilmaganida edi, yo‘limiz bugungidek abgor holatga kelmagan bo‘lardi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, «Hamma joyda korrupsiya, hamma joyda o‘g‘rilik».

Transport prokuraturasi o‘tgan yili faqat yo‘l va ko‘prik qurilishi bo‘yicha 40 ga yaqin jinoiy ish qo‘zg‘atib, 10 mlrd. so‘mdan ortiq budjet mablag‘ talon-toroj qilinganini aniqlabdi. Aniqlanmagani qancha ekan.

Hozir hamma joyda jamoatchilik nazoratiga kuch berilyapti va bu eng to‘g‘ri yo‘l. Yo‘l qurilishida ham tashqi nazoratni kuchaytirish lozim. Aks holda «dunyo andozalari darajasida»gi yo‘llarimizda bir yil o‘tmay «yama»lar paydo bo‘laveradi, jabrini esa odamlar tortaveradi. Yo‘lsozlarni esa vijdon bilan qaytarib bo‘lmayapti, jinoiy javobgarlikdan ham qo‘rqmayapti, ba’zilari.

Yevropaning aksar davlatlarida yo‘lsozlar ko‘chadagi nosozlik haqida xabar berganlarni rag‘batlantirar ekan. Chunki nosozlikdan biron avtomobil zarar ko‘radigan bo‘lsa, mas’ul idora «otning kallasidek» jarimaga tortilarkan. Shuning uchun yo‘llar sifatli, hech kim xiyonat qilmaydi.

Bizda ham shunday nazorat yo‘lga qo‘yilishi kerak (bu haqda ilgari ham yozgandim). Agar bu tashabbus Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining o‘zidan chiqsa, tashkilot imijiga ham yaxshi bo‘lardi. Ijtimoiy tarmoqlarda gap-so‘zlar kamayardi.

Mana, yo‘l qoidasini buzganlar, korrupsiya haqida xabar berganlar, savdo chekini oladiganlar, hatto piyoda yurganlar rag‘batlantirilyapti. Qo‘mita o‘z-o‘zini nazorat qilib, nafsi xakalak otgan sheriklarini fosh qilib tursa, talon-torojlik kamayarmidi. Axir sohaga budjetdan chakana pul yo‘naltirilmayapti. Bu yil 4 577,4 mlrd.so‘m mablag‘ ajratilar ekan.

Buning uchun esa haydovchilar ham shafqat qilmay, yo‘lsozlarni sudga berishni odat qilishi lozim.

Fuqarolik kodeksining 57-bob, 985-moddasida g‘ayriqonuniy harakat tufayli fuqaroning shaxsiga yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar, shuningdek, yuridik shaxsga yetkazilgan zarar, boy berilgan foyda zararni yetkazgan shaxs tomonidan to‘liq qoplanishi ko‘rsatilgan.

Taklifim: Qonunchilik palatasi ushbu modda va yo‘lsozlik bilan bog‘liq qonun hujjatlariga xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda o‘zgarishlar kiritilishi, aybdor tomonning javobgarligi yanada kuchaytirilishi lozim. Shuningdek, bu bilan bog‘liq sud jarayoni ham lag‘mondek cho‘zilmasligi kerak. Aks holda sudma-sud yugurishdan qochib, yana «o‘zbekchilik»ka boraveramiz» deb yozadi u.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » "Yo‘lsozlarni vijdon bilan qaytarib bo‘lmayapti, jinoiy javobgarlikdan ham qo‘rqmayapti ba’zilari"