22:12 / 30.04.2021
1 958

Ayrim NNTlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda davlat boji undirilmaydi


Bugun, 30 aprel kuni Milliy matbuot markazida nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar va qabul qilingan so‘ngi qonun hujjatlari bo‘yicha matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda Adliya vazirligi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi va bir qator nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etishdi.

Matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 martdagi PQ-5012-son va 4 martdagi PF–6181-son Farmoni mazmun-mohiyati, mazkur hujjatlarni qabul qilishdan maqsad  hamda hujjatlar asosida nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatida bo‘lishi kutilayotgan o‘zgarishlar muhokama qilindi.

      Ta’kidlanishicha, PQ-5012-son qarorga ko‘ra, 2021 yil 1 martdan:
 -    nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organni xabardor qilgan (ma’lumot uchun) holda xorijiy manbalardan olinadigan pul mablag‘lari va mol-mulkning bir kalendar yilidagi jami summasi BHMning 20 baravaridan 100 baravarigacha oshiriladi;
 -    nodavlat notijorat tashkilotini qayta ro‘yxatdan hamda uning ramzini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish muddati 1 oydan 15 kungacha qisqartiriladi;
 -    nogironligi bo‘lgan shaxslar, faxriylar, nuroniylar, xotin-qizlar, bolalar jamoat birlashmalari ramzlarini davlat ro‘yxatidan (qayta ro‘yxatdan) o‘tkazish uchun davlat boji undirilmaydi;
 -    nodavlat notijorat tashkilotining alohida bo‘linmasi yuridik shaxs hisoblanadi, bunda alohida bo‘linmalarni hisobga qo‘yish tartibi bekor qilinadi.

Bundan tashqari mahalliy NNTlarni rivojlantirishga qaratilgan dastur va loyihalarni moliyalashtirish uchun O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondiga davlat subsidiyasi ajratiladi.

Qarorga ko‘ra, faoliyatini viloyat, tuman, shahar, shaharcha, qishloq va ovul hududida olib boradigan NNT hududiy nodavlat notijorat tashkilotlari hisoblanib, ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun BHMning 50 foizi miqdorida davlat boji undiriladi.

Bundan tashqari PF–6181-son Farmoni bilan 2021 yil 1 apreldan nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining ochiqlik indeksi hamda nodavlat notijorat tashkilotlarining Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va uning qo‘mitalari (komissiyalar) majlislarida ishtirok etuvchi doimiy vakili instituti joriy etiladi. 

Doimiy vakil fuqarolik jamiyati rivojiga hissa qo‘shgan, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda faollik ko‘rsatgan, el-yurt izzat-hurmatiga sazovor bo‘lgan nodavlat notijorat tashkilotlari xodimlari orasidan Jamoatchilik palatasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.

Shuningdek, mutasaddi tashkilotlar vakillari tomonidan ushbu Prezident hujjatlarining ahamiyati, nodavlat notijorat tashkilotlari sohasining keyingi 5 yillik rivojlanish tendensiyalari, joriy qilinayotgan yangiliklarning NNTlar uchun muhim jihatlariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Adliya vazirligi 
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ayrim NNTlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda davlat boji undirilmaydi