date
views 2 117

«Hayot qisqa, jon shirin» — talabalar blogini yuritadigan talaba-blogerlar hikoyalari

«Hayot qisqa, jon shirin» — talabalar blogini yuritadigan talaba-blogerlar hikoyalari
Ta’lim va talabalar muammolarini ko‘tarib chiqadigan, katta auditoriyaga ega ta’lim blogerlari borki, ularning hikoyalari bir-biridan qiziq. Talabalar kunida bu jonkuyarlarning o‘z auditoriyasiga aytadigan qanday so‘zlari bor?

«Yuqoridan postlarni o‘chir, degan qo‘ng‘iroqlar bo‘lsa, soddaligimdan o‘chirib yuborardim» — «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash» kanali muallifi Egamnazar Abulboqiyev
O‘zim talaba bo‘lganim uchun ularni qiynayotgan muammolar va qiyinchiliklarni ko‘rib bilib turaman. Muammolardan qochishni emas, ularni joyida hal etib yashashga o‘rganganman. Faoliyatim davomida yoki hayotimda qanaqadir muammo bo‘lsa, xotirjam ishlarimni qilib, o‘qishimni o‘qiy olmayman.

Bu muammo va kamchiliklar boshqalarni ham qiynaydi, degan fikrdaman. Shuning uchun bu muammolarni hal qila oladigan odamlarga muammo haqida bildirish uchun blog ochib, uni yurita boshlaganman.

Kanalni endi ochgan paytlarim juda sodda edim, qaysidir mendan yuqori turuvchi shaxslar qo‘ng‘iroq qilib, «maqolangni o‘chir», desa, soddaligim sababmi, bilmadim, o‘chirib yuborardim.

Keyinchalik men ham ziyraklik bilan ishlay boshladim. «Kanalimda 5ta admin bor, shulardan biri yozgan, meni tishim o‘tmaydi», deb o‘zimdan soqit qilishni boshladim. Lekin shunday qiyinchiliklar ham bo‘ldiki, video murojaatlarimni ham joylashga to‘g‘ri kelib qoldi. Lekin u video meniki emas, deb vaziyatdan chiqib bo‘lmasdi.

Blogni yuritishdagi asosiy qiyinchilik — senzura. Hayot qisqa jon shirin. «Masofaviy kanal» kanali admini R.M.
«Masofaviy ta’lim» kanalining faoliyati 2020 yil 16 martdan O‘zbekistonda karantin e’lon qilingani sabab boshlangan. O‘shanda barcha ta’lim dargohlari ilk marta onlayn ta’limga o‘tkazilgan. Yoshlar uchun foydali va manfaatli bo‘lishi uchun blog ochishni niyat qilganmiz.

Buning uchun eng qulay platforma Telegram edi. Kanal ochdik va qisqa fursatda obunachilarimiz 66 ming nafardan ham oshdi. Karantin yumshatilib, ta’lim dargohlari an’anaviy ta’limga qaytgach, bizga ham, bizning faoliyatimizga ham deyarli ehtiyoj qolmadi.

2020 yil taxminan sentabr oylari edi, kanal yo‘nalishini o‘zgartirib, asosan, talabalar uchun yozadigan kanalga aylandik. Kanalning nomi esa shundayligicha qoldi — «Masofaviy ta’lim». Qaysidir ma’noda brend bo‘la oldik, deb hisoblayman. Shu sabab nomni o‘zgartirmay saqlab qoldim.

Bu yo‘lda yagona qiyinchilik bor — senzura. Kanalda talabalardan tashqari ta’lim mavzulari ham yozib boriladi. Bugungacha qandaydir jiddiy tahdid yoki bosim bo‘lmagan. Ammo bir necha marta bilvosita postni o‘chirishga urinishlar bo‘lgan. Ichki senzura ham ba’zi narsalarni yozmaslikka sabab bo‘lib turadi. Hayot qisqa, jon shirin.

«Ta’lim va talabalar hayotida nimadir o‘zgargan bo‘lsa, ko‘plab blogerlar harakati bilan bo‘lgan» — Egamnazar Abulboqiyev
Faoliyatim davomida nimalarnidir o‘zgartiroldim, deya olmayman. Chunki men aynan bir odamning murojaati bilan shug‘ullanmayman. Tizimli muammolarni, ya’ni barcha uchun muammo bo‘lib kelgan masalalarni ko‘targanman. Ularning ayrimlari hal bo‘lgan, lekin faqat mening harakatim bilangina emas boshqa blogerlarning ham bunda hissasi bor. Bloger bir o‘zi bo‘lsa nimanidir hal qilishi qiyin. Chunki idoralar birgina blogerning kanalida chiqqan masalaga unchalik ham e’tibor bermaydi. Lekin 5–6 bloger bir masalani ko‘tarsa, ana undan keyin masalani o‘rganishni boshlaydi.

