11 402
Asal Shodiyevani yig‘latgan film va hayotidagi eng ahmaqona ishi haqida (Eksklyuziv)
O‘g‘il bolalar bilan teppa-teng olishadigan, biror kim singlisini xafa qilgudek bo‘lsa, boplab ta’zirini berib qo‘yishni eplagan qizaloq 13 yoshida bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan musiqa ko‘rik tanlovida ishtirok etdi-yu, o‘zgardi. Vazminlik paydo bo‘ldi unda. 7 yoshida «Muhabbat sinovlari» filmida epizod rol ijro qilgan suhbatdoshimiz o‘n to‘rtga to‘lgach, «Jannat qaydadir?» kartinasida suratga tushdi va kino olamining asirasiga aylandi. Shu-shu Asal ShODIEVA aktrisa! Salqin yoz oqshomida suhbatdoshim bilan dildan gurunglashdik.
– Bilishimcha, s’yomkadan qaytayapsiz?
– Ha, bugun kichik bir ko‘rsatuvning tasvirga olish ishlari bilan band bo‘ldim.
– Shohruxxon bilan birgalikda klipda suratga tushayapsiz, deb eshitdik? Narimon Sultonxo‘jaev rejissyorlik qilayotgan ekan...
– Yo‘q, bu klip emas. Yangi loyiha ham deb bo‘lmaydi. Hozircha sir bo‘la qolsin.
– Sizni “kamgap aktrisa” deyishadi. Nahot shu rost bo‘lsa?
– (kulib) Chindanam kamgapman. Intervyularda biroz qiynalaman. Qarshimda kamera turganini ko‘rsam, hayajonim yanada ortadi.
– Haligacha hammi?
– Ha…
– Qiziq, u holda ekrandagi shaddod Asal kim bo‘ldi?
– Suratga olish maydonchasida shu qadar erkinmanki, go‘yo qanot yozib uchaman. Hech kimdan uyalmayman, berilgan rolni bemalol ijro qilolaman. Ammo katta davralarga tushib qolsam, teleko‘rsatuvlar yoki suhbatlarga chaqirishsa, hayajonlana boshlayman. Menga berilgan savolga o‘ylab, fikrlab, kimnidir ranjitib qo‘ymaydigan tarzda javob berishim ancha vaqtni talab qiladi. Men bilan bo‘ladigan intervyular zerikarli, nazarimda. Shu taraflarini o‘ylab, ko‘pincha suhbatlarni rad etaman.
– Gap bu yoqda deng?
– Ha!
– Yosh xonanda va aktyor Jahongir To‘lqunov bilan partnyorlikda «Qaysar oshiqlar» filmida suratga tushdingiz. Ko‘nglingiz to‘ldimi?
– Mening bir odatim bor, qahramonimning dialoglarini o‘zimga moslab o‘zgartiraman. «Qaysar oshiqlar»da ham rolimdan kelib chiqib, shunday qildim. Bu filmni yanada boyitdi, fikrimcha. Partnyorim — Jahongir To‘lqunov debyutant aktyor. O‘z fikr-mulohazalarim bilan o‘rtoqlashib, kartinaning yanada mazmunli chiqishiga hissa qo‘sha oldim, deb o‘ylayman.
– Ssenariy g‘oyasida biror yangilikni ko‘rmadim?
– ...bu masalada film rejissyorlariga murojaat qilganingiz ma’qul. Rolim menga ma’qul keldi, ssenariy ham chakki emasdi, chamamda.
– Men sayoz deyotganim yo‘q, shunchaki real hayotdan salgina uzoqroq?
– Rostini aytsam, o‘lim mavzusi ko‘tarilgan filmlarni unchalik yoqtirmayman. Lekin aksariyat kartinalarda aynan shu holatga urg‘u berishadi. «Qaysar oshiqlar» aktyor Sherzod Binning birinchi rejissyorlik ishi. Yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash kerak-ku axir, keling, kartinadagi xato va kamchiliklarni kechira qolaylik.
– Yaxshi. Filmga taklif qilishganida aynan qaysi holatlarni hisobga olasiz?
