19:50 / 20.06.2021
3 056

Muddati o‘tgan mahsulotlarga «ikkinchi hayot» berishga urinayotgan «uddaburon» tadbirkorlar haqida


So‘nggi paytlarda katta bozorlar yaqinidagi ko‘chma yarmarkalarda, aholi gavjum chorrahalar va yo‘l bekatlari yonida, kichik do‘konchalar rastalarida ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan oziq-ovqat mahsulotlarini uchratish mumkin. Ayni jazirama yoz faslida bunday mahsulotlarni iste’mol qilish inson organizmida turli kasalliklarni keltirib chiqarish ehtimoli juda yuqori.

Tekshiruvlar nimani ko‘rsatmoqda?
Ma’lum qilinishicha, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga 2020 yil davomida yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlarni sotish holatlari bo‘yicha 157ta murojaat kelib tushgan, ushbu murojaatlarda muddati o‘tgan oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalari iste’molchilar tomonidan xarid qilingani aniqlangan.

Bundan tashqari, iyun oyining boshida agentlik xodimlari tomonidan respublikaning ichki iste’mol bozorlarida markirovkalash va oziq-ovqat xavfsizligi (oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan holda sotishda) talablariga rioya qilinishini aniqlash maqsadida o‘tkazilgan monitoring natijalariga ko‘ra, o‘rganilgan 284ta savdo ob’ektida 1075ta holatda oziq-ovqat mahsulotlarini markirovkalash qoidalari buzilgani qayd etilgan. Ushbu mahsulotlarning 32tasi yoki 3 foizi import mahsuloti bo‘lsa, qolgan 97 foiz mahsulotlar mahalliy ishlab chiqaruvchilarga tegishli.

Tahlillarga ko‘ra, qoida buzish holatlarining 31 foizi qandolatchilik mahsulotlarida, 17 foizi sut mahsulotlari, 13 foizi kolbasa mahsulotlari, 3 foizi makaron mahsulotlari va 3 foizi qadoqlangan o‘simlik yog‘i mahsulotlarida kuzatilgan.

Ko‘rinib turibdiki, qoida buzish holatlarining 70 foizga yaqini kundalik iste’mol qiladigan mahsulotlarimiz bilan kuzatilgan. Bundan tashqari, o‘rganilgan savdo ob’ektining har birida o‘rtacha 4taga yaqin holat qayd qilingan.

Qonunda qanday choralar ko‘riladi?
Bugungi kunda yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlarni sotganlik uchun maksimal jarima bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari(2 mln 450 ming so‘m)ga teng.

Aniqroq aytadigan bo‘lsak, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 178-moddasiga muvofiq, iste’molchilarga bila turib noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etganlik, shu jumladan, tovar iste’moliga oid xususiyatlar yoki sifati xususida chalg‘itish tufayli iste’molchilarga zarar yetkazish – huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yetti baravaridan o‘n baravarigacha jarima solishga sabab bo‘lishi belgilangan.

Yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlarni, shuningdek, ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilishi shartligi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tovarlarni ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan holda realizatsiya qilish hamda sotish uchun qabul qilganlik –huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Xo‘sh, boshqa davlatlarda insofsiz tadbirkorlarning bu kabi jinoyatlari uchun qanday choralar ko‘riladi. Germaniyada muddati o‘tgan mahsulotlarni sotganlik uchun o‘rtacha jarima 20 ming yevro(257 mln so‘m)ni, Birlashgan Arab Amirliklarida 25 ming yevro(321 mln so‘m)ni tashkil etadi. Qozog‘istonda bunday qoidabuzarlik uchun 4 million tengegacha (99,5 mln so‘m), Rossiyada esa 50 ming rublgacha(7,4 mln so‘m) jarima yoki alternativa sifatida do‘kon faoliyatini 90 kungacha to‘xtatib qo‘yish choralari qo‘llaniladi. Shuningdek, muddati o‘tgan sifatsiz mahsulot bir kishidan ortiq inson o‘limiga olib kelsa, jinoiy javobgarlik qo‘llanilib, 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilanishi mumkin.

«Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, Qonunchilik palatasida ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilmoqda. Qonun loyihasida normativ hujjatlar talablariga javob bermaydigan, yaroqlilik muddati o‘tgan, ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan, shuningdek, qalbakilashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlarini realizatsiya qilganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari (12 mln 250 ming so‘m) miqdorida moliyaviy sanksiya qo‘llash ko‘zda tutilgan. 

Bu kabi holatlar kuzatilishiga asosiy sabab nimada?
Nima uchun insofsiz tadbirkorlar mazkur muddati o‘tgan tovarlarning inson salomatligiga ta’sir to‘g‘risida o‘ylab ko‘rishmaydi? 

