date

Inson mohiyatini ochib beruvchi 3 multfilm

Inson mohiyatini ochib beruvchi 3 multfilm
Animatsion filmlar ko‘p hollarda bolalar uchun mo‘ljallangan, yengil, ko‘ngilochar asarlar sifatida qaraladi. Biroq ayrim multfilmlar bor-ki, ular nafaqat bolalarga, balki kattalarga ham hayotning eng muhim, eng murakkab savollarini eslatadi, falsafiy mushohadalarga undaydi. Quyidagi maqolada shunday uchta animatsion film haqida so‘z boradi, deb zamin.uz xabar berdi.

. Birinchi film — Pixar'ning mashhur falsafiy animatsiyasi "Ruh" (Soul). Film hayot mazmuni, orzular, taqdir va baxt tushunchalariga yangicha nazar bilan qaraydi. Asosiy qahramon Jo Gardner ismli musiqa o‘qituvchisi bo‘lib, u umri davomida sahnada jazz chalishni orzu qilib yashaydi. Nihoyat u ushbu orzusiga yaqinlashganida, kutilmaganda vafot etadi. Uning ruhi "hayotdan oldingi dunyo"ga tushib qoladi — bu yerda hali tug‘ilmagan ruhlar hayotga tayyorlanadi.

. Jo taqdirini qabul qilmaydi va orzusini amalga oshirish uchun Yerga qaytishga urinadi. Shu jarayonda u 22-raqamli ruh bilan uchrashadi. Bu ruh hali hayotga tayyor emas va yashashdan cho‘chiydi. Ularning sarguzashtlari davomida film chuqur savollarni ko‘taradi: insonning yagona katta maqsadi bo‘lishi shartmi? Agar bo‘lmasa, unda hayotning mazmuni bormi? Film shuni o‘rgatadiki, hayot faqat katta orzular emas, balki oddiy damlar, sokin lahzalar, kunlik quvonchlardan iborat.

. Ikkinchi film — "Boshqotirma" (Inside Out). Pixar tomonidan yaratilgan bu noyob animatsion film inson psixologiyasi va emotsional rivojlanishni chuqur tahlil qiladi. Film markazida 11 yoshli Rayli ismli qizaloqning ichki dunyosi tasvirlanadi. Uning ongidagi boshqaruv markazida 5 asosiy tuyg‘u mavjud: Quvonch, G‘am, Qo‘rquv, G‘azab va Nafrat. Oilasi yangi shaharga ko‘chib o‘tgach, bu tuyg‘ular orasida muvozanat yo‘qoladi.

. Film bizga shuni o‘rgatadiki, barcha his-tuyg‘ular muhim. Faqat quvonch emas, balki g‘am, qayg‘u, qo‘rquv ham hayotning bir bo‘lagi. Quvonch va g‘am bir-birisiz mavjud bo‘la olmaydi. Bu film o‘sish va kamolot faqat ijobiy hissiyotlar emas, balki to‘liq emotsional spektrni qamrab olganda ro‘y beradi, degan fikrni ilgari suradi.

. Uchinchi film — "Vall-I" (WALL·E). Pixar'ning ekologik va ijtimoiy mavzularni o‘rtaga qo‘ygan chuqur ma'noli animatsiyasi. Voqealar uzoq kelajakda bo‘lib o‘tadi. Yer chiqindilar bilan to‘lib, odamlar uni tark etgan. Sayyorada faqat kichkina robot — Vall-I qolgan. U har kuni chiqindilarni yig‘ib, tartibga keltiradi.

. Vall-I insoniy tuyg‘ularga ega, u yolg‘izlikni his qiladi, go‘zallikka intiladi. Uning hayoti sayyoraga yuborilgan zamonaviy robot — EVA kelgach butunlay o‘zgaradi. Ular o‘rtasidagi so‘zsiz, raqsga o‘xshash muloqot orqali film muhabbat, hayot va insoniylik haqida hikoya qiladi.

. "Vall-I" nafaqat muhabbat haqida, balki insoniyatning ekologik xatolari, texnologiyalarga qaramlik va iste'molchilik madaniyatini ham tanqid qiladi. Odamlar butkul passiv bo‘lib qolgan, harakat qilishni unutgan. Film savol beradi: texnologiya insoniyatni almashtira oladimi? Va umidni yo‘qotmasdan yana boshidan boshlash mumkinmi?

. Ushbu uch animatsion film bolalar uchun qiziqarli, kattalar uchun esa chinakam hayot darsidir. Ular qalb, his-tuyg‘u, ong va insoniylik haqida chuqur mulohazalarga chorlaydi va har birimizga o‘z hayotimizni boshqacha nigoh bilan ko‘rishga yordam beradi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Inson mohiyatini ochib beruvchi 3 multfilm