“Tiling chuchuk deb teatrga olishmagan”. Rol kutib yashagan Dilshod Mirzamurodov karerasidagi qiyinchiliklar haqida
Komik aktyor Dilshod Mirzamurodov 12 yillik tajribaga ega, professional aktyor hisoblanadi. Ammo ko‘pchilik tomoshabinlarning fikricha, u o‘zini aktyor sifatida kashf etolgani yo‘q. Yaratgan rollari ham ko‘plab tanqidlarga sabab bo‘ladi. Aktyor aslida professional, ammo teatr va kino rejissorlari rollarga tasdiqlashmaganidan keyin o‘zini bachkana rollarda sinab ko‘rishga majbur bo‘lgan. Dilshod Mirzamurodovning tug‘ilgan kuni munosabati bilan u haqidagi qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etishga qaror qildik.
“Tarsaki tushirganlardan minnatdorman”
Dilshod Mirzamurodov 1981-yili Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida dunyoga kelgan. Bolalikda sho‘x va o‘yinqaroq bo‘lsa-da, mehnatdan bo‘yin tovlamaydigan bola bo‘lganini aytadi.
— Bolalarim men bolalikda ko‘rgan sharoitning o‘ndan birini ham ko‘rgani yo‘q. Qishloqda yashash zavqli, ammo shunga yarasha mashaqqati ham bor. Paxtazorda uxlab qolgan kunlarim ham ko‘p bo‘lgan. Sho‘xligimdan hamma bezor bo‘lgani uchun onam ham kaltakning zo‘ri bilan siylab turardi. Yuzimdagi ‘shramlar’ ham bolalikdan esdalik bo‘lib qolgan. Hozirgi bolalarga o‘qituvchilar biroz og‘irroq gapirib qo‘yishsa darrov yozuv-chizuv boshlanib ketadi. Men ham ustozlardan tanbeh eshitganman, vaqti kelganda tarsaki ham yeganman. Ammo ularga hamisha rahmat aytaman. Boisi, o‘sha ustozlar bergan bilim bilan institutga qabul qilinganman, — deydi Dilshod Mirzamurodov.
“Hofiz qo‘shnimizga havas qilardim”
Qahramonimiz bolalikdan san’atga qiziqqan va bunga oilasidagi muhit emas, hofiz qo‘shnisi sababchi bo‘lgan.
— 1990-yillarda Sirdaryoda Qurbonjon Aytmatov degan hofiz tanilgandi. O‘sha inson birdevor qo‘shnimiz edi. Yuqori pardalardagi qo‘shiqlarni shunaqa chiroyli aytardiki, men hovliga chiqib og‘zimni qimirlatib turardim. 1994-yilga borib, san’atga bo‘lgan qiziqishim shunchalik ortdiki, maktabdan kelib, tomda qo‘shiq aytadigan bo‘ldim. U yerga katta tog‘oralar va shvabra olib chiqib qo‘ygandim. Tog‘aralar baraban bo‘lsa, shvabra mikrofon edi. Onam pastda turib “Qulog‘ing bormi, tog‘arani sirini ko‘chirasan, ha deb uraverma”, deb baqirardi, — deydi aktyor.
“San’at bo‘yicha 9 yil o‘qidim”
Dilshod Mirzamurodov maktabni tamomlab, biznes maktabiga o‘qishga kirgan. Keyinchalik o‘zini san’at sohasida sinab ko‘rish fikri paydo bo‘lgan.
— Ko‘pchilik “Instiutda o‘qiganmi bu? Ustoz ko‘rganmi?” deyishadi. Tengqurlarim orasida san’atda eng ko‘p vaqt tahsil olgani o‘zim bo‘lsam kerak. Chunki maktabni tamlomlab, san’at texnikumiga o‘qishga kirganman. U yerda uch yil o‘qib, keyin hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga hujjat topshirganman. O‘sha yili “Drama aktyorligi” bo‘limiga Turg‘un Azizov rahbarlik qilar ekan. Ustoz ijodiy imtihon paytida mahoratimga yaxshi baho bergan. Ammo davlat testidagi natijalar biroz past bo‘lgani uchun shartnoma asosida o‘qishga qabul qilinganman. Bakalavr bosqichini a’lo baholarga tamomlab, magistraturaga qabul qilinganman. Xullas, umumiy hisobda san’atkor bo‘lish uchun 9 yil umrimni sarfladim, — deydi Dilshod Mirzamurodov.
“Menga masxaraboz rolini ham berishmagan”
Bugungi kunda Dilshod Mirzamurodovni ko‘pchilik bachkana ijodkor deb bilsa-da, u tengqurlari ichida eng tashabbuskor va iste’dodli talaba bo‘lgan. Hatto, bakalavr bosqichida kursdoshlari undan boshqasiga guruh sardorligini ishonishmagan. Aktyor drama aktyorligi bo‘limini tugatgani uchun o‘zini teatrda sinab ko‘rmoqchi bo‘lgan.
— Institutda asosan teatr bilan bog‘liq bilimlar beriladi. Klassik adabiyotlarni o‘qib, kun kelib men ham teatrda ishlayman va eng saviyali rollarni ijro etaman deb niyat qilgandim. Qaysi teatr ekanligini aytmayman, ammo men ham bakalavr bosqichini tamomlab, teatrga ishga kirmoqchi bo‘lganman. Hujjatlarimni ko‘rib chiqqan teatr rahbari “Tili chuchuk ekan, uni ishga ololmaymiz”, degan. “Hech bo‘lmasa, bitta rol beringlar, mahoratimni ko‘rsatay”, deganimda masxaraboz rolini ham ishonishmagan. Hozir vaziyat qanday bilmayman, avvallari yoshlarga nisbatan ishonchsizlik yuqori edi. Mana shu voqeadan keyin teatrdan butunlay ko‘nglim qolgan. “Shuncha yil o‘qib, professional aktyor bo‘la turib bitta rolni ham ijro etolmaymanmi?”, deb hafsalam pir bo‘lgandi, — deydi aktyor Dilshod Mirzamurodov.
“O‘qituvchilikda ham o‘zimni sinab ko‘rdim”
Shundan keyin u televideniyedagi ko‘rsatuvlarda chiqishga uringan. Film kastinglarida faol ishtirok etgan. Ammo rollarga taklif tushmaganidan keyin o‘zini pedogoglik sohasida sinab ko‘rgan.
— Yoshim ulg‘ayib qolgan, nimadir ish qilishim kerak edi. Toshkent Madaniyat kollejiga ish so‘rab borganman. U yerda “Aktyorlik mahorati”dan dars berdim. Undan keyin institutdan taklif tushdi, u yerda ham bir muddat ishlab, talabalarga o‘zim bilganlarni o‘rgatdim. Pedagoglik yaxshi kasb, ammo men bu ishni qilish uchun 9 yil tahsil olmagandim.
“27 yoshimga qadar rol berishmadi”
Dilshod Mirzamurodov avvaliga komik aktyor bo‘lishni istamagan, “Quvnoqlar va zukkolar” jamoasida ishtirok etganidan keyin uni atrofdagilar komik ijodkor sifatida tanishgan.
— 2011-yili “Quvnoqlar va zukkolar” tanlovida jamoamiz bilan ishtirok etib, birinchilikni qo‘lga kiritganmiz. O‘shanda Malayziyaga olib borishni va’da qilishgandi, ammo so‘zlarining ustidan chiqishmadi.
Yashirmayman, 27 yoshimga qadar kinodagi rollarga tasdiqlashmagan. Rejissorlarga ko‘rinishim, ovozim yoki mahoratim yoqmas edi. San’at sohasiga kirib kelganimga 10 yil bo‘lganida “Hur qiz” filmida chiptachi rolini ijro etganman. Bu qahramonning ko‘rsatiladigan daqiqasi shunchalik kamki, tomoshabinlar uning bor-yo‘qligini ham payqashmasa kerak. Ikkinchi rolim esa Javlon Shodmonovning “Zamonaviy sovchilar” filmida yaratilgan. Undagi rolim ham juda kichik edi, ammo o‘zimni katta ekranda ko‘rib rosa quvonganman, — deydi Dilshod Mirzamurodov.
“Men ham muhojir bo‘lmoqchi bo‘lganman”
— Televideniyeda ishlashni orzu qilmaganman. Teatrda ishlayman, kinoda rollar ijro etaman degan qat’iy ishtiyoq bor edi. Ammo hayotda hamma narsa biz istgandek bo‘lavermas ekan. Ilgari ko‘p gapirishni yoqtirmasdim, shoumen bo‘lishga majbur bo‘lganimdan keyin bunga ham odatlandim. Men o‘zimni iqtidorliman demayman. Ammo rahbarlar eshikdan kirib kelgan yosh kadrga “ish yo‘q” deyishdan avval insoniylik yuzasidan uni eshitib ko‘rishi kerak, deb hisoblayman. Chunki birorta kastingdan o‘tkazishmaganidan keyin menda ham muhojir bo‘lish, qurilishda ishlash g‘oyalari paydo bo‘lgan. Chunki atrofdagilarning ishonchsizligi kishini ruhan sindiradi. Xususiy kanaldan hamisha minnatdorman. Ular sabab xalqqa tanildik, — deydi Dilshod Mirzamurodov.
“Nega baqirib gapirasiz?”
Dilshod Mirzamurodovni baqiroqligi va shevada gapirishi ko‘pchilikning tanqidiga sabab bo‘ladi. Uning bachkanalikda ayblanishiga ham balki shu kamchiliklari sabab bo‘layotgandir.
— Shevada gapirishimning o‘ziga xos sababi bor. Ya’ni men roldan kelib chiqqan holda qahramonimga xarakter izlayman. Filmda xorazmlik qahramon toshkentcha gapirsa, tomoshabin ko‘ziga g‘alati ko‘rinadi. Bu kino ijodkorlari tilida rolning shirasi yo‘qolishi deyiladi. Men ham qishloq odamlarining rolini ijro etayotganda ularni shevada gapirtiraman.
Ko‘rsatuvda “Nega baqirib gapirasiz?” degan savolni o‘zimga ham berishgan. Shou ko‘rsatuvlarining azarti bo‘ladi, ularni oddiy ssenariy asosida suratga olish juda qiyin. Ba’zan o‘zimni boshqarolmay qolaman. Ochig‘ini aytish kerak, tanilishimda “Boriga baraka” ko‘rsatuvining hissasi katta bo‘ldi. Ammo salomatligimni yaxshigina yo‘qotdim. Shanba kuni ko‘rsatuv syomka qilinsa, syomkadan keyin tinimsiz boshim og‘rirdi, — deydi Dilshod Mirzamurodov.
“Ismim bilan chaqirishlarini talab qilaman”
Bu aktyor xalq orasida turli laqablar bilan tanilgan. Ular aktyorning asl ism-sharifidan ham mashhurroq.
— Garri, G‘ayrat, Misha, Boriga baraka... Laqablarim juda ko‘p. Ular atayin tanlanmagan, shunchaki ijro etgan qahramonlarimning ismi yoki talaffuzi muxlislarga ma’qul kelib, meni shu nom bilan chaqirishgan. Hozir esa ismim bilan chaqirishlarini talab qilaman, — deydi Dilshod Mirzamurodov.
“Farzandlarim san’atkor bo‘lishini istamayman”
Aktyor shaxsiy hayoti va farzandlarining san’atkor bo‘lishini istamasligi haqida aytib o‘tgan.
— Ayolim shifokor, san’atdan butunlay yiroq soha bo‘lsa-da, eng asosiy tanqidchim hisoblanadi. Ba’zida uning gaplarini eshitib aktyor senmi yoki men deb qolaman. Farzandlarim ham san’atga begona emas, ammo ularning bu sohani egallashlarini istamayman. O‘g‘illarim harbiy, qizim esa shifokor bo‘lishini orzu qilaman. Boisi, harbiy sohani tamomlagan yigit, ishga joylashadi, qanchadir muddat ishlagandan keyin lavozimi ko‘tariladi. San’atda esa bunday emas. Eng yaxshi institutda o‘qib, tajriba orttirganda ham xalqqa manzur bo‘lmasligi mumkin. Ijodkor uchun eng yomoni “Bu aktyor” deb tanishtirilganda “Uzr tanimas ekanman”, degan gapni eshitish. Men bunday gapni 30 yoshimga qadar ko‘p marta eshitganman. Kulib tursam-da, ichim ado bo‘lardi, — deydi aktyor Dilshod Mirzamurodov.