11:11 / 04.11.2021
2 069

Is gazi: falokatmi, fojiami?

Is gazi: falokatmi, fojiami?
...Ochig‘ini aytishim kerak, bu mavzuda yozishni mutlaqo istamagan bo‘lardim. Juda iztirobli, qayg‘uli. Ammo... O‘z taqdiriga e’tiborsiz bo‘lgan insonlarni hushyorlikka, ogohlikka chorlash kasbimiz taqozosi, yozmaslikning iloji yo‘q.

“Ehtiyot – yarim hayot” deydi dono xalqimiz. Hayot insonga berilgan shunday bir ulug‘ ne’matki, uni mazmunli o‘tkazish, sog‘likka, tinchlikka alohida e’tibor qaratish, bir olam bebaho boylikka ham topib bo‘lmaydigan ushbu betakror hayotni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylab yashash, umrimizga umr qo‘shishini ta’kidlab o‘tirmasak ham bo‘ladi.

Zamonaviy ilm-fan tobora yuksalib borayotgan ayni zamonda, yurtimizning uzoq-yaqin go‘shalarida is gazidan zaharlanish holatlari tufayli guldek umrlarning zavol topayotgani kishini qayg‘uga soladi. Albatta, bunday noxush ko‘rguliklarni taqdir ekan-da, deb qo‘yish ham mumkindir. Ne ajabki, bunday deyish aslo mumkin emas. Chunki taqdiri azalimizni yaratgan Alloh taolo shu bilan birga, biz uchun cheksiz aql-zakovat ham ato etib qo‘ygan. Har bir ishni oqilona fikrlab, amalga oshirgan inson falokat va halokatlar girdobida qolmasligi ham taqdirimizning uzviy bir bo‘lagi ekanini unutmaylik.

Kuz-qish mavsumi keldi deguncha, yurak hovuchlab qolamiz. Negaki ushbu pallada bosma OAV va elektron OAV sahifalarida iz gazidan zaharlanish holatlari bilan bog‘liq ma’lumotlar chiqqanida har qanday bag‘ritosh insonning ham ko‘nglini xira bo‘ladi. Masalaning yana bir tomoni, zaharlanish ortidan kelgan halokatlarning 99,9 foizi ehtiyotsizlik oqibatida sodir bo‘lgani iddao qilinadi. Bo‘lishi mumkin, bunday dalillardan ham ko‘z yummagan holda, shuni ham ta’kidlash lozimki, tayoqning ikkita uchi bo‘ladi. Ya’ni, aytaylik masalaning bir uchi ehtiyotsizlikka, beparvolikka borib taqalsa, ikkini uchi davlat va jamoat tashkilotlarining loqaydligiga borib taqaladi. Xo‘sh, nega bunday deyapmiz? Chunki mahalla qo‘mitalari, gaz ta’minotiga aloqador bo‘lgan tashkilotlar olis-olis qishloqlarda ham yetarli darajadagi shart-sharoitni yaratib qo‘yishsa, ajab emaski statistik ma’lumotlarda qayd etilayotgan is gazidan zaharlanish holatlari yo‘qolib ketsa.

Bundan ikki yilcha avval, xizmat safari bilan Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanida bo‘lgandim. Mustaqillikka erishgan dastlabki yillarimizda, ushbu tumanning ko‘pgina qishloq xonadonlariga gaz quvurlari o‘tkazilgan. Taassufki, nari borsa bir-ikki yil mazkur tuman qishloqlari aholisi “zangori olov” saxovatidan bahramand bo‘lishgan. Keyinchalik esa ushbu quvurlarga yillar davomida tabiiy gazning o‘zi tugul, hatto hidi ham bormay qo‘ygan. Pirovovardida, gaz kuta-kuta ko‘zlari ko‘kargan aholi, o‘sha falon pul evaziga o‘rnatilgan gaz quvurlarini ortiqcha daxmaza, deb kesib tashlashgan.

Ayrim “uddaburon”lar kesib olib tadbirkorlarga sotib yuborishgan. Xo‘sh, shunday sharoitda ular albatta, o‘z maishiy ehtiyojlari uchun ko‘mir, o‘tin yoki tappidan foydalanishi tabiiy hol emasmi? Shunday qilib, xato va kamchiliklarini o‘z vaqtida tuzatilmasligi oqibatida minglab aholi aziyat chekmayaptimi? Bunday holat faqatgina bitta viloyatning birgina tumanida uchrasa, buni tushunish mumkindir. Ammo Vatanimizning qaysi burchagiga bormang, aynan shunday ko‘ngilsiz holatlarga duch kelmay qolmaysiz.

Ijtimoiy tarmoqlarda yaqinda tarqalgan, Urgut tumanida yuz bergan is gazidan zaharlanish fojiasi hammamizning qalbimizni larzaga keltirdi. Hamma aybni fuqaroga to‘nkashni kasb qilib olgan mutasaddi tashkilotlar bunday holatlarni bilmaydimi? Ikki norasida go‘dagi bilan yorug‘ jahonni tark etgan urgutlik bu oilaning aybi nima edi? Axir ular ham issiq uyda yashashi kerak emasmidi? Shu kabi kundalik hayotiy ehtiyoj tufayli bolasiga issiq ovqat qilib berishni, ular sovqotmasligi uchun uyini isitishni istagan ayol boshqa nima qilardi? Shu ayol va boshqa barchamiz ham xonadonimizda “zangori olov” porlab turgani holda, uyni isitish uchun ko‘mir, tappi yoqarmidik? Yo‘q albatta.

Urgut tuman FVV bo‘limi xodimi falokat pech mo‘risini tozamaslik oqibatida kelib chiqqan, deb oddiygina izoh bermoqda, mazkur falokat yuzasidan savol bergan muxbirga. Bu bilan endi nima o‘zgaradi. Bundan ko‘ra, isitish mavsumi boshlanishidan oldin tegishli tashkilotlar (ularning o‘zidan ham nomi ko‘p, qay birini aytishni ham bilmaysan, kishi) kabinetlarida g‘o‘dayib o‘tirmasdan uyma-uy kirib, ehtiyot choralarini ko‘rish, yong‘in chiqmasligining oldini olish maqsadidagi tadbirlarni amalga oshirishganida, balki ko‘plab falokatlarning oldi olinarmidi?!

Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, birgina o‘tgan 2019-2020 yillarda, tegishli tartibda 31 va 70 ta mana shunday is gazidan zaharlanish holatlari sodir bo‘lgan. Ularda 80 dan ortiq kishi jarohat olgan bo‘lsa, 140 nafari bevaqt vafot etgan. Eng achinarlisi, ular orasida 1-3 yoshli go‘daklarning ham borligidir. Bundan tashqari, birgina oilaning 3-4 nafar, ya’ni barcha a’zosi nest-nobud bo‘lganini aytishning o‘zi qalbimizni qayg‘uga botiradi.

Ammo... Yangi isitish mavsumi yana boshlanib qoldi. Ona tabiat saxovati tufayli hozir yurtimizda ob-havo birmuncha mo‘’tadil, iliq-issiq. Biroq erta baribir qish qishligini qilishi ham tabiiy hol. Shunday ekan, aholidan ham ko‘ra ko‘proq isitish, gaz ta’minotiga tegishli tashkilotlar, yong‘in xavfsizligi xodimlari xavfsizlik choralarini kuchaytirishlarini, bu maqsaddagi targ‘ibot-tashviqot ishlariga panja orasidan qaramasliklarini istab qolardik. Toki, statistik ma’lumotlar sahifalari is gazidan zaharlanish holatlarini qayd etishdek noxush ma’lumotlar bilan to‘lib-toshmasin. Shu is gazi balosi ortidan oilalarda judoliklar bo‘lmasin.

Rahmonqul Qodiraliyev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Is gazi: falokatmi, fojiami?