
Gollivudning mashhur aktrisasi va rejissyori Anjelina Joli Ukrainaga insonparvarlik tashrifi bilan yetib keldi. Bu haqda mamlakat ommaviy axborot vositalari ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, u Xerson shahridagi tibbiyot muassasalariga borib, u yerdagi shifokorlar va bemorlar bilan suhbatlashgan. Jolining tashrifi UNICEF tashkilotining “ezgu niyat elchisi” sifatida amalga oshirilayotgan missiya doirasida bo‘lib o‘tgan.
Manbalarning ta’kidlashicha, aktrisa Xersonga borish yo‘lida Nikolayev viloyatidagi harbiy chaqiruv bo‘limiga ham kirib o‘tgan. Buning sababi — uning ukrainalik qo‘riqchisi vaqtinchalik ushlab turilgani bilan bog‘liq bo‘lgan.
Joli Ukrainaga birinchi marta kelayotgani yo‘q. U 2022-yil aprel oyida ham Lvov shahrida bo‘lib, u yerda urushdan jabr ko‘rgan bolalar bilan uchrashgan va qochqinlar markaziga tashrif buyurgandi.
Aktrisaning Xersonga safari urush ta’sirida qolgan hududlarda aholiga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish, jahon jamoatchiligining e’tiborini Ukrainadagi insonparvarlik inqiroziga qaratish maqsadida tashkil etilgan.
Kuzatuvchilarning fikricha, Joli bu safar orqali nafaqat tibbiyot sohasi xodimlariga ma’naviy rag‘bat berdi, balki Ukraina aholisiga dunyo hamjihatligini yana bir bor namoyon etdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!