O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi bilan hamkorlikda muborak Ramazon oyi, xususan, ro‘za tutishga doir eng muhim savollarga javoblar turkum tarzda taqdim etib boriladi.
Savol: Kimlar Ramazon ro‘zasini tutishlari lozim, shuningdek, kimlarga bu borada yengilliklar berilgan?
Javob: Har bir aqlli, balog‘atga yetgan musulmon uchun Ramazon ro‘zasini tutish – farzi ayndir.
Chunki Alloh taolo Qur’oni karimda: "Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz", deydi (Baqara surasi, 183-oyat).
Boshqa oyatda esa: "Bas, sizlardan kim bu oyda (o‘z yashash joyida) hozir bo‘lsa, ro‘zasini tutsin", deb buyuradi (Baqara surasi, 185-oyat).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: "Islom besh narsa ustiga qurilgan: Allohdan o‘zga iloh yo‘q, deb guvohlik berish, namozni qoim qilish, zakotni berish, baytni haj qilish va Ramazon ro‘zasini tutish», deganlar (Muttafaqun alayh, Abdulloh ibn Umardan rivoyat qilingan). Boshqa hadisda esa: »Ramazon oyingizda ro‘za tutinglar", deb buyurganlar (Imom Termiziy Abu Umomadan rivoyat qilingan).
Ro‘zaning farzligiga ijmo-ulamolar ittifoqi bor, bunga hech kim xilof qilmagan.
Shariatimiz ikki toifa kishilarni ro‘za tutmasliklariga ruxsat berib, o‘rniga Ramazonning har bir kuni uchun fidya berishni buyurgan.
Birinchisi: Qarilik sababli umuman ro‘za tutishga yaramaydigan, kundan-kunga jismonan zaiflashib borayotgan yoshi ulug‘ keksalar.
Ikkinchisi: Surunkali kasal bo‘lib, odatda tuzalishiga umid bo‘lmagan va ro‘za tutish ularning salomatligiga jiddiy ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan bemorlar.
Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qilgan: “(Ro‘za tutishga) madori yetmaydiganlar zimmasida bir miskin kimsaning (bir kunlik) taomi fidyadir. Kimki ixtiyoriy ravishda ziyoda xayr qilsa (lozim bo‘lganidan ortiq fidya bersa), o‘ziga yaxshi. Agar bilsangiz, ro‘za tutishingiz (fidya berib tutmaganingizdan) yaxshiroqdir”, (Baqara surasi, 184-oyat).
Fidya – Alloh taolo bandalariga bergan yengillikdir.
Har kunlik fidyaning miqdori yarim so’ bug‘doy (taxminan ikki kilogramm) yoki bir so’ xurmo yoxud bir so’ arpadir. Bularning qiymatini berish bilan ham fidya ado bo‘ladi. Vatandoshlarimizga oson bo‘lishi uchun har yili Ramazon oyida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati tomonidan fidyaning o‘rtacha miqdori belgilanib, e’lon qilinadi.
Fidya Ramazon oyi kirishidan oldin berilmaydi. Oy kirishi bilan xohlasalar, o‘ttiz kunlik ro‘zaning fidyalarini birdaniga jamlab beradi, xohlasalar har kuni bo‘lib-bo‘lib to‘lab beradi.
Shuningdek, ro‘za fidyasini bir kishiga ham yoki bir necha kishiga ham berish mumkin.
Fidya miskin, faqir, beva-bechora, yetim-yesir, nochor va zakot berishga qodir bo‘lmaganlarga beriladi. Ammo otasi, onasi, farzandlari, nabiralari, eri, xotini va zakot berishga qodir bo‘lganlarga berishi joiz emas.
Fidya berib yurgan qariya yoki surunkali bemorlar ro‘za tutishga qodir bo‘lib qolishsa, bergan fidyalari bekor bo‘lib, tutmagan ro‘zalarining qazosini tutishlari vojib bo‘ladi.
Ro‘za tutishga yaraydigan qariyalarga esa ro‘za tutish farz bo‘ladi. Ro‘za tutishga qodir bo‘la turib fidya bersalar, ro‘za ulardan soqit bo‘lmaydi va fidyasi o‘z o‘rniga tushmaydi.
Tuzalishiga umid bor, odatda, ma’lum vaqtdan keyin shifo topadigan bemorlarga ro‘za tutish zarar qilsa, bularning ham ro‘za tutmasliklariga shariatimiz ruxsat beradi. Ammo bular fidya bermaydilar. Tuzalganlaridan keyin qazo bo‘lgan kunlarning ro‘zasini tutib beradilar.
Afsuski, hozirgi kunda Ramazon oyida bemor bo‘lib, tuzalgandan keyin qazosini tutib berishga layoqati bo‘lgan ba’zi kishilar bemorliklarida ro‘zaning fidyasini berib qo‘yib, tuzalganlaridan keyin “men qazo bo‘lgan ro‘zalarimni tutmayman, chunki men fidyasini berganman”, demoqdalar. Vaholanki, shariatimiz fidya berishni ularga buyurmagan, balki tuzalganlaridan keyin qoldirgan ro‘zalarining qazosini tutib berishlarini farz qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati milodiy 2022 (hijriy 1443) yilgi zakot nisobi, fitr sadaqa va fidya miqdorini e’lon qilgan edi.
Unga ko‘ra, Fitr sadaqasi miqdori:
- bug‘doydan 2 kg — 10 000 (o‘n ming) so‘m;
- arpadan 4 kg — 16 000 (o‘n olti ming) so‘m;
- mayizdan 2 kg — 100 000 (yuz ming) so‘m;
- xurmodan 4 kg — 160 000 (bir yuz oltmish ming) so‘m deb belgilandi.
Har kim o‘z imkoniyatiga qarab, ushbu to‘rt mahsulotning xohlagan bir turidan fitr sadaqasini bersa kifoya qiladi.
Fidya miqdori esa «Bir miskinning bir kunlik oziq-ovqati barobarida bo‘lib», o‘rtacha kunlik qiymati 25 ming so‘m, bir oylik miqdori esa 750 ming so‘m etib belgilandi.
Maqoladagi diniy matnlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning tegishli ekspertiza hulosasi asosida chop etilmoqda. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Sirdaryoda YTH sodir etgan haydovchidan pul olgan YPX xodimi qamaldi
Revanshda g‘alaba qozonish uchun Tayson Fyuriga nima kerak?