Critics Choice Awards 2026: asosiy sovrinlar “Bitva za bitvoy”ga nasib etdi

2026 yil 5 yanvarga o‘tar kechasi kinematografiya olamidagi nufuzli tadbirlardan biri — Critics Choice Awards 2026 taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu kechaning eng katta g‘olibi sifatida “Bitva za bitvoy” filmi e’tirof etildi. Kartina darhol uchta asosiy yo‘nalishda — eng yaxshi film, eng yaxshi rejissura hamda eng yaxshi moslashtirilgan ssenariy nominatsiyalarida g‘alaba qozonib, marosim markaziga aylandi.
Sovrinlar soni bo‘yicha esa “Frankenshteyn” va “Greshniki” filmlari yetakchi bo‘ldi. Har ikki kartina to‘rttadan haykalchaga sazovor bo‘ldi. Shunga qaramasdan, eng nufuzli va asosiy toifalardagi mukofotlar aynan “Bitva za bitvoy” ijodkorlariga nasib etdi.
Yilning eng yaxshi rejissyori sifatida Pol Tomas Anderson tan olindi. Uning ishi hakamlar hay’ati tomonidan yuqori baholandi. Eng yaxshi erkak roli uchun mukofot “Marti Velikolepniy” filmidagi ijrosi bilan Timoti Shalame qo‘liga topshirildi. Aktrisalar o‘rtasida esa “Gamnet” filmidagi roli uchun Jessi Bakli g‘olib deb topildi. Ushbu film Xloi Chjao tomonidan suratga olingani bilan ham alohida e’tiborga tushdi.
Ikkinchi darajali rollar bo‘yicha mukofotlar ham o‘z egalariga yetdi. Erkak rolda Jeykob Elordi (“Frankenshteyn”), ayol rolda esa Emi Medigan (“Orudiya”) hakamlar e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Seriallar yo‘nalishida eng yorqin natijani “Perexodniy vozrast” mini-seriali qayd etdi. U to‘rtta mukofotni qo‘lga kiritib, jumladan, mini-serial formatidagi eng yaxshi rollar nominatsiyalarida ham g‘alaba qozondi. Eng yaxshi dramatik serial sifatida “Bolnitsa Pitt”, eng yaxshi komedik serial sifatida esa “Kinostudiya” tan olindi.
Xorijiy tildagi eng yaxshi serial deb “Igra v kalmara” e’tirof etilgan bo‘lsa, animatsion yo‘nalishda “Yujniy park” g‘olib bo‘ldi.
Qayd etish joizki, Critics Choice Awards kino va seriallar mavsumidagi eng muhim marosimlardan biri hisoblanadi. U ko‘p hollarda “Oskar” taqdirlash marosimi oldidan asosiy favoritlarni aniqlab beruvchi ishonchli mezon sifatida qaraladi. Shu bois, bu yilgi natijalar ham kino muxlislari va mutaxassislar tomonidan katta qiziqish bilan kuzatildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!