Mutaxassislar bunday muddati o‘tgan mahsulotlar inson organizmini zaharlashi va sog‘ligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi haqida bot-bot ta’kidlashadi. Sababi oddiy. O‘zbekistonda shu paytga qadar bunday jinoyatlar uchun javobgarlik jiddiy bo‘lmagan va tekshiruv tadbirlari yetarli darajada amalga oshirilmagan. Insonlarning salomatligini xavf ostiga qo‘yayotgan «tadbirkor» arzimagan jarima bilan qutulib qolavergan.

Iste’molga yaroqsiz mahsulotni «o‘tkazish» yo‘llari ko‘p, eng osoni – ularni o‘z vaqtida rastalardan olmaslik. Ko‘p hollarda e’tiborsiz iste’molchi tovarning yaroqlilik muddatiga ahamiyat bermaydi, shoshgan holda xarid qiladi. Yana bir keng tarqalgan yo‘li bu - tovar markirovkasini, uni qaytadan (ustidan) yopishtirish, o‘chirish, boshqatdan markirovkalash orqali o‘zgartirish hisobiga tovarlarni sotuvga chiqarish hisoblanadi.

Shuningdek, bu sohada to‘g‘ri marketing strategiyasi ishlab chiqilmaganligini ham kuzatish mumkin. Ko‘pchilik rivojlangan davlatlarda savdo tarmoqlari o‘zlarining muddati o‘tayotgan mahsulotlariga chegirmalar tizimini ishlab chiqadi. Bu kabi mahsulotlarni maxsus mobil ilova va saytlar yordamida topish mumkin va ularni katta chegirmalar bilan sotib olish imkoniyati mavjud. Bu holatda tadbirkor ham ko‘rayotgan zararining bir qismini qoplaydi, iste’molchilar ham mahsulotlarni belgilanganidan ancha arzon narxlarda xarid qilishi mumkin.

Umuman olganda, ishlab chiqaruvchilarning oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish sanasini va saqlash muddatini ko‘rsatishni istamasligining asosiy sababi tovarlarni vaqt cheklovisiz sotish imkoniyatidir. Do‘konlardagi sotuvchilar ham bundan unumli foydalanib, oziq-ovqat mahsulotida aniq buzilish belgilari paydo bo‘lgunga qadar tovarlarni iste’molchiga sotishlari mumkin.
Bunday holatlarning oldini olish uchun tadbirkorlar faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish, kerak bo‘lsa, jarimalar miqdorini yanada oshirish kerak. Inson salomatligi hamma narsadan ustun bo‘lishi lozim va lobud.

Zararli oqibatlari
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, aksariyat holatlarda zaharlanish muddati o‘tgan mahsulotlarni iste’mol qilish natijasida yuzaga keladi. Bolalarda bunday holatga moyillik ko‘proq. Mutaxassislar bunga bola tanasining hali yetarlicha shakllanmagani va qarshilik kuchiga ega emasligi sababli, oziq-ovqat mahsulotlari bilan organizmga tushadigan toksik moddalarga vaqtida va yetarli darajada qarshilik ko‘rsata olmasligini sabab sifatida ko‘rsatishadi.

Oxirgi bir oy davomida ko‘chada sotilayotgan muzqaymoq va kolbasa mahsulotlarini iste’mol qilish natijasida tez tibbiy yordamga murojaat qilivchilar soni ancha ortgan. Ma’lum qilinishicha, ularda tana haroratining ko‘tarilishi, ko‘ngil aynishi oqibatida kuchli qayt qilish holatlari kuzatilgan.

5 yoshgacha bo‘lgan har 10 bolaning bittasi (asosan o‘g‘il bolalar) yetarlicha ovqatlanmaslik natijasida o‘sishdan orqada qolmoqda. Bolalardagi kamqonlikning 75 foizi temir tanqisligi sababli rivojlangan. Bunga birgina iste’mol qilinayotgan «yodlangan» belgisi qo‘yilgan tuzning hammasi ham talab darajasida emasligini ko‘rsatish mumkin.
Odamlar orasida zaharlanish holatlarining , kamqon bolalar tug‘ilishining oldini olish maqsadida iste’mol qilayotgan mahsulotlarga e’tiborli bo‘lish talab etiladi.

Oziq-ovqat mahsulotining yaroqlilik muddati to‘g‘risidagi ma’lumot o‘z ichiga nimalarni olishi kerak?
Mahsulot qadog‘ida uning ishlab chiqarilgan yili va oyi, tez buziladigan mahsulotlar, bolalar va parhezli ozuqalar uchun – kun va soati, ularni saqlash va iste’mol qilish shartlari keltirilgan bo‘lishi kerak.

Doston Ahrorov tayyorladi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Muddati o‘tgan mahsulotlarga «ikkinchi hayot» berishga urinayotgan «uddaburon» tadbirkorlar haqida