
Dunyo fan jamoatchiligi yana bir buyuk shaxsni yo‘qotdi. DNK tuzilishini kashf etgan, Nobel mukofoti sohibi amerikalik biolog Jeyms Uotson 97 yoshida olamdan o‘tdi, deb xabar berdi “The New York Times”.
Ma’lumotlarga ko‘ra, u Nyu-Yorkdagi hospisda vafot etgan. Olimning o‘g‘li otasining vafotini rasman tasdiqlagan.
Jeyms Uotson britaniyalik biofizik Frensis Krik bilan birga 1953-yilda ilk bor DNKning ikki spiralli tuzilishini aniqlab, insoniyat tarixidagi eng muhim kashfiyotlardan birini amalga oshirgan. Bu uchun u 1962-yilda Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Uotson 1990-yilda “Inson genomi” loyihasini boshqarib, DNK xaritasini yaratishda muhim rol o‘ynagan. Olim biologiya va genetika sohasida ulkan ilmiy meros qoldirdi.
Biroq 2019-yilda irqiy tafovutlar haqidagi bahsli so‘zlari sababli u barcha faxriy unvonlaridan mahrum qilingan edi.
Jeyms Uotson zamonaviy genetikaning asoschisi sifatida ilm-fan tarixida abadiy qoladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!