Foto: «Daryo»
Ijtimoiy tarmoqlarda Tashqi ishlar vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi birlashtirilishi haqidagi tasdiqlanmagan xabar ortidan muhokamalar davom etmoqda. Ammo ikki vazirlik biror axborot berishga shoshilmayapti.
«Gazeta.uz» jurnalisti Shuhrat Latipov 19 aprel kuni o‘z manbalariga tayanib, Tashqi ishlar vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi yagona organga birlashtirilishi, yangi vazirlikka Sardor Umurzoqov rahbar bo‘lishi kutilayotgani haqida xabar tarqatdi. Uning yozishicha, hozirda birlashish to‘g‘risidagi tegishli hujjat Prezident administratsiyasi tomonidan ishlab chiqilmoqda.
«Hozircha bu ma’lumotning rasmiy tasdig‘i yo‘q. So‘rovimga javoban Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligidagilar bu ma’lumotni na tasdiqlovchi, na rad etuvchi fakt yo‘qligi uchun izoh bera olmasligini aytdi. Tashqi ishlar vazirligi ham so‘rovga javob bermadi», – deb yozgan jurnalist.
«Daryo» mazkur xabar yuzasidan ikki vazirlik axborot xizmatlari bilan bog‘landi. Ammo yuqoridagi javoblar olindi.
Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmatidan ma’lum qilinishicha, vazir Abdulaziz Komilov qayerda ekani va vazirlik kelajagi nima bo‘lishi haqidagi savollar juda ko‘p berilmoqda.
«Hammada shu savol. Bizda biror ma’lumot bo‘lganda o‘zimizning kanalga ham joylamoqchi edik. Lekin bu haqda ma’lumotlar yo‘q», — dedi axborot xizmati vakili.
Investitsiya va tashqi savdo vazirligi axborot xizmatidan ham shu mazmundagi javob olindi.
«Hozircha bizda bu haqda hech qanday ma’lumot yo‘q. Yangilik bo‘lib qolsa, xabar beramiz», — dedi vazirlik vakili.
Bu kabi muhim masalada hukumat sukut saqlayotgani sababli jamoatchilik turli fikrlarni bildira boshlagan. Jumladan, Telegram’dagi «Davletov.uz» kanali muallifi vazirliklarni qo‘shib yuborish bo‘yicha «eksperiment»larni Tashqi ishlar vazirligiga nisbatan qo‘llamagan ma’qulligini yozgan.
To‘g‘ri, O‘zbekistonda vazirlik tuzish, ularni bir-biriga qo‘shish va ajratishdan oson ish yo‘q bo‘lib qoldi. Bunga 2016 yildan beri bir necha marta o‘zgargan vazirlik va idoralar, yangi tashkil etilib, tugatib yuborilgan agentliklar yaqqol misol bo‘ladi.
Lekin nazarimizda, O‘zbekistonning mintaqadagi siyosiy o‘rni va qaysidir ma’noda mamlakatni himoya qilib kelayotgan Tashqi siyosiy faoliyat konseptsiyasi prinsiplaridan kelib chiqqan holda yuqoridagi «eksperiment»larni Tashqi ishlar vazirligiga nisbatan qo‘llamagan ma’qul. Chunki hozirgi sharoitda vorisiylikni ta’minlash, mavjud va qimmatli kontaktlarni saqlab qolish juda muhim. Afg‘onistondagi beqarorlik, Pokistondagi siyosiy kuchlarning o‘zgarishi, Ukraina urushi tashqi siyosatda yanada e’tiborli bo‘lishni talab qiladi.
Diplomatiya sokinlikni xush ko‘radi. Iqtisodiy diplomatiyaning hozirgi ritmini saqlagan holda puxta-pishiq, oqibatlarini inobatga olgan holda qaror qilish kerak bo‘ladi. Keyin yana bir narsa borki, dunyo tajribasida Tashqi ishlar vazirligi qancha o‘zgartirilmasin, yana ko‘p o‘tmay eski maqomiga qaytib kelavergan. Bizda ham xuddi shunday bo‘lishi aniq. Va oxirgisi, tashqi siyosat mahkamasidagi o‘zgarishlar senatdagi bayonot natijasi sifatida tarixda qolmasligi kerak, hech qursa.
Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 17 mart kuni Senatdagi chiqishida Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi mojaro yuzasidan O‘zbekiston pozitsiyasi haqida gapirgandi. O‘shanda vazir Ukraina atrofidagi vaziyat O‘zbekistonda jiddiy xavotir uyg‘otayotgani, masala tinch yo‘l bilan hal qilinishi kerakligini aytgandi.
«Birinchi navbatda harbiy harakatlar, zo‘ravonliklar zudlik bilan to‘xtatilishi zarur. O‘zbekiston Ukraina mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini tan oladi. Biz Lugansk va Donetsk mustaqilligini tan olmadik», – degan edi Abdulaziz Komilov.
18 mart kuni Abdulaziz Komilov Koreya va Dominikana Respublikalari elchilarini qabul qilgandi. Shundan so‘ng vazir jamoatchilikka ko‘rinish bermay kelmoqda. Senat ham o‘sha voqeadan so‘ng majlislarni jonli efirga uzatishni to‘xtatib qo‘ygani aytilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda vazir va vazirlik kelajagi haqida muhokamalar, turli tasdiqlanmagan xabarlar yangray boshlagan.
29 mart kuni Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati Abdulaziz Komilov davolanish uchun xorijga jo‘nab ketganini ma’lum qildi. Xabarda vazir bungacha 10 kun davomida Tibbiyot bosh boshqarmasining 1-son Markaziy klinik shifoxonasida tibbiy muolajalar olgani aytilgan.
O‘tgan vaqt davomida ikki vazirlik birlashuvidan tuzilgan yangi organ rahbarligiga nomzodi keltirilayotgan Bosh vazir o‘rinbosari, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov tashqi ishlar vazirliklari doirasidagi xalqaro uchrashuvlarda O‘zbekiston nomidan qatnashib kelmoqda. Jumladan, 30—31 mart kunlari Xitoyda bo‘lib o‘tgan Afg‘onistonga qo‘shni mamlakatlar vazirlarining uchrashuvida O‘zbekiston hukumati nomidan Sardor Umrzoqov qatnashgan. Shuningdek, 15 aprel kuni bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqoti tashqi ishlar vazirlarining 8-yig‘ilishida ham bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri ishtirok etgan.
Ma’lumot uchun, Abdulaziz Komilov 2012 yildan beri O‘zbekiston tashki ishlar vaziri sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
Sardor Umurzoqov esa bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari (2020 yildan beri), investitsiyalar va tashqi savdo vaziri (2019 yildan beri) lavozimlarida ishlab kelmoqda.
Abdulaziz Komilov1, Tashqi ishlar vaziri1, Sardor Umurzoqov1 “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Google'ning Gemini chatboti foydalanuvchiga o‘lim tiladi