
O‘zbekistonlik xonanda Madina Bonu Adilova xalqaro vokal televizion loyihasi Silk Way Star finalida ikkinchi o‘rinni egalladi. Final bosqichi 23 noyabr kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tdi.
Ushbu loyiha Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jo‘mart Toqayev va Xitoy Xalq Respublikasi rahbari Si Szinpin tomonidan imzolangan kelishuv asosida amalga oshirilgan birinchi yirik Xitoy-Qozog‘iston media-tashabbusi hisoblanadi. Musobaqa dastlab 12 davlat vakillarini o‘z ichiga olgan bo‘lsa, final bosqichiga faqat yetti ijrochi yetib keldi.
Tomoshabinlar tomonidan 508,2 ming ovoz berildi. Natijalarga ko‘ra, Madina Bonu Adilova 85,4 ming ovoz bilan ikkinchi o‘rinni egalladi.
Birinchi o‘rin esa 112,2 ming ovoz bilan mo‘g‘ulistonlik Mishel Jozefga nasib etdi. Uchinchi o‘rin Xitoy vakili Chjan Xe Syuan (73,6 ming ovoz), undan keyin Malayziyalik Yazmin Aziz (73,6 ming ovoz) va Armanistonlik Saro Gevorgyan (73,1 ming ovoz) o‘rinlarni egallashdi.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.