10:25 / 14.02.2021
1 910

Dohiylar va psixopatlar

Dohiylar va psixopatlar
Shaxsga ta’rif bera turib, buyuk allomalarda talant kurtaklari erta yoshdan boshlab nish urishi haqida aytib o‘tdim. Shu yerda shaxs bilan bog‘liq yana bir qiziq muammo haqida so‘z yuritishni lozim deb topdim, ya’ni buyuk shaxslar (dohiylar) ning ruhiy nuqsonlari to‘g‘risida.
Psixopatiya alomatlari bo‘lgan buyuk shaxslar haqida ilmiy adabiyotlarda turli ma’lumotlarni uchratamiz. Psixopatiya bu shaxsning patologik o‘zgarishi bo‘lib, uning shakllanishida tug‘ma omillarga katta urg‘u beriladi.

Olimlar iqtidor va ruhiy nuqsonlar orasida uzviy bog‘liqlikni aniqlashga doim harakat qilishgan. Bu bog‘liqlikni o‘rganish deyarli 100 yil oldin boshlangan. Olimlar tarixiy shaxslarning hayoti bilan qiziqib, ularning oila a’zolari, qarindosh-urug‘lari, ota-onasi va farzandlari haqida ma’lumot yig‘ishgan. Men ham buyuk shaxslarning oilaviy hayoti va nuqsonlari haqida ma’lumotlar to‘pladim.

Buning natijasida antiqa bir xulosa paydo bo‘ldi: agar geneologik shajaraning bir shoxchasi bo‘ylab ularning ajdodlarida (ota-onasi, buvasi, buvisi) iqtidorli shaxslar aniqlangan bo‘lsa, boshqa bir shoxchasi bo‘ylab ruhiy nuqsonlar, hatto ruhiy kasalliklar aniqlangan. Boshqa xorij olimlari qatori iqtidor bilan ruhiy nuqson orasidagi bog‘lanishni aniqlashga 1925 yili tadqiqotchi olim G.V. Segalin ham harakat qilgan. U eng buyuk shaxslarning hayoti va ulardagi ruhiy nuqsonlarni o‘rgangan va quyidagi jadvallarni tuzgan.


Bu jadvallardan ko‘rinib turibdiki, buyuklik (aniqrog‘i, iqtidor) va ruhiy nuqsonlar nasldan-naslga o‘tishi mumkin. Ular orasida uzviy bog‘liqlik bor va ruhiy buzilishlar dunyo miqyosida nomi chiqqan buyuk shaxslar (Stendal, Nitsshe, Eynshteyn, Russo, Gyote, Balzak, Landau va h.k.)da aniqlangan. Masalan, A. Eynshteyn g‘alati xarakteri bilan boshqa olimlardan ajralib turgan.

Muallifning fikricha, ruhiy sog‘lom kishilarda iqtidor sog‘lom miya tomonidan “bosib” turiladi va talantning “otilib” chiqishiga yo‘l qo‘ymaydi. Ruhiy nosog‘lom shaxslarda esa bunday to‘siq yo‘q va talant bemalol o‘zini to‘la namoyon qila oladi. Tadqiqotchi o‘z fikrini davom ettira turib, quyidagi xulosada to‘xtaladi:

Buyuk kishilarning genida ikkita komponent mavjud bo‘lib, ulardan biri uning ajdodlaridan o‘tgan iqtidor bo‘lsa, ikkinchisi ruhiy nuqsondir. Bunday irsiy buzilishlar buyuk shaxslarning o‘zida kuzatilmasa-da, ularning yaqinlarida (akasi, ukasi yoki singlisida) kuzatilgan. Masalan, Gegel, Didro va Shumanning singillarida, L.Tolstoy, Gyugo, Feyerbax va Uspenskiylarning ukalarida ruhiy kasalliklar bo‘lgan.

Buyuk shaxslar va ularning farzandlari
Buyuk shaxslarning farzandlari ichida aqli past va ruhiy nuqsonga boy bo‘lganlari kam emas. Masalan, Bax, Shuman, Tatsit, Mendelson, Gyotening o‘g‘illari va Mark Tvenning qizi ruhiy kasallik bilan og‘rishgan. Tadqiqotchilar yana bir qiziq, umuman olganda, hammaga ma’lum bo‘lgan bir taxminni o‘rtaga tashlashadi.

Ba’zida buyuk shaxslar sog‘lom bo‘lgan taqdirda ham, ular o‘z talantlarini ro‘yobga chiqarishi uchun ichkilikka ruju qo‘yishgan, masalan, shoirlar. Haqiqatan ham eng jozibali ba’zi she’rlar va kashfiyotlar mast holda yaratilganligini ko‘pchilik biladi. Go‘yoki ichkilik talantni bosib turuvchi to‘siqni olib tashlaydi va buyuk shaxsning miyasida paydo bo‘lgan olamshumul fikrlarni ro‘yobga chiqaradi. Bu fikrga qisman qo‘shilish mumkin, albatta. Lekin hech qachon aroqni yoki boshqa spirtli ichimliklarni talantning yo‘lboshchisi sifatida e’tirof etib bo‘lmaydi.

Fikrimizcha, buyuk shaxslarda uchraydigan aroqxo‘rlik (ba’zida axloqiy buzilishlar) ruhiy yetishmovchiliklarni qondiruvchi bir omildir, xolos. Bugungi kunda mutaxassislar iste’dodni ro‘yobga chiqaruvchi omillar ustida ish olib borishmoqda. Lekin maktabni zo‘rg‘a tamomlagan va doim qoloq bo‘lgan Albert Eynshteynning qobiliyatini ro‘yobga chiqarish uchun maxsus shug‘ullanishmagan. Shunday bo‘lsa-da, u buyuk shaxs bo‘lib yetishdi va olamshumul kashfiyotlari bilan Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Yuqorida keltirilgan ma’lumotlarga qisman bo‘lsa-da, tanqidiy ko‘z bilan qarash kerak. Vaholanki, faqat ruhiy nuqsonga ega bo‘lgan odamgina buyuk shaxs bo‘lib yetishadi deb xulosa qilish haqiqatga mutlaqo ziddir. Chunki Motsart, Shekspir, Dyuma, Shopen va Raxmaninov (bu ro‘yxatni davom ettirish mumkin) kabi buyuk shaxslarda ruhiy nuqsonlar bo‘lmagan.

Yana shuni ta’kidlash lozimki, yuqorida nomi tilga olingan shaxslar ruhiy shifoxonalarda davolanishmagan va aksariyat hollarda ularning xulq-atvoridagi g‘alati o‘zgarishlarga qarab baho berilgan, xolos. Bunday paytlarda ruhiy kasallik haqida emas, balki shaxsning patologik o‘zgarishi haqida fikr yuritish kerak.

Zarifboy Ibodullayevning
“Asab va ruhiyat” kitobidan olindi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Dohiylar va psixopatlar