
Men ko‘p kino ko‘rmayman. Seriallar va “zamonaviy” filmlarga-ku vaqtim ham yo‘q. Keyingi paytlarda kinolar haqida turli fikrlar bildiriayotgani demak tomoshabin bor ekan, kino ishlanadi, taklif va talabga qarab mahsulot chiqariladi, deb xulosa chiqarishga imkon beradi.
Shuning uchun kino to‘g‘risida hamma gapirsa ham jim turaman. Hatto saviyasi pastlarini tanqid ham qila olmayman. Har bir ishning o‘z sinchisi gapirgani ma’qul. Biroq ba’zan oldingdan tilni tishlab tura olmaydigan darajadagi nimarsalar chiqib qoladi.
Yaqinda efirga ketgan "Alhazar. Jin chalgan kelin" filmi haqida eshitib qoldim. Mayli, film ishlanibdi, namoyish etilibdi. Faqat... Keling, gapni boshqa tomondan boshlaymiz. Ancha yil oldin televideniyeda ishlaydigan tanishimga ishim tushib qo‘ng‘iroq qildim. U hozir diniy idora mas’uli oldiga kirib ketayotgani, chiqqach qo‘ng‘iroq qilishi haqida aytdi. Chiqib telefon qildi. Olayotgan kinosida yoshlarga nikoh o‘qiladigan joyi bor ekan. Shuning uchun maslahatga kelgan ekan. Aslida o‘zi ham yaxshigina biladigan mavzuda maslahatga borgani yaxshi bo‘pti, dedim. Mana shunaqa, ozgina diniy ilm kerak bo‘ladigan joyda maslahatlashiladi. Ilm kishilarining fikri olinadi.
"Alhazar. Jin chalgan kelin" filmida nomidan ma’lum nima bo‘lgani. Kelinni o‘qitgani domla olib kelishadi. “Domla” xonadon sohibasiga “Endi bu dinimizda bor, Qur’ondayam bor. Insu-jinslar insonga zarar keltirib turadi. Yoshlar chillali ekan. Bu yog‘iga ehtiyot bo‘lib turasizlar, ertaga yana kelaman”, deydi. Shu joyida tushunmadim, dinimizda chilla degan narsa yo‘q-ku. Yoki insu jinslar faqat bizning dinimizda bormi? O‘zi mantiq yo‘q joydan mantiq axtarish g‘alati.
Lekin hech bo‘lmasa o‘zlarining ilmi yetmagan joyida imom-domlalardan maslahat so‘rashsa bo‘ladi-ku. Grimga, ohanjoma uylarning ijarasiga, injiq aktyorlarga falon so‘mlab sarflanadi. Tekin ko‘rsatma beradigan ilm ahlidan hech nima so‘ramaydi. Kino-ku namoyish etilibdi. Endi uni ko‘rganlar dinimizda insu jinslar odamlarga zarar keltirib turarkan, deb tushunadimi? Yoki chilla saqlashadimi? “Domla” ochig‘i kinoga shu qadar yopishmaganki, masjid imomidan ko‘ra institut professoriga o‘xshaydi.
Xullas, bu masalalarda hamisha maslahatlashib ish qilish kerak. Fatvo juda nozik masala. O‘tgan yili O‘zbek Milliy akademik drama teatri sahnasida “Tanho yulduzim” spektakli namoyish etildi. Spektakl saviyasi, mavzusi haqida teatrshunoslardan o‘tkazib bir nima deya olmayman. Biroq ikki bevani nikohlash uchun chaqirilgan imomning xurmacha qiliqlari na spektaklga biror nima bergan, na tomoshabinga. Yolg‘iz yashagan odamda har xil kasalliklar, prostata kelib chiqadi, deb qo‘shni ayolga suyilib gapiradi. Shumi sahnada ilm ahliga munosabat uyg‘otish?
Xullas, ssenariy, kinoasar yoki pesa yozadigan odam diniy savodi bo‘lsa-bo‘lmasa turli gaplarni gapiravermasin. Yaxshisi, kino ishlamasin.
Manzura Shams
Manba: Azon.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar