
Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida joylashgan 39-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida noxush voqea yuz berdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda maktabning sobiq direktori o‘z tanasiga yonilg‘i quyib, o‘zini yoqishga uringani aks etgan. Bu holat jamoatchilikda katta bahslarga sabab bo‘ldi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu maktabda 2010-yildan beri rahbarlik qilib kelgan Z.A. joriy yil 16-sentyabrda lavozimidan ozod etilgan. Bu qaror Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi buyrug‘i asosida, Mehnat kodeksining 157-moddasiga muvofiq qabul qilingan.
Biroq sobiq direktor ishdan bo‘shatilish bilan rozi bo‘lmagan. 13-oktyabr kuni yangi direktor E.A. rasman faoliyatini boshlayotgan paytda Z.A. qarshilik ko‘rsatgan va maktabda shovqin-suron yuz bergan. Boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, voqea chog‘ida hech kim tan jarohati olmagan, vaziyat tezda barqarorlashtirilgan.
Boshqarma rasmiy bayonotida ta’kidlanishicha, hozirda maktabda dars jarayoni izchil davom etmoqda, o‘quvchilar va pedagoglar faoliyatida uzilish yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi oylarda ta’lim muassasalarida mansabdorlar o‘rtasida nizolar soni ortgan. Xususan, Sirdaryo viloyati Xovos tumanidagi musiqa va san’at maktabida o‘qituvchi va direktor o‘rinbosari o‘rtasida tortishuv bo‘lgani, shuningdek, Ohangaron tumanida maktabgacha ta’lim bo‘limi rahbari va bog‘cha direktori o‘rtasida janjal kelib chiqqanligi haqida ham xabar berilgan edi.
Bu voqealar ta’lim tizimida inson omili va rahbarlar o‘rtasidagi munosabat madaniyati masalasi yana kun tartibiga chiqishi lozimligini ko‘rsatmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!