21:33 / 25.12.2021
1 338

Mast haydovchilarga qat’iyroq jazo qo‘llash: Xorij tajribasidan o‘rnak olish kerakmi?

Mast haydovchilarga qat’iyroq jazo qo‘llash: Xorij tajribasidan o‘rnak olish kerakmi?
YHXBB boshlig‘i mashinani mast holda boshqarish Jinoyat kodeksiga kiritilishi kerakligini aytdi. Biz bu borada xorij tajribasiga nazar soldik.

IIV YHXBB boshlig‘i polkovnik Olim Saidov mashinani mast holda boshqarish jinoyat ekani, bu borada Ma’muriy va Jinoyat kodekslariga jazoni og‘irlashtiruvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar kiritilganini aytib o‘tdi.

Bunga munosabat bildirar ekan, Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov spirtli ichimlik iste’mol qilib rul boshqarayotgan haydovchilarga nisbatan 15 sutka qamoq jazosi va haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilishni taklif etdi.

Yiliga minglab odamlar vafot etayotganini inobatga olib, bu sohada favqulodda holat e’lon qilish kerak, deb hisoblayman. Ko‘chalarda ahvol o‘ta og‘ir”, – deb tushuntiradi Allamjonov.

Ayni paytda mast holatda transport vositasini boshqarish – Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 131-moddasiga asosan, transport vositasini boshqarish huquqidan 1 yil-u 6 oydan uch yilgacha muddatga mahrum qilib, 25 BHM jarimaga sabab bo‘ladi.

Haydovchining organizmida alkogol miqdori 0,135 promilledan yuqori bo‘lsa, u mast holda transport vositasini boshqargan hisoblanadi.

Ayni kunlarda bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari 6 mln 750 ming so‘m bo‘ladi. Jarima 15 kun ichida to‘lansa, 30 foizlik chegirma bilan 4 mln 725 ming so‘mni tashkil etadi.

Ko‘pincha qoidabuzar haydovchilar bu jarimani osongina to‘lab, haydovchilik huquqidan mahrum etilgan bo‘lsa ham, mashinani YPX xodimlarining qo‘liga tushmasdan, yashirincha boshqarib yurishadi.

Bularning barchasi mast holda transport vositasini boshqarganlik uchun belgilangan jazo choralari qat’iy emasligi, respublikamizda haydovchilar tomonidan transport vositalarini mast holda boshqarish, eng yomoni, mast holatda avtomobil boshqarish oqibatida yo‘l-transport hodisalari yuz berishi, insonlar halok bo‘lishi holatlari uchrab turganiga bosh sabab bo‘lmoqda.

Jazo o‘ta qat’iy bo‘lishi kerak va haydovchini spirtli ichimlik ichishdan qaytarishi, unga jazodan qutulishga hech qanday imkoniyat qoldirmasligi kerak. Mast haydovchilarni topib, bayonnoma tuzgan YPX xodimlari ham keskin rag‘batlantirilishi lozim.

Ayrim davlatlarda mast haydovchilarga darhol jinoiy javobgarlik qo‘llaniladi. Balkim bizda ham jazo choralarini Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksdan Jinoyat kodeksiga o‘tkazish kerakdir...

Masalan, Rossiyada mast holda transport vositasini boshqarganlik uchun 30 ming rubl jarima solinadi, shuningdek, 2 yilgacha haydovchilik huquqidan mahrum qilish bilan jazolanadi. Deputatlar jarima miqdorini 100 ming rublgacha ko‘paytirish, haydovchilik huquqidan mahrum qilishni uch yilgacha uzaytirishni taklif etishmoqda.

2010 yilning avgustida AQSHda jahonda ilk bor mast haydovchi umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Bungacha Texas shtatida yashovchi Bobbi Stovall rulga to‘qqiz marta mast holatda o‘tirib qo‘lga tushgan. Okrug prokurori Jon Bredli o‘z qarorini shunday tushuntirgan: “U kimnidir o‘ldirib qo‘yishidan avval, biz uni to‘xtatishga qaror qildik”.

AQSHda qoida tariqasida avtomobilni mast holatda boshqarish jarima bilan jazolanadi. Shtatiga qarab, o‘rtacha 750 dollar jarima to‘lash yoki 30 kundan 6 oygacha qamoqxonada o‘tirishga to‘g‘ri keladi. Qoidabuzarlar haydovchilik huquqidan ham mahrum etiladi. Birinchi marta tushganlarning “prava”si 90 kunga, ikkinchi marta – 1,5 yilga, uchinchi marta – umrbod olib qo‘yiladi. Ayrim shtatlarda qoidabuzarlik takrorlansa, avtomobil musodara qilinadi.

Buyuk Britaniyada rulga mast holda o‘tirgan haydovchi ilk qoidabuzarlik uchun 6 oy qamoq jazosiga hukm qilinadi, u shuningdek, 5 ming funt-sterling jarima to‘lab, haydovchilik huquqidan 3 yilgacha mahrum etiladi.

Germaniyada hammasi haydovchining qonida aniqlangan alkogol miqdoriga bog‘liq. Agar u 1,1 promilledan yuqori bo‘lsa, Jinoyat kodeksi doirasida jazoga mubtalo bo‘ladi. U haydovchilik huquqidan mahrum etiladi, 3 oylik ish haqi miqdorida jarimaga tortiladi yoki 5 yilga ozodlikdan mahrum etiladi.

Singapurda bunday qoidabuzarlik uchun 1 yilga haydovchilik huquqidan mahrum etish jazosi qo‘llaniladi. Shuningdek, haydovchi katta jarima to‘laydi yoki yarim yilcha qamoqda o‘tiradi. Qayta qoidabuzarlik uchun qamoq jazosi 3 yil etib belgilangan.

Bizda ham jazo choralari o‘ta qat’iy qilinishi kerak. Iloji bo‘lsa, bir yo‘la ham qamoq, ham jarima, ham uzoq muddatga transport vositasini haydash huquqidan mahrum qilish qo‘llanilishi kerak. DYHXX esa belgilangan jazo choralarini aholi o‘rtasida kengroq targ‘ib etishi lozim. Toki rulga o‘tirgan har bir haydovchiga yetib borsin.

Shuhrat Shokirjonov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mast haydovchilarga qat’iyroq jazo qo‘llash: Xorij tajribasidan o‘rnak olish kerakmi?