«Eng katta yutuq — karantin davrida yoshlarga bilim berganimiz» — Masofaviy ta’lim kanali asoschisi R.M.
Karantin paytida yoshlar uchun sifatli testlar va masalalar taqdim eta olganimiz yutug‘imiz bo‘lsa kerak. Birgina Telegramdagi QuizBot orqali fanlardan taqdim etgan testlarimizni jami 1,1 mln.dan ortiq yoshlar ishlagan. Mavzular, ma’lumotlar esa minglab o‘qilgan, ulashilgan. Albatta, buning ortidan minglab yoshlar nimadir o‘rganganiga ishonchim komil.

Talabalar uchun yozishni boshlaganimizda ham bir qancha yutuqlar bo‘ldi, hech bo‘lmasa, talabalar murojaati sabab qaysidir OTM talabalariga stipendiya vaqtida berilmayotgani haqida yozsak, ertasigayoq ularning stipendiyalari tarqatilardi. Yaqinda ham shunday holat bo‘ldi. 3 oydan beri ko‘pchilik OTMlar stipendiya bermagan. Bu haqda OTMlarni nomma-nom yozdik va ertasigayoq stipendiyalar berilishni boshladi.

Aytgancha, o‘tgan yili shu kanal sabab, O‘zbekistondagi katta bir kompaniyadan aloqaga chiqishdi. Hamkorlik taklif qilishdi va O‘zbekiston Milliy universiteti hamda Toshkent davlat texnika universiteti yotoqxonalariga jami 40 ta kir yuqish mashinasi bepul taqdim etildi. Ularga shu fikrni berdim. Bu taklif esa ularga yoqdi. 3 kun ichida 40 ta mashinani bepul yetkazib berishdi.

Oliy ta’lim tizimida nima o‘zgarishini xohlardim? — Egamnazar Abulboqiyev
Oliy ta’lim tizimida birinchi navbatda talabalarga ham inson sifatida qarashlarini xohlagan bo‘lar edim. Chunki ko‘p kuzataman: talaba dekanatga yoki rektoratga hattoki, yotoqxonasiga borganda ham juda sovuq muomala bilan qarshi olinadi. Savol bersa, tayinli javob ham ololmaydi.

Ko‘plab o‘qituvchilar ham, zamdekanlar ham talabalarning savollariga qunt bilan javob bermaydi, xuddi mensimaydigandek. Uning ustiga Oliy ta’lim muassasalarida ochiqlik yetishmaydi, juda ko‘p qarorlar yashiriladi yoki 1–2 kun qolganda e’lon qilinadi. Menimcha, axborot tizimi yaxshi yo‘lga qo‘yilsa, talabada ham abituriyentda ham ortiqcha savollar tug‘ilmaydi.

«Korrupsiya va kadrlar muammosi — asosiy masala» — R.M.
Oliy ta’lim tizimida muammolar ko‘p. Birinchi o‘rindagi muammo sifatida korrupsiya va kadrlar masalasi, deb hisoblayman. Bundan tashqari, ta’lim sifati, qog‘ozbozlik, daftarbozlik, zarur adabiyotlarning yetishmasligi, laboratoriyalarda kerakli jihozlar va reagentlarning bo‘lmasligi kabilar ham eng katta muammolardan.

O‘zgartirish masalasida esa hech ikkilanmay eskicha fikrlab, eskicha ishlaydigan, talabga javob bermaydigan, bilimsiz, saviyasiz, o‘qituvchi, degan sharafli nomga dog‘ tushirib yurgan kadrlarga kompensatsiya berib, hammasini ishdan bo‘shatgan bo‘lardim. Ularning jamiyatga foydasidan zarari ko‘p.

Talabalar eng ko‘p qaysi masalada murojaat qiladi?
Talabalar eng ko‘p o‘qishni ko‘chirish masalasida murojaat qilishadi. Ular «perevod» qilmoqchi bo‘lgan hudud va yo‘nalishlar qonunchilikka to‘g‘ri kelmayotganini, lekin istisno tariqasida ijobiy hal etib berishlarini so‘rab, post yozishimni xohlashadi. Lekin baribir ijobiy hal bo‘lmasligini bilib yozmayman. Uni hal qilishning iloji yo‘q, faqat qonunchilikka (PQ-5157) o‘zgartirish kiritish bilangina bu hal bo‘lishi mumkin, — deydi Egamnazar Abulboqiyev.

Madina Ochilova tayyorladi.

Manba: Kun.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Hayot qisqa, jon shirin» — talabalar blogini yuritadigan talaba-blogerlar hikoyalari