– Birinchi o‘rinda film ssenariysi va undagi g‘oya bilan tanishaman. Albatta, ijodiy jamoa ham muhim. Bilasizmi, ba’zan taniqli rejissyorlar suratga olgan kartinalar kutilgan natijani bermaydi. Aksincha debyutant ijodkorlar tomonidan ishlanganlari kutilmaganda ommalashadi. Menimcha, asarning omadli chiqishi ko‘proq ijodiy guruh ishiga bog‘liq.
– Seriallarda ham suratga tushayapsiz?..
– Hozircha faqat bitta serialda ishtirok etdim: «Saodat».
– Mazkur serialda jurnalist qiz obrazini gavdalantirgansiz. «Majnun»da ham ommaviy axborot vositalari xodimi rolida ko‘rdik sizni. Ehtimol televidenie sohasida sinab ko‘rarsiz o‘zingizni?
– (kulib) Yo‘-o‘-q, mendan jurnalist chiqmaydi. Suhbatdoshimning ishonchiga kirib, so‘ng undagi yashirin qobiliyat bo‘ladimi yoki dardimi, uni ochib bera olishim... yo‘q, qiynalib ketsam kerak. Ayrim jurnalistlar gap bilan ayamay «savalashadi», men bunday qilolmayman. Menga ko‘proq «Majnun»dagi vijdon amriga bo‘ysunadigan jurnalist yaqinroq. U bir paytlari afsonaviy futbolchi deya nom taratgan sportchining ichki olamiga kira oldi, ammo unga inson sifatida yondashdi. Shov-shuv ob’ektidek emas. Qolaversa, biz san’atkorlar juda ta’sirchanmiz, kezi kelganida qattiqroq so‘zlash talab qilinsa, uddalay olmasligimiz aniq. Shunga ham televidenie sohasini xayol qilmayman.
– Dilozorlikdan juda qo‘rqar ekansiz, to‘g‘ri topdimmi?
– Ha! Kimnidir ranjitsangiz, diliga ozor bersangiz, erta bir kun bu ishingiz o‘zingizga qaytadi. Agar sizni chetlab o‘tsa, yaqinlaringiz, farzandlaringiz jabr ko‘rishlari mumkin. Hech bir narsa javobsiz qolmaydi. «Bumerang» qonuni bu!
– Sizni ranjitsalar-chi, kechirishingiz osonmi?
– Bugun muhim tuyulgan voqealar ertaga dolzarbligini yo‘qotishi mumkin. Kimdandir xafa bo‘lasiz, kayfiyatingiz buziladi, ammo vaqt o‘tishi bilan tushunasizki, bu siz uchun u qadar ahamiyatli emas. Hayot davom etadi!
– Muxlislaringiz to‘ydan so‘ng ijodiy tanaffus qilganingizni aytishayapti?..
– Bu tabiiy hol. Ayollar meni yaxshi tushunishadi, kelin bo‘lib tushgan xonadoningizga ko‘nikish, shu barobarida o‘zingizni yo‘qotib qo‘ymaslik oson emas. To‘yimiz bo‘lganiga bir yil bo‘lib qoldi, kelinlik vazifalariga moslashib, mana endi, yana kinoga qaytayapman.
– Qaynonangiz Zebo Navro‘zovani rejissyor sifatida yaxshi bilamiz. Yaqinda serial suratga oldilar-a?
– Sitkom edi.
– Siz ham ishtirok etdingizmi sitkomda?
– Turmush o‘rtog‘im bilan qatnashishimiz kerak edi, asli, ammo o‘sha paytlari vaqt salgina muammo bo‘lib, s’yomkaga ulgura olmadik. Nasib qilsa, keyingilarida qatnashamiz.
– Yaqinda bo‘lib o‘tgan «Barkamol avlod» festivalida qo‘shiq kuylab chiqdingiz. Xonandalikka qaytayapsizmi?
– Hozircha bu haqida o‘ylamayapman. Bor diqqat-e’tiborim kinoga qaratilgan. Agar har ikkisini baravar olib boraman desam, uddalay olmasligim mumkin. Bir tarafda oilamga ham vaqt ajratishim kerak.
– Kinoaktyor-aktrisalarining ayrimlari bugun teatrda ijod qilishayapti. Sizga ham taklif bo‘ldimi?
– To‘y arafasida aytishgandi, teatrga kelib ko‘ring deb, ammo u paytlari tayyorgarlik ishlari bilan bandligim, qolaversa, keyinchalik barchasini baravar olib borishga qiynalishim mumkinligini o‘ylab rad etdim. Balki kelgusida teatrda ijod qilarman.
– Asal, teatr sahnasida ko‘ra oladimi o‘zini?
– Ha! Men rol ajratmayman, ijobiy qahramonlar qatorida, salbiylari, masalan, yalmog‘iz kampirni berishsa ham ijro qilaveraman. «O‘tkan kunlar» spektaklida Zaynabni o‘ynayotganimni tasavvur qilaman ko‘pincha. Bu qahramonning ichki kechinmalarini ifodalash mushkul. Alamzadalik, nafrat, norozilik, yoshgina qiz boshiga tushgan tashvishlar, albatta, uni esankiratib qo‘yadi va u bilmay xatoga qo‘l uradi. Lekin uni tushunish kerak, baribir. «Anna Karenina»da ham shunday, u o‘z-o‘zi bilan kurashadi.
– Bir qancha rejissyorlar bilan ishladingiz, sanab berolasizmi qay biridan nimani o‘rganganingizni?
– Operator Rustam Murodov suratga olingan lavhani tomosha qilish kerak emasligini o‘rgatdi. Ko‘pincha «Ko‘rsam maylimi» derdim-da, keyin albatta, biror nimasi ma’qul kelmasdi. Mirmaqsud Oxunov «Tasavvur qil, hozir mana bu holatdasan, uni his qil», deb tushuntirardi. Jahongir Ahmedov nigohlarimni erga qaratmasligim kerakligini uqtirgan. Aytishicha, ko‘zlarimni kameradan olib qochar ekanman. Ravil Batirovdan esa yaxshi filmlar tomosha qilishni o‘rgatgani, menda kinomatografiyaga mehr uyg‘ota olgani uchun minnatdorman. Kimdandir tartibni o‘rgandim, kimdir hissiyotlar bilan ishlashni anglatdi. Umuman, har doim o‘zim uchun nimadir olishga harakat qilaman.
– Jahonga mashhur rejissyorlar orasida bormi siz ishlashni istaganlaringiz?
– Vinsant Kassel, Martiz Korsez filmlariga havas qilaman. Bizning o‘zbek filmlarimiz Kann xalqaro kino festivalida qatnashsa, deyman.
– Biz ham siz uchun niyat qilib qolamiz, keyingi uchrashuvimiz xorijlik rejissyorlar taklifi asosida suratga olinayotgan film bahonasida bo‘lib o‘tsin!
– Aytganingiz kelsin!
Blis:
– Eng ahmoqona ishingiz?
– (kulib) Bunaqa holatlar ko‘p bo‘ladi, biror nima qilaman-da, keyin nega shunday qildim-a, deb qolaman.
– Eng birinchi gonoraringizni nimaga sarflagansiz?
– «Jannat qaydadir» filmidagi ishtirokim uchun 400 000 so‘m gonorar berishgan va men uni onamga topshirganman.
– Eng sodiq muxlisangiz u kim?
– Rostini aytsam, bundayini uchratganim yo‘q hali.
– Intervyumizdan so‘ng muxlisangizning o‘zi sizni izlab topib, mana men borman deydi, ko‘rasiz.
– Balkim.
– Irimchimisiz?
– Salgina.
– Sizni yig‘latgan film?
– Shohruxxon ishtirokidagi «Fanat» filmi bo‘ldi. Turmush o‘rtog‘im bilan kartina oxirini tomosha qilib, g‘alati holatga tushib qoldik. Juda ta’sirli.
– Tasavvur qiling, sehrli ruchkangiz bor, ammo uning yordamida faqat bitta so‘zni yoza olasiz?..
– Hayot! Oilam, onajonim, yaqinlarim, ijodim — barchasi jam bo‘lgan so‘z bu!
Dildora YuSUFBEKOVA suhbatlashdi
Manba: Darakchi